» » Buxorodagi maqbaradan o‘g‘irlab ketilib, Britaniyada sotuvga qo‘yilgan noyob koshin o‘z joyiga qaytariladi

Buxorodagi maqbaradan o‘g‘irlab ketilib, Britaniyada sotuvga qo‘yilgan noyob koshin o‘z joyiga qaytariladi


Vobkentdagi “Chashmai Ayyub” maqbarasi peshtoqidan bundan 8 yil avval o‘g‘irlab ketilgan noyob koshin o‘z joyiga qaytariladi, deb yozadi O‘zA.

Ushbu yodgorlikning “Chashmai Ayyub” deb nomlanishining o‘zi ham bir tarix. Bu yerda zamin ostidan chiqqan shifobaxsh chashma ulug‘lanib, mashhur payg‘ambar Ayyub alayhissalom nomi bilan bog‘langan. Rivoyatlarga ko‘ra, Ayyub alayhissalom Buxoroga kelgan. U muborak zot hassasini qayerga ursalar, shu yerdan buloq otilib chiqqan ekan. Mazkur chashmaga ham u kishining hassasi tekkan joy sifatida nisbat beriladi.

“Chashmai Ayyub” maqbarasida milodiy 1017-yilda vafot etgan hadisshunos olim Abu Sa’d al-Xarjushiy dafn etilgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu maqbara yaqinida masjid va darveshlar xonaqosi ham bo‘lgan. Yodgorlik atrofidagi qabriston keyinchalik xalqning u kishiga yuksak e’tiqodi tufayli yuzaga kelgan.

Maqbara asrlar davomida qanchadan-qancha talon-toroj, to‘s-to‘polonlarni boshdan kechirgan. Ayniqsa, mustabid sho‘rolar davrida butkul unutilib, e’tiborsiz qoldirilganligi bois tashlandiq holga kelib qolgandi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan 800 yillik tarixiy davr “Chashmai Ayyub”ning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Yodgorlikning faqat peshtoq qismi hamda unga tutash devorning bir bo‘lagi bizgacha yetib kelgan, xolos.

Mazkur noyob obida peshtoqiga bitilgan muqaddas yozuvning bir parchasi bundan 8 yil muqaddam bir guruh kimsalar tomonidan ta’mirlash ishlari bahonasida o‘g‘irlab ketilgan.

O‘tgan vaqt ichida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari mazkur o‘g‘irlab ketilgan koshinni topish va aybdorlarni jazoga tortish yuzasidan tegishli tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirdi. Natijada jinoyatchilar ushlanib, odil sudlovga tortildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2011-yilning yoz oylarida Z.G. tomonidan yollangan ishchilar yordamida yodgorlik peshtoqidagi “Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: Avvallari sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Bas, endi ularni ziyorat qilaveringlar. Bu imorat hijriy olti yuz beshinchi yili qad rostlagan”, deya arab yozuvida bitilgan hikmatli jumlaning “olti yuz beshinchi” raqami bitilgan koshin bo‘lagi o‘g‘irlanib, yodgorlikka shikast yetkazilgan. Uni qayta restavratsiya qilish bahonasida, o‘g‘irlik ekanini sezdirmay, Toshkent shahriga olib kelishgan va koshin bo‘lagi A.A.ga berilgan.

Shundan so‘ng koshinni turkiyalik (kimligini aniqlashning imkoni bo‘lmagan) shaxsga sotish uchun “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasida bort kuzatuvchisi bo‘lib ishlagan I.A. bilan jinoiy til biriktirib, qonun hujjatlarini buzgan holda mamlakat hududidan olib chiqgan.

“Chashmai Ayyub” yodgorligining o‘g‘irlab ketilgan koshin bo‘lagi Germaniya Federativ Respublikasi orqali Buyuk Britaniyaning Mayfair galereyasida 2017-yilda sotuvga qo‘yiladi. O‘zbekiston Respublikasi hukumatining aralashuvi bilan koshin bo‘lagi respublikaga qaytarildi. Ayni paytda koshin O‘zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanmoqda. Yaqin kunlar ichida “jahongashta” koshinni Vobkentga olib kelib, o‘z joyiga qo‘yish rejalashtirilgan.

“Chashmai Ayyub” maqbarasi va unga tutash ko‘hna qabriston hududida “Adolat” SDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Qodir Jo‘rayevning mazkur obida atrofini obodonlashtirish hamda uni respublikadagi turistik marshrutlar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida mutasaddi tashkilotlarga yuborgan deputatlik so‘rovi asosida 2017—2018-yillarda maqbara va unga tutash hududlarda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi esa yaqin orada ushbu obidani mamlakatning turistik manzilgohlari ro‘yxatiga kiritishni rejalashtirmoqda.

YuNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi va Madaniyat vazirligi tomonidan mazkur obidani “Buyuk Ipak yo‘li durdonalari” deb nomlangan katta loyihaning tarkibiy qismi sifatida YuNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (25-01-2019, 22:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 72) ( 0) ( 70) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют