» » O‘zbekistonda ko‘p tarmoqli Humo Arena muz saroyi qachon ishga tushadi?

O‘zbekistonda ko‘p tarmoqli Humo Arena muz saroyi qachon ishga tushadi?


Bugun O‘zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylangan. Poytaxtning qoq markazida qurilayotgan ko‘p tarmoqli Humo muz saroyi zamonaviy inshootlar barpo etilayotgan maskanlardan biridir, deb yozadi O‘zA.

O‘zbekistondagi birinchi muz saroyi

O‘zbekistondagi birinchi muz saroyi 1970-yilda barpo etilgan bo‘lib, “Yubileyniy” nomi bilan yuritilgan bu maskanda Toshkentning “Binokor” xokkey jamoasi hamda figurali uchish ustalari mashg‘ulotlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan. “Binokor” jamoasi esa xokkey bo‘yicha Sobiq Ittifoq birinchiliklarida ishtirok etgan, O‘zbekistondan o‘sha yillari ajoyib figurali uchish ustalari yetishib chiqqan. Afsuski o‘tgan asrning 90-yillarida ushbu maskan egasiz va qarovsiz holatda qoldi. Shundan so‘ng faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Qurilish ishlari qay darajada?

O‘zbekistonda ko‘p tarmoqli Humo muz saroyini barpo etish g‘oyasi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevga tegishli bo‘lib, majmuani qurish ishlari 2017-yilning yanvar oyidan boshlangan. Bugungi kunda ko‘p tarmoqli Humo muz saroyida qariyb 80—85 foizlik ishlar bajarib bo‘lingan. Agar hammasi risoladagidek ketadigan bo‘lsa, quruvchilar ushbu muhtasham sport majmuasini bahorning ilk oyida foydalanishga topshirishi kutilmoqda. Shu maqsadda majmuada 300 ga yaqin ishchi ikki smenada mehnat qilmoqda.

Aslida loyihani 2018-yilning oxirida yakunlash rejalashtirilgan edi. Biroq, ba’zi sabablarga ko‘ra qurilish ishlari cho‘zilmoqda. Muhimi — quruvchilar shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib, “mendan ketguncha, egasiga yetguncha”, qabilida ish yuritib, inshootni sifatsiz holda foydalanishga topshirishga intilmayapti, aksincha, har jihatdan pishiq va asosiysi xalqaro talablarga javob beradigan qilib qurishga harakat qilmoqda.

Nega majmua Humo deb nomlandi?

Loyihachilar inshoot dizaynini yaratishda o‘zbek xalq ertaklaridagi sevgi-muhabbat, baxt va hurlik ramzi — Humo qushiga e’tibor qaratishgan. Loyihaga ko‘ra sayohat yo‘lakchalari dizayni Humo qushining qanotlariga o‘xshatib quriladi. Yuqoridan qaraganda majmua shu afsonaviy qushni eslatib yuboradi. Shu bois ko‘p tarmoqli muz saroyiga Humo Arena nomi berildi.

Muz saroyida yana qaysi sport turlari o‘ynalishi mumkin?

Savol tug‘ilishi mumkin: nega majmua ko‘p tarmoqli Humo Arena muz saroyi, deb nomlangan? Majmuaning bosh arenasi qishki sport turlaridan bo‘lmish xokkey, figurali uchish, short-trek, kyorling bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan. Bu sport turlari muz ustida o‘ynaladi. Shu bilan birga ushbu arenada sportning basketbol, voleybol, gandbol, futzal, qolaversa boks va taekvondo yo‘nalishlari bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazish mumkin. Muz ustida bu sport turlari qanday o‘ynalishi sizni taajjublantirayotgan bo‘lishi tabiiy. Ajablanishga hojat yo‘q, buning yo‘li juda oson. Muz maydoni ustiga maxsus qoplama, ya’ni gilamga o‘xshash mato to‘shaladi. U muzga shikast yetishining oldini oladi. Keyin esa maydon ustiga o‘yin turlari uchun maxsus parket, boks uchun ring yoki taekvondo dayanini to‘shash hamda musobaqani o‘tkazish mumkin. Qolaversa xuddi shu usulda konsert sahnasi qurish va tomosha ko‘rsatish imkoniyati ham mavjud. Shuning uchun ham majmua ko‘p tarmoqli muz saroyi, deb yuritiladi.

Humo Arena’ning imkoniyatlari

Majmuaning bosh arenasi 12 500 tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Shuningdek, bu majmuada 300 o‘ringa mo‘ljallangan kichik arena, ya’ni mashg‘ulotlar maydoni ham barpo etiladi. Kichik arena asosan qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan. Darvoqe, har ikki muz maydonining o‘lchamlari 60?30 metrni tashkil qilib, bu Olimpiya talablariga to‘liq javob beradi.

Ko‘p tarmoqli Humo Arena muz saroyi yer ostida bitta va yer ustida oltita qavatdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 82 250 metr kvadratga teng. Binoning balandligi esa 40 metrni tashkil etadi. Majmuaning yer osti qavatidan ishchi-xodimlar uchun yechinish va yuvinish xonalari o‘rin oladi. Ushbu majmua o‘z ichiga sport muzeyi, trenajyor zallari, fitnes-markazni ham qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, majmuada tomoshabinlar uchun barcha qulayliklar muhayyo etiladi. Bu yerga kelgan fuqarolar yoki xorijlik mehmonlar uchun sport do‘koni, yopiq bolalar maydonchasi, bufet va restoranlar, tibbiyot xonalari, hojatxonalar xizmat ko‘rsatadi. Shuni ta’kidlash joiz, umumiy xizmat ko‘rsatish maskanlari har bir qavatda barpo etiladi.

Yana bir e’tiborga molik jihat, ko‘p tarmoqli Humo Arena muz saroyiga shaxsiy avtoulovida keladigan mehmonlar mashinasini qayerga joylashtirish borasida g‘am chekishiga hojat yo‘q, chunki bu yerda qariyb 1 500 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh ham barpo etiladi.

Sir emaski, O‘zbekistonda yilning aksariyat paytida havo issiq bo‘ladi, ayniqsa yozning jaziramasida harorat qariyb 50 darajaga ko‘tariladi. Xo‘sh, bunday paytda Humo Arena muz maydoni muzli qoplama qanday ushlab turiladi? Ma’lumki, suv 0 darajada muzlaydi, uning yanada jipslashishi uchun esa harorat 0 darajadan past bo‘lishi kerak. Ushbu majmuada muz qoplamasi erib ketmasligi uchun havo harorati -6 daraja atrofida ushlab turiladi.

Xorijiy hamkorlar borasida

Ko‘p tarmoqli Humo Arena muz saroyi qurilishida o‘ndan ortiq xorijiy firma va kompaniyalar bilan hamkorlik qilinmoqda. Jumladan, majmuaning muz maydonini qurish ishlariga Proftexnology kompaniyasi mas’ul sanalsa, binoning fasad qismi Germaniyaning Zambila kompaniyasi tomonidan barpo qilinmoqda. Shuningdek, bino qurilishida dunyoga mashhur Avstriyaning Oberhofer, Rossiyaning “Brig” hamda “Pi Arena”, Ispaniyaning Euro Seating kabi kompaniya va firmalari o‘z xizmat turlari bilan qatnashmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-01-2019, 20:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 120) ( 0) ( 118) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют