» » “Davlat mablag‘ini boshqa muammolarga sarflashsin”. Izboskanlik tadbirkorlar nimadan norozi?

“Davlat mablag‘ini boshqa muammolarga sarflashsin”. Izboskanlik tadbirkorlar nimadan norozi?


Tahririyatimizga Andijon viloyatidan kelgan navbatdagi murojaat egalari Izboskan tuman dehqon bozorida savdo qiluvchi bir guruh yurtdoshlarimiz bo‘ldi. Ularning bizga yo‘llagan xatida yozilishicha, zamonaviy rastalar va supermarket bunyod etish maqsadida 2011–2013-yillarda tadbirkorlarning shaxsiy mablag‘lari evaziga qurilgan zamonaviy savdo do‘konlari va rastalari buzilmoqda. Bu esa ro‘zg‘or tashvishida kunini ushbu bozorda o‘tkazib, tirikchilik qilayotgan yuzlab kishilarda norozilik kayfiyatini uyg‘otgan. “Daryo” muxbiri mazkur holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borish uchun ushbu tumanda bo‘ldi.

Ushbu vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida tuman dehqon bozori darvozasidan xatlar ekanmiz, chindan rastalarning buzilayotganiga ko‘zimiz tushdi.

Bizga murojaat qilgan sotuvchilarga qo‘shilib, yana ko‘plab shu yerda mehnat qilib, qozon tebratayotgan izboskanliklar ham ko‘nglidagi gaplarni aytdi.

— Mazkur savdo do‘konlarining birida oilaviy faoliyat yuritamiz. Yangi qurilish jarayoniga qarshiligimizning sababi shuki, 2011–2013-yillarda chala qurib bitkazilgan mazkur do‘kon va rastalar biz tadbirkorlarning o‘z mablag‘i evaziga bunyod etilgan. Barchamiz yonimizdan million–million pulni o‘rtada yig‘ganmiz. Davlat budjetidan bir so‘m ham ishlatilmagan. 2017-yili yana shaxsiy mablag‘larimizdan asfalt qildirdik. Agar bu yerlar eski, yaroqsiz holatda bo‘lganida jon deb bunyodkorlik ishlaridan quvonardik. Qurilishiga hech qancha vaqt bo‘lmagan rasta va do‘konlarni buzishlarini ko‘rib, mehnatimizga achinyapmiz. Biz ham pulni yerdan supurib olmaymiz. Xaridor ko‘ngliga yo‘l topib, uning pulini halollab olishni faqatgina savdogarlar biladi xolos. Agar bozor qurilishi davlat dasturiga kiritilgan bo‘lsa, supermarketni ikkita qarovsiz yotgan buyum bozoriga qurishsin. O‘zi bizga supermarket kerak emas. Tuman markazidagi “Makro” do‘koniga juda kam aholi kiradi. Negaki, izboskanliklar sharqona bozorda savdolashishga o‘rganishgan. Kimdir bir qop kartoshka ko‘tarib keladi, yana birov yarim qop piyoz sotib ketadi. Tomorqasi bor inson xalqni ham, o‘zining ham rizqini shu rastalardagi savdosi orqali topadi. Bu yerda supermarket qurilsa, dehqonlarning savdosi to‘xtaydi. Buni nahotki rahbarlar tushunmasa?! — deydi Dilfuza Toshboyeva.

— Ko‘rib turganingizdek rastalarni buzish ishlari ayni avjida. Bu bir hafta oldin boshlangan. Buzilishdan avval viloyat va tuman hokimlari kelib, biz savdogarlar bilan suhbatlashishdi. Bankdan kredit olgan tadbirkorlar qurilish davrida bankka to‘lolmaydigan qarzlarini muzlatishda yordam berishlarini, xalqni albatta, rozi qilishlarini ta’kidlashdi. Ammo bunga biz ishonmayapmiz. “Hamkorbank”ning viloyat filialidan ko‘pchilik kredit olgan. Bank xodimlari oylik to‘lovlarimizni muzlatib bo‘lmasligini va qarzlarni vaqtida uzishimizni aytishdi.

Men 2015-yilda 20 ming dollarga oziq-ovqat do‘koni sotib olganman. Uch yil oilaviy faoliyat yuritgach, o‘tgan yili yonimizdagi tadbirkorlarga ijaraga berdik. Ayni paytda u yerda to‘rt nafar ishchi ishlayapti. Biz va yana 15 nafar tadbirkorning do‘koni joylashgan ikki qavatdan iborat 2-blok yangi tushayotgan rastalar hamda supermarket oldini ochib turish uchun buzilarkan. Tadbirkorlar asta-sekin boshqa bloklarning ham buzilishidan xavotirda. Bizga yangi rasta va supermarketning orqasidan joy berishlariga qarshimiz. U yerlarda savdo yurishmaydi. Savdolarimiz endi yaxshilanib, odamlar ham ko‘nikishni boshlagan bir paytda Prezident qarorini ro‘kach qilib, qurilishni amalga oshirishayotgani yuzlab bozorchilar dilini og‘rityapti. 15 yil ichida tumanimiz markazining o‘zida 3 ta bozor qurib, buzildi. Oxirgi ikki yil davomida qurilgan ikkita buyum bozori hozir bo‘m-bo‘sh, axlatxonaga aylangan. Ishonmasangiz, borib ko‘ring. Guvohi bo‘lganingizdek, uchinchisi ham barbod bo‘lyapti. Yildan yilga tadbirkorlar soni kamayib boryapti. Savdogar xotin-qizlar ham birma-bir chet elga ish izlab chiqib ketishyapti, — Kimyoxon Qozoqova.

— Hozir 60 yoshdaman. Esimni taniganimdan beri bozordan rizqimni topib, savdogarlik bilan shug‘ullanaman. Ayni paytda oilam bilan ziravorlar sotamiz. Uch yil oldin qurilgan yangi rastalarda tinchgina savdo qilayotgandik. Bozorchilar bilan kelishib, o‘rtada yiqqan mablag‘imizga qurilgan rastlar, asfaltlarga ichimiz achishyapti. Bozor yangi bo‘lsa, uni buzib, o‘rniga yana yangi qurishdan nima foyda? Davlat mablag‘ini boshqa muammolarga sarflashsin. Sarson-sargardon yurishdan charchadik, — dedi Manzuraxon Yusupova.

— Yangi rasta va supermarketni bizning savdo do‘konlarimizni buzmasdan ham qurishsa bo‘ladiku. Tuman aholisi endi dehqon bozoriga yolchigandi. Bunyod etilganiga 3–4 yil bo‘lgan mazkur bozorga katta mablag‘ sarflaganmiz. Prezident qarorini ham qayta-qayta o‘qib chiqdik. Ammo zamonaviy bozorlar buzilsin degan jumlaga ko‘zimiz tushmadi. Qo‘limda o‘rtacha 8 nafar ishchi bor. Ularning har biriga 500–600 ming so‘mdan maosh beraman. Bankka ikki millon atrofida kredit qarzi to‘layman. Bizni o‘ylaydiganlar ham bormi o‘zi? — dedi tadbirkor Mahammadjon Ahmedov.

— Bu yerdagi faoliyatimni boshlaganimga ikki yilcha bo‘ldi. Men rastama-rasta yurib, har bir sotuvchi bilan mazkur jarayon haqida suhbatlashib, tushuntirish ishlarini olib borganman. 2-blok qismining 1-qavatidagi savdo do‘konlarining egalari bo‘lgan 16 nafar tadbirkorga ham holatni yotig‘i bilan tushuntirganman. Ularning do‘konlari yangi bunyod etilayotgan ichki tomondagi do‘konlarga ko‘chib o‘tishganidan keyin buziladi. Bozor qurilishi vaqtida bankka to‘lolmagan kredit qarzlarini muzlatishda ham yordam berishga harakat qilamiz. Oldin 432 ta rasta bo‘lgan bo‘lsa, unda o‘rtacha 90–120 nafar sotuvchi savdo qilardi. Qolgan rastalar bekor yotardi. Yangi loyiha rejasiga ko‘ra, 150 ta rasta va zamonaviy supermarket quriladi. Boshqa bloklar buzilmaydi. Tuman va viloyat rahbarlarining o‘zlari ham bozorga kelib, bu gaplarni aytgan. Hech kimni norozi qilmaymiz, — dedi “Izboskan dehqon bozori” MChJ raisi Ulug‘bek Husanov.

Surishtiruv davomida ushbu holat yuzasidan Izboskan tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ilhomjon Soliyevning ham fikrlariga quloq tutdik:

— O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 27-martdagi “2017–2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, Andijon viloyati hokimining 2017-yil 3-apreldagi 173-Q sonli hamda Izboskan tumani hokimining 2017-yil 8-apreldagi 550-Q sonli qarorlariga asosan Izboskan dehqon bozori hududida 3-tipdagi zamonaviy savdo majmuasi qurilishi belgilangan.

Izboskan dehqon bozori hududida 3-tipdagi zamonaviy savdo majmuasi qurilishi uchun “Andijonfuqaroloyiha” MChJ tomonidan loyiha hujjatlari tayyorlanib chiqildi. Tayyorlangan va tasdiqlangan loyihaga asosan dehqon bozoriga qarashli savdo rastalari hamda 2-blok qismidagi 2 qavatli 1-qavati 16 nafar tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan savdo do‘koni hamda 2-qavati bozor ma’muriyati joylashgan bino buzilishi ko‘zda tutilgan.

Izboskan tuman hokimining 2019-yil 28-martdagi “Izboskan” dehqon bozorini qayta rekonstruksiya qilish to‘g‘risida”gi 708-Q sonli qarori qabul qilingan. Loyihani amalga oshirish uchun tumandagi salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olingan tashabbuskor “Yangiqishloq” MChJ rahbari To‘lanov Shahbozbek bilan O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki huzuridagi bozorlar qurilish Direksiyasi “NBU BUNYODKOR INVEST” MChJ o‘rtasida shartnomalar imzolangan. Loyihani ishga tushirilishi oldidan buzilishi belgilangan savdo do‘konlari O‘zbekiston Prezidentining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qaroriga asosan tashabbuskor “Yangiqishloq” MChJ rahbari To‘lanov Shahbozbek tomonidan qoplanganidan so‘ng, ya’ni ushbu dehqon bozori hududidan yangi savdo do‘koni qurib tadbirkorlarga topshirilganidan keyin amalga oshirilishi Izboskan tumani hokimligi tomonidan nazoratga olinadi.

Biz shundan so‘ng yuqoridagi tadbirkorlarning ayrimlari o‘z fikrlarida ta’kidlab o‘tgan tuman dehqon bozori atrofidagi bo‘sh yotgan savdo majmualarini ko‘zdan kechirdik. Ularning achinarli va qarovsiz holati kishini taajjubga soladi.

Tadbirkorlar murojaati bo‘yicha ikki tomonning ham fikrlarini tinglab, e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Xulosa chiqarish esa har kimning ixtiyorida.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-04-2019, 19:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 90) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют