» » Davlat soliq qo‘mitasi yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlardagi farqlarga izoh berdi

Davlat soliq qo‘mitasi yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlardagi farqlarga izoh berdi


Davlat statistika qo‘mitasi Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi eksperti Yuriy Naumovning Spot saytida “Davlat statistika qo‘mitasining O‘zbekiston YaIM ko‘rsatkichi to‘g‘risidagi hisobotida nima noto‘g‘ri?” nomli maqolasi e’lon qilinishi munosabati bilan tushuntirish berdi.

Mazkur maqolada Davlat statistika qo‘mitasining turli davrlarda e`lon qilingan press-relizlarida 2017-yil uchun YaIM bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlarning o‘zaro mos emasligi to‘g‘risida so‘z boradi. Bu quyidagi obyektiv sabablarga egadir.

2017-yil uchun YaIM ko‘rsatkichi bo‘yicha tafovutlar tarmoqlar statistikasi ma’lumotlarini qayta hisoblab chiqish natijalari bilan bog‘liq. Davlat statistika qo‘mitasining 2018-yil yanvar oyida e’lon qilingan dastlabki baholashlariga ko‘ra, O‘zbekistonda YaIM hajmi 249,1 trillion so‘mni tashkil etdi.

Keyinchalik, 2018-yilning may oyida Davlat statistika qo‘mitasi YaIM hajmiga dastlabki aniqliklarni kiritdi va unga ko‘ra YaIM hajmi 254,0 trillion so‘mni tashkil etdi. Ushbu ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytida, shuningdek, XVJning kengaytirilgan Ma’lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi (k-MTUT) doirasida O‘zbekistonning yig‘ma ma’lumotlar milliy sahifasida (r-OSRD) joylashtirildi.

2019-yil yanvar oyida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 2017-yil uchun YaIM ko‘rsatkichi keng miqyosda qayta ko‘rib chiqildi va bu asosan qishloq xo‘jaligi tarmog‘i ma’lumotlaridagi o‘zgarishlar natijasida kelib chiqdi. Bu o‘zgarishlar, bir necha yillar davomida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish hajmini hisoblashda bozor narxlariga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lgan narxlardan foydalanilganligi bilan izohlanadi.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barcha turlari bo‘yicha o‘rtacha yillik narxlar qayta ko‘rib chiqilib, bozor narxlariga o‘tkazildi. Bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish miqdori, ya’ni natura ko‘rinishidagi hajmlari o‘zgarmadi. Masalan, 2017-yil uchun qayta baholashga qadar 1 kilogramm donning o‘rtacha yillik narxi 648 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, qayta baholashdan keyin 1686 so‘mni, sabzavotlar qayta baholashga qadar – 895 so‘mni, qayta baholashdan keyin – 2547 so‘mni, poliz ekinlari qayta baholashga qadar – 865 so‘mni, qayta baholashdan keyin – 1128 so‘mni, tirik vazndagi mol go‘shti qayta baholashga qadar – 5986 so‘mni, qayta baholashdan keyin – 17470 so‘mni; sut qayta baholashga qadar – 577 so‘mni, qayta baholashdan keyin – 1678 so‘mni tashkil etdi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘rtacha yillik narxlari qayta hisoblab chiqilganidan so‘ng ushbu tarmoqning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 43,1 trillion so‘mdan 91,0 trillion so‘mga va mos ravishda, YaIM hajmi 254,0 trillion so‘mdan 302,5 trillion so‘mga oshdi (+47,9 trillion so‘m qishloq xo‘jaligi hisobiga, +0,6 trillion so‘m boshqa tarmoqlarga kiritilgan aniqliklar hisobiga).

Shu bilan birga, qayta hisoblash natijasida YaIMning o‘sish sur’atlari 5,2 foizdan 4,5 foizgacha pasaydi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligining YaIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi 19,7 % dan 34,0 % gacha o‘sdi, sanoatning ulushi 27,2 % dan 22,2 % gacha, qurilishning ulushi 6,9 % dan 5,7 % gacha, xizmatlar sohasining ulushi 46,2 % dan 38,1 % gacha kamaydi.

Qayd etib o‘tish lozimki, mahsulotlarga sof soliqlar ko‘rsatkichidagi o‘zgarishlar Milliy hisoblar tizimi va Davlat moliyasi statistikasi ma’lumotlari o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilganligi bilan izohlanadi.

Jahon tajribasida qabul qilinganidek, dinamik qatorlarda o‘zaro muvofiqlikni ta’minlash maqsadida 2014—2016-yillar uchun YaIMni qayta baholash ishlari amalga oshirildi va ushbu ma’lumotlar foydalanuvchilar uchun Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytiga zaruriy tushuntirishlar bilan joylashtirildi.

2019-yil iyul oyiga qadar yaIMni 2010-yildan boshlab retrospektiv qayta hisoblashlarni davom ettirish va ularni Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy saytida e’lon qilish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash lozimki, uzoq davrlar uchun statistik ko‘rsatkichlarni bunday qayta hisoblash ishlari tez-tez amalga oshirilmaydi va ular, odatda, uslubiy yondashuvlardagi sezilarli o‘zarishlar bilan bog‘liqdir. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, Davlat statistika qo‘mitasi statistik axborotlarni siklli qayta ko‘rib chiqish tamoyili asosida shakllantiradi. Boshlang‘ich bosqichda statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha dastlabki baholashlar amalga oshiriladi, keyinchalik esa hisob-kitoblar kengroq axborot bazasini olish asosida aniqlashtiriladi.

YaIM deflyatori indeksi (2018-yil yakunlari bo‘yicha – 128,1 %) bo‘yicha shuni ta’kidlash kerakki, bu ko‘rsatkich mohiyatan iste`mol narxlari indeksi (INI) ko‘rsatkichidan farq qiladi.

INI faqatgina iste’mol savatiga kiritilgan cheklangan sonli tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘zgarishini ifodalasa, YaIM deflyatori indeksi iqtisodiyotda ishlab chiqarilgan barcha tovarlar va xizmatlar, jumladan, investitsion tovarlar, eksport qilinadigan tovar va xizmatlar hamda bozorga xos bo‘lmagan (bepul ko‘rsatilgan) xizmatlarni ham qamrab oladi.

Shuningdek, INI import qilinadigan tovarlarni ham qamrab olsa, YaIM deflyatori indeksi hisob-kitoblarida faqatgina milliy iqtisodiyot rezidentlari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlar hisobga olinadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-05-2019, 18:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 108) ( 0) ( 106) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют