» » Kattaqo‘rg‘onda do‘konlaridan ayrilayotgan ayol bozor ma’muriyatidan tovon puli talab qilmoqda

Kattaqo‘rg‘onda do‘konlaridan ayrilayotgan ayol bozor ma’muriyatidan tovon puli talab qilmoqda


“Zarnews” nashri kattaqo‘rg‘onlik Dilbar Ergashevaning murojaatiga ko‘ra uning “Samkat Oazis durdonasi” savdo majmuasidan sotib olgan ikkita do‘koni buzilayotgani yuzasidan surishtiruv chop etdi. Quyida maqola to‘lig‘icha havola etildi.

Kattaqo‘rg‘on tumani “Balandravot” mahallasi Qilich qishlog‘ida yashovchi Dilbar Ergasheva Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Samkat Oazis durdonasi” savdo majmuasidan ikkita do‘kon sotib olgan. Bu do‘konlar 2017-yilda buzilgani haqida tahririyatimizga murojaat qilib, bozor ma’muriyatidan tovon puli undirish masalasida yordam so‘radi. Biz Dilbar Ergashevaning murojaatini o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘ldik.

Suhbatimiz va taqdim etilgan hujjatlardan ma’lum bo‘ldiki, maktabda ko‘p yillardan buyon kutubxonachi bo‘lib ishlaydigan Dilbar opa 8 yil avval tadbirkorlikka havas qilib, bozorning “K” blokidan ikkita do‘kon olgan. Qurilishlarni o‘z hisobidan amalga oshirgach, boshqa xarajatlar uchun jami 3 900 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Ammo “Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi”, deganlaridek, Dilbar Ergasheva do‘konni ishlatish, bozor talabini o‘rganish, mijoz jalb qilish, foyda olishning epini qilolmadi. Oqibatda do‘kon qarovsiz, soliqlar esa to‘lanmay qolib ketdi. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining 2013-yil 4-maydagi 351-Q-sonli qaroriga asosan savdo majmuasida joylashgan do‘kon egalari tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tishlari (davlat kadastri, soliq organlari) va hujjat nusxasini taqdim etish va bozor ma’muriyati bilan yer ijara shartnomasi tuzishlari kerak edi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib ko‘rmagan Dilbar Ergasheva bu hujjatlar nima uchun kerakligi, buning ahamiyatini yaxshi bilmaganligi uchun hujjatlarni tayyorlay olmadi.

2016-yilda tadbirkor Bahrom Nurmatov Dilbar Ergashevaga tegishli ushbu do‘konni ijaraga olib, faoliyat yuritadi va ikki yil davomida do‘konning yer ijara haqini bozor kassasiga to‘lab keladi. Shu qatordagi ikkita do‘kon ishlayotgan bo‘lsa, qolgan 11 tasi qarovsiz ahvolda, hatto eshik ham o‘rnatilmaganligi bois chiqindixonaga aylanib, antisanitariya holatini keltirib chiqaradi. Yana bir tomoni, bozorning yuqori qismida qo‘l mehnati va attorlik mahsulotlari yoyma savdosi bilan shug‘ullanuvchi 50 dan ortiq tadbirkor uchun yopiq pavilyon zarur edi.

Shu bois bozor ma’muriyati ta’sischilarning roziligi bilan kadastr hujjatlari tayyorlanmagan, bozor bilan ijara shartnomasi tuzmagan, yer ijara haqi to‘lamasdan kelayotgan tadbirkorlarning do‘konlarini o‘z xohishlariga ko‘ra buzib olishlari to‘g‘risida ogohlantirish xatlari yuboradi. Bunday ogohlantirish xati 2016-yil 19 va 20-iyun kunlari D.Ergashevaga ham yuboriladi. 2017-yil avgust oyida D.Ergashevaning do‘konlarini uning farzandlari buzib olib ketadi va bu yerda Xalq banki Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limining 1100 million so‘m krediti hisobidan 50 o‘rinli savdo paviloni qurilishi boshlanadi. Masalani o‘rganish uchun birinchi tashrifimiz ayni shu kunlarga to‘g‘ri keldi.

“Do‘konlarni o‘z hisobimizdan qurganmiz, yana qo‘shimcha pul to‘laganmiz, — deydi Dilbar Ergasheva. — Do‘konlarimiz shunchaki buzib tashlanib, xarajatimiz qoplanmay qolaveradimi? Ikkita do‘kon uchun bozor ma’muriyati menga 80 million so‘m mablag‘ to‘lab bersa, boshqa da’vo qilmayman”.

Viloyat hokimining pul tushumlari prognoz ko‘rsatkichlari rejasini bajarish borasidagi qaroriga asosan bozorlar va savdo majmualarining har kvadrat metr maydoni uchun oyiga 13 000 so‘mdan to‘lov undiriladi. Hisoblangan to‘lovlar har bir do‘kon uchun yiliga o‘rtacha 1 million so‘mni tashkil etadi. Dilbar Ergasheva esa do‘konni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaganligi uchun 2011—2016-yillar davomida soliqdan kamida 5 million so‘m mablag‘ “tejab” qolgan. Jamiyat direktori Erkin Ostonov shu fikrlarni bildirarkan, aslida Dilbar Ergasheva bozorga yer ijara haqini to‘lamasdan katta zarar yetkazgani, shunday bo‘lsa ham sarflagan mablag‘i to‘lab berilishi, lekin 80 million so‘m berolmasligini bildirdi.

“Samkat Oazis durdonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tomonlar ishtirokida ikkinchi, uchinchi uchrashuvimizda buzilgan do‘konlar o‘rniga bitta do‘kon va 7 million so‘m beriladigan bo‘ldi. Keyingi safar esa faqat do‘konni o‘zini qonuniy tarzda rasmiylashtirib berishga kelishildi. Shundan so‘ng bozor direktori bilan telefonda 30—40 marotaba urinib ham bog‘lana olmadik. Keyin bilishimizcha, va’da qilingan do‘kon va’daligicha qolgan.

Navbatdagi uchrashuvimizda esa Dilbar Ergasheva do‘konlari o‘rniga jami 60 million so‘m mablag‘ berilishini so‘radi. Jamiyat direktori Erkin Ostonov bozorning o‘sha qismidagi do‘konlar o‘rtacha 5-7 million so‘m ekanligi va Dilbar Ergashevaning buzilgan do‘konlari ham shu narxda baholanishini bildirdi. Shunda ham do‘konning kerakli hujjatlari taqdim qilinmasa, davlat mablag‘ini asossiz o‘zlashtirib bo‘lmasligini bildirdi.

“Yo‘qolgan pichoqning sopi oltindan”, degan maqol bor. Bu yerda ham hech qanday hujjati bo‘lmagan do‘kon buzildi, endi uning tovon pulini aniqlash lozim. Dilbar Ergasheva buzilgan do‘konini bozordagi do‘konlarning hozirgi narxida baholasa, bozor direktori Erkin Ostonov birorta asosli hujjati bo‘lmagan fuqaroga do‘kon kompensatsiyasi sifatida mablag‘ berolmasligini aytadi.

Xo‘sh, ta’sischilar nima deydi?

“Qonunga ko‘ra, bozorlar va savdo komplekslarining 51 foiz ulushi davlatga tegishli, qolgan 49 foizi esa ta’sischilarga bo‘linadi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ham shu hisobdan to‘lanadi, — deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Ikrom Mamatov. — Bu masala ko‘tarilmasdan avval tegishli idora vakillari bilan birgalikda ikki hafta mobaynida savdo kompleksidagi barcha tadbirkorlarga hujjatlarni qonuniylashtirish, mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, do‘konlar uchun kadastr yig‘ma jildi tayyorlash borasida tadbirlar o‘tkazdik. Ammo tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaramasdan ayrim tadbirkorlar hujjat tayyorlashga beparvo munosabatda bo‘lishdi”.

Endi ko‘rilgan zararni qoplash uchun Dilbar Ergasheva bozor rahbariyatiga do‘kon uchun sarflangan mablag‘ni keltirib, uni qoplashni so‘rab ariza bilan murojaat qiladi. Shu ariza asos bo‘ladi, so‘ng jamiyat ta’sischilarning navbatdan tashqari yig‘ilishi chaqirilib, 51 foiz davlat ulushiga tegmagan holda, jamiyat imkoniyatidan kelib chiqib 49 foiz ulush hisobidan mablag‘ to‘lab berilishi mumkin. Do‘konning kadastr hujjatlari bo‘lsagina keltirilgan zarar sud orqali undirilishi mumkin.

Mana, do‘kon egasi, bozor direktori, ta’sischi fikri bilan tanishdingiz. Anglaganingizdek, hamma o‘zicha haq. Biroq masala yechimi-chi? Buning uchun qachon bir to‘xtamga kelinadi? Qachon jamiyat ta’sischilarining yig‘ilishi o‘tkaziladi? Dilbar Ergasheva bu kunni qachongacha kutadi? “Zarnews” tahririyati bu savollarga Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi va jamiyat ta’sischilaridan qonunda belgilangan muddatda javob kutadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-05-2019, 12:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 91) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют