» » Saida Mirziyoyeva: “O‘zbekistonda yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi konseptual hujjat mavjud emas”

Saida Mirziyoyeva: “O‘zbekistonda yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi konseptual hujjat mavjud emas”


O‘zbekiston davlat hokimiyati va boshqaruv organlari matbuot xizmatlarining ish yuritish tartibi, axborot tarqatish usul va mexanizmlari zamon talablariga mutlaqo mos emas. Bu haqda O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” respublika konferensiyasida qilgan chiqishida to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, xalq bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro muloqot qanchalik yaxshi ta’minlansa, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchi va hurmati shunchalik ortadi. “Shu o‘rinda nima uchun matbuot amalda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarila olmayapti, degan savolga, ko‘p omillar qatori vazirlik va idora rahbarlarining matbuot kotibi yoki axborot xizmatlariga nisbatan e’tiborsiz munosabatini asosiy sabab qilib ko‘rsatish mumkin”, — deydi agentlik direktori o‘rinbosari.

Bu holatlarga barham berish maqsadida 2019-yilning fevralida Prezident tomonidan “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Agentlik zimmasiga, jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada rivojlantirish va bu boradagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi ham yuklatildi.

Mirziyoyeva xonimning qayd etishicha, o‘tkazilgan tahlillar va o‘rganishlar ushbu sohada eng asosiy muammo — bugungi kunda yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi konseptual hujjatning mavjud emasligini ko‘rsatgan. “Hozir ushbu hujjat tayyorlanmoqda”, — dedi Saida Mirziyoyeva. Ayni vaqtda, yagona davlat axborot siyosatini amalga oshiruvchi axborot xizmatlarining faoliyati yanada faollashtirish va takomillashtirish yo‘lidagi to‘siqlar masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari matbuot xizmatlarining ish yuritish tartibi, axborot tarqatish usul va mexanizmlari zamon talablariga mutlaqo mos emas. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarida axborot xizmatlari faoliyati deyarli olib borilmayapti. Ish hajmlarining ko‘pligi va qo‘shimcha topshiriqlar bilan bandligi sababli axborot xizmatlari faoliyati qoniqarsiz ahvolda.

Bundan tashqari, 10 dan ortiq respublika darajasidagi davlat tashkilotlarida hamda 200 ga yaqin tuman va shahar hokimliklarida haligacha axborot xizmatlari faoliyati tashkil etilmagan. Davlat tashkilotlarida axborot xizmatlariga yetarlicha shtat birliklari ajratilmagani sababli ishlar nihoyatda sust, ularning mavqei hanuz past.

“Ko‘pgina davlat organlarining rahbarlari ushbu muhim masalaga jiddiy e’tibor qaratmayapti, axborot xizmatlarining moddiy-texnik bazasi yaratilmagan, shtatlar malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilmagan”, — deydi agentlik direktori o‘rinbosari.

Mirziyoyeva xonim ko‘plab davlat organlarining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, mobil messenjerlar orqali tezkor axborot tarqatish ishlari oqsayotganiga ham e’tibor qaratdi. O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 20 milliondan ortiq bo‘lgani holda, davlat organlarining veb-saytlariga kiruvchilarning umumiy soni 400 ming, Facebook’dagi sahifalariga murojaat qiluvchilar 150 ming, Telegram’dagi a’zolari 300 ming nafardan oshmaydi.

Saida Mirziyoyeva davlat organlari tomonidan axborot tarqatishdagi oqsash ma’lumotlarni xorijiy manbalardan izlashga yoki muammoli murojaatlarni chet el ommaviy axborot vositalari orqali chop ettirib, davlat idoralari e’tiborini jalb qilishga olib kelayotganini qo‘shimcha qildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-05-2019, 12:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 68) ( 0) ( 68) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют