» » Sakkizta tilni biladigan andijonlik qaynona

Sakkizta tilni biladigan andijonlik qaynona


Oxirgi paytlarda O‘zbekistonda qaynona va kelinlar o‘rtasida arzimagan sabablar tufayli turli-tuman tushunmovchiliklar, janjallar, hattoki, daxshatli jinoyatlar ham sodir bo‘lmoqdaki, bunday xunuk manzaralar butun bir xalqning qaynona-yu kelinlari nomiga dog‘ tushirmoqda. Ammo oramizda nafaqat bir yoki ikki, balki besh, olti nafar kelin bilan murosa-yu madora qilib, farzandi oilasini yanada mustahkamlash yo‘lida barcha qiyinchiliklarni sabr-bardosh ila yengib kelayotgan qaynonalar ham yo‘q emas.

Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi “Sohiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan 74 yoshli Kimyoxon aya Oripova ham boy hayotiy tajribaga ega, oqila qaynonalardan. Turmush o‘rtog‘i G‘ulomjon ota Oripov bilan 12 nafar o‘g‘il-qizni el-yurt koriga kamarbasta etib tarbiyalagan onaxon bugun umr yo‘ldoshi ikkisi 8 kelin va ellikdan ziyod nevara-yu chevaralar qurshovida baxtli hayot kechirmoqda. “Daryo” muxbiri fayz-baraka qo‘nim topgan bu baxtli oila sohiblari xonadonida bo‘ldi.

“To‘ng‘ich farzandimning qadami qutlug‘ kelgan”

Kimyoxon Oripova:

“O‘n to‘qqiz yoshimda qo‘shni qishloqdan shu xonadonga kelin bo‘lib tushganman. Barcha qizlar singari menda ham boshida yangi oila muhitiga ko‘nikish oson kechmagan. Kelinlik paytimda rahmatli qaynonamning o‘zlari ham kelin edi, ya’ni qaynonasi bilan birga yashardi. Har ikkisidan ham bilmaganlarimni o‘rganib, tajribamni oshirib borganman. Ular o‘z qizlaridek qabul qilishib, qo‘limdan kelmaydigan ishlarda yaqindan ko‘maklashishardi. ‘Doimo darvozadan hatlayotganda uydagi gap-so‘zlarni unutib, qo‘ni-qo‘shnilarga oilamizda bo‘layotgan holatlarni aytib yurmang. Ko‘chadan ham gap tashib kelmang’, degan fikrlarni takror ta’kidlashdan charchashmasdi. Bugun o‘ylab ko‘rsam, ularning har bir gapi oilamiz mustahkamligini ta’minlash maqsadida aytilganligiga ishonch hosil qilyapman.

Rahmatli qaynonamning ikki farzandi bor edi xolos. Qaynopam Tilloxon bilan hozirgacha huddi opa-singillardek bir-birimizdan maslahatlar so‘rab, kunora yo‘qlab turamiz. Yigirma yoshimda onalik baxtiga muyassar bo‘lganman. Qaynonam Umrixon aya o‘g‘il nabira ko‘rganliklaridan shodlanib, ularga Baxtiyor, deya ism qo‘ygan. To‘ng‘ich farzandimizning qadami qutlug‘ kelib, shundan so‘ng Yaratgan birinma-ketin o‘g‘il-qiz ato etdi. Ikki marta egizak farzandlarni dunyoga keltirdim. Allohga behisob shukrlar bo‘lsin, barchasi oilasi bilan tinch-totuv yashayapti. Faqatgina bir necha yil oldin to‘qqizinchi farzandim Ulug‘bekning bevaqt vafot etgani biz uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Farzand dog‘i qalbni o‘qdek teshib o‘tarkan. Hech bir ota-onaga farzandining o‘limini ko‘rib, so‘ng dog‘da qolishini ravo ko‘rmayman”.

“Kelin ham birovning ko‘z qorachig‘i”

“Oilaning tinch-totuvligi, farovonligi ko‘p jihatdan xonadondagi yoshi ulug‘ insonlarga, qaynona-qaynotalarga bog‘liq. Ularning o‘gitlari, pand-u nasihatlari tufayli oila mustahkam bo‘ladi. Qaynonalik ham ma’suliyat, o‘zga bir oila muhitida tarbiya topgan qizni o‘z qizidek qabul qilish, unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish katta fidoiylik talab etadi. Qaynona mehribon, kelinining borini oshirib, yo‘g‘ini yashirsa, bilmaganini o‘rgatsa, kelin ham bu dargohda palak yozadi. Yosh, uy-ro‘zg‘or ishlarida, muomala-munosabatda no‘noqroq kelinlar ham bunday qaynonaning tarbiyasini olib, oqila va saranjom-sarishta bekaga aylanganini ko‘p bor guvohi bo‘lganman. Agar qaynona bag‘rikeng, har bir gapni yetti o‘lchab, bir kesib aytsa, har qanday vaziyatni to‘g‘ri tushunsa oila parokanda bo‘lmaydi. Ayrimlar kelin sal uxlab qolsa yoki ozgina bee’tibor bo‘lsa, jerkib, tegrayveradi. Mahalla-ko‘yga kelinining hatti-harakatini dasturxon qiladi. Keliniga qo‘pol muomala qilib, dilini og‘ritadi, kun bermay, kesatiq gaplarni aytishdan sira charchamaydi. Bir o‘ylab ko‘ringchi, qaynonaning fe’l-atvori shunday bo‘lsa, uning farzandi qanday qilib baxtli-saodatli hayot kechiradi?! Yuqorida aytganimdek, oila totuvligi ko‘p jihatdan qaynonaga ham bog‘liqligini yoddan chiqarmaslik darkor”.

“Aktrisalik ham qilish kerak”

“Ba’zi kelinlar qaynonasi tejamkor, saranjom-sarishta, bolalarga e’tiborli bo‘lsin, degan maqsadda tergasa, darrov arazlab, ‘yashamaymanga’ tushib qolishadi. Aslida kelin qaynona va boshqa oila a’zolaridan ranjimasligi, ularga gap qaytarmasligi hamda erining uyidagi gap-so‘zlarini ota-onasinikiga tashimasligi zarur. Ularni hurmatlarini joyiga qo‘yib, oila mustahkamligi yo‘lida ba’zan aktrisalik ham qilib turishi kerak”.

“‘Sen-men’ga bormaganmiz”

“Kelinlarimning barchasi qo‘shni mahalla va qishloq farzandlari. Ularning hammasini turmush o‘rtog‘im ikkimiz birga tanlaganmiz. ‘Onasini ko‘rib, qizini ol’ deyishganidek, avval bo‘lajak qudalarim haqida surishtirib, keyin eshik qoqib borganmiz. Xudoga shukr tanlovda adashmay, to‘g‘ri qilgan ekanmiz. Hammalari o‘zlaridan tinib-tinchib, sekin-asta quda-andali ham bo‘lishyapti. Shu paytgacha kelinlarim bilan ‘sen-men’ga borib, mahalla-ko‘yga dong‘imiz chiqmagan. Hanuz qanday ishning boshini tutishmasin, albatta, bizlardan maslahat olishadi. To‘ng‘ich kelinim Kunazimxon esli, har bir ishni vaqtida uddasidan chiqqani uchun undan qolgan kelinlarim ham andoza olishgan. Hammasi bir-biridan yaxshi. Ular ham o‘zaro ahil-inoq. Ilohim, mehr-oqibatlariga ko‘z tegmasin!”

“Qaynonalikning ham gashti bor ekan”

Kunazimxon Oripova, katta kelin:

“Bu yerga kelin bo‘lib tushganimda o‘n to‘qqiz yoshda edim. Barcha qishloq kelinlari singari sahar uyg‘onib, quyosh chiqqunicha ko‘p yumushlarni bajarishga ulgurardim. O‘sha yili qaynonam o‘n uchinchi farzandini dunyoga keltirgan. Kelinlik vazifalarimdan ortinib, chaqaloqqa ham qarardim. Shuningdek, turmush o‘rtog‘im ham talaba bo‘lganligi va uyga haftada bir marta kelganligi tufayli butun oilamiz bilan bir xonada qishlab, yashardik. Katta qaynonamni ham, qaynotam va qaynonamni ham murosaligiga amin bo‘lib, ularning ahilligiga tan berganman. Biz alohida hovliga chiqib ketgunimizga qadar uch ovsin shu xonadonda birga yashaganmiz. Hech qachon oramizda sovuq munosabatlar bo‘lgan emas. Dala ishlarida ham, uy yumushlarida ham bir-birimizga yordam berardik. Hozir o‘zim ham kelin olib, qaynonalik martabasiga erishganman. Qaynonalikning ham o‘ziga yarasha mashaqqati va gashti borligini tushunib borayapman!”

“Biror marta tanbeh eshitmaganman”

Munojatxon Oripova, oltinchi kelin. Tumandagi 46-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:

“Ayrim paytlarda qaynonamning sakkizta tilni qanday bilganiga hayron qolaman. Sababi ular biz kelinlarning barchasini tilini topib, gap aytadilar. Qaynonam chindan ham tilla ayol. Bu yil turmush qurganimga 18 yil to‘lgan bo‘lsa, shu paytga qadar biror marta ham tanbeh eshitgan emasman. Har bir vaziyatni yumshoqlik bilan tushuntirardi.

To‘yimizdan keyin bir hovlida uch kelin yashay boshladik. Uy ishlarini ham kelishib bajarardik. Ota uyim shahartartib bo‘lganligi uchun bu yerda mol boqib, qishloq hayotiga ham moslashdim. Qaynonamning o‘zlari non yopish, mazali taomlar tayyorlash borasida ham ustozlik qilib, mahoratimni oshishida yaqindan yordamlashgan. Hattoki, qaynonam maktabda ishlashimga ruxsat berib, o‘zlari yozuv-chizuvlarimni qilishim uchun jihozlar ham olib bergan. O‘z navbatida farzandlar tarbiyasi, kelinlik vazifalarimni vaqtida uddasidan chiqishga intilardim. Qaynonamning maslahatlariga amal qilib, kam bo‘lganimiz yo‘q. Ilohim, qaynotam ikkisining umrlari uzun bo‘lsin. Yana uzoq yillar birgalikda bizlarga bosh bo‘lib yurishsin!”

“‘Sotti kelin’ deyishadi”

Shoiraxon Oripova, kenja kelin:

“Besh-oltita xonadon naridagi hovlidan kelin bo‘lib tushganman. Eng kichik kelin bo‘lganim va kun davomida qaynona-qaynotamni xizmatini qilganim bois qaynopalarim ham, qo‘ni-qo‘shnilar ham ‘Sotti kelin’ deyishadi. Katta hovliligi uchun keldi-ketdi ko‘p. Har kuni mehmonlar, qarindosh-urug‘larning qadami uzilmaydi. Tandir-tandir non yopib, katta qozonlarda taom qilishga ham ovsinlarim va qaynonam sabab o‘rganib qolganman.

‘Sakkiz kelin qanday til topishasizlar’, deya so‘raydiganlar talaygina. Hamma gap qaynonamda, oilamizdagi muhitda. Ular bizga ahillikni o‘rgatganlar. Qaynotam uzoq yildan beri haydovchilik qiladi. Uyda juda kam bo‘lsa-da, biz kelinlar ularning ham hurmatini joyiga qo‘yib, e’zozlaymiz”.

Ma’lumot o‘rnida:

- Kimyoxon aya va G‘ulomjon otaning nikoh qurganlariga 54 yil to‘ldi.

- Ularning 40 nafar nevara, 18 nafar chevaralari bor.

- Nevara kelinlar esa 6 nafar.

Muallif: Mirolim Isajonov



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-05-2019, 21:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 95) ( 0) ( 93) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют