» » Toshkentda topilgan xazina haqidagi ma’lumotlarning oshkor etilmasligi ortida kim turibdi?

Toshkentda topilgan xazina haqidagi ma’lumotlarning oshkor etilmasligi ortida kim turibdi?


Bir necha kun avval, Toshkent markazidagi eski binolarning yerto‘lasida 80 yil avval yo‘qolgan va million AQSh dollaridan ortiq qiymatga ega xazina topilgani haqida xabar tarqaldi.

Xorij OAVlari, noyob san’at asarlari, oltin hamda kumush quymalar, oltin, kumush tanga va idishlar, qadimiy suratlar, ikonalar, qimmatli metalldan yasalgan buyumlar Toshkentdagi knyaz Romanov saroyida olib borilgan qidiruv vaqtida bino yerto‘lasida topilgani haqida ma’lum qilishgan.

Avvalari knyaz Romanovning Toshkentdagi saroyi Tashqi ishlar vazirligi tasarrufida bo‘lib, Qabullar uyi sifatida foydalanilgan. Vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga Romanovning saroyi bundan bir yil avval Toshkent shahar hokimiyati balansiga o‘tkazilgani haqida ma’lum qilgan.

Toshkent shahar hokimiyatidagi manbalarimiz Romanovning saroyida hech qanday qidiruv ishlari bajarilmagani, bundan tashqari, qidiruv ishlarini bajarishga ruxsat berilmagani haqida aytmoqda.

Buning ustiga, knyaz Romanovning Toshkentdagi saroyi 1891-yilda qurilgan. “Kun.uz” nashri esa, xazina 1870-yilda qurilgan xarobaning yerto‘lasidan topilgani haqida xabar qilgan.

Xabarlarda qidiruv ishlari O‘zFAning tarix va arxeologiya sohasidagi akademik ekspertlar guruhi bilan davom ettirilayotgani ma’lum qilingan. Biroq, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Daryo”ga xazina bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bilan shug‘ullanmayotganini ma’lum qilgan.

“Fanlar akademiyasi bu masala bilan shug‘ullanishmayapti. Hozir ma’lumotni o‘rganmoqdamiz, chunki bunday xabar bir yil avval ham bo‘lgandi”, – deb ma’lum qildi Fanlar akademiyasi matbuot xizmati.

Biz Muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasi rahbari Shahlo Abdullayeva bilan bog‘lanib, topilmalarning aniq soni, nomi va qiymati haqida ma’lumot olishga harakat qildik.

“Topilmalar borasida hech qanday aniq ma’lumotlar yo‘q. Xazina haqida na Fanlar akademiyasi, na Milliy Universitet rahbariyatining xabari bor. Ular aslida borligi ham shubhali. Bir yil avvalgi xabarlar, yana tarqagan bo‘lishi mumkin”, – dedi Shahlo Abdullayeva.

Toshkent markazida topilgan xazina haqida Milliy universitetning kimyo fakulteti 4-kurs talabasi, Universitet muzeyi ilmiy xodimi Muhammadbobur Yusupov ma’lum qilgan. Biroq, biz Muhammadbobur bilan bog‘langanimizda, u xazina borasida izoh berishdan bosh tortib, bu masalada yaqin vaqt ichida matbuot anjumani tashkil qilinib, Universitet rasmiylari tomonidan bayonot berilishini ma’lum qilgan.

Topilmalar Milliy universitet muzeyidaligi, ba’zilari restavratsiya uchun maxsus laboratoriyaga topshirilgani aytilmoqda.

Muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasi rahbari Shahlo Abdullayevaga Milliy universitet muzeyi davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, uning huquqiy mavqei yo‘qligini ma’lum qilgan.

“Universitet muzeyi davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Uning huquqiy mavqei yo‘q. Muzey deb aytish ham noto‘g‘ri”, – degan Shahlo Abdullayeva.

Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘laganimizda, mazkur topilmalar bo‘yicha Milliy universitetning Tarix fakultetida maxsus kommisiya tuzilib, tekshiruv xulosalariga ko‘ra, universitet rasmiy bayonot bilan chiqishini ma’lum qilgan. Biroq rasmiy bayonot qachon bo‘lishi noaniq.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xazina aslida Milliy Universitetning yerto‘lasidan topilgan. Bu haqda “Daryo”ga universitetdagi manbalari ma’lum qilgan.

Universitet yerto‘lasiga bir million AQSh dollariga baholangan xazina bundan 80 yil avval noma’lum sabablarga ko‘ra berkitilib, hech qayerda qaydlar qilinmaganligi sabab, unutilgan.

“Daryo” vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-01-2019, 20:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 90) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют