» » Kunduzi avtomobil chiroqlarini yoqib yurish bo‘yicha qoida aslida deputatlarning tashabbusi bo‘lib chiqdi

Kunduzi avtomobil chiroqlarini yoqib yurish bo‘yicha qoida aslida deputatlarning tashabbusi bo‘lib chiqdi


Adliya vazirligi “Munosabat” teleko‘rsatuvida avtotransport vositalari bilan bog‘liq bildirilgan fikrlar bo‘yicha munosabat bildirdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Adliya vazirligi ma’lumotida deputatlar tomonidan 2016-yilda hukumat kiritgan, deb tilga olinayotgan qonun loyihasi aslida hukumat tomonidan emas, balki bevosita Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tashabbus sifatida parlamentga kiritilgan bo‘lib chiqdi.

Bundan chiqdi deputatlar o‘zlarini o‘zlari inkor qilmoqdami?

Xabaringiz bor, yaqinda “O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvida kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari chiroqlarini yoqib harakatlanishi belgilangan hukumat qarori bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.

Adliya vazirligi yagona davlat huquqiy siyosatini olib boruvchi organ sifatida muhokamada bildirilgan qonunchilik tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan fikrlarga izoh berishni o‘rinli, deb topdi.

(Adliya vazirligi barcha avtomototransport vositalari chiroqlarini yoqib harakatlanishining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini muhokama qilish niyatida emas. Bu masalani professional tahlil qiladigan mutaxassislar vazirlikda mavjud emas. Mazkur soha bo‘yicha qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan maxsus organlar mavjud).

Ko‘rsatuvda qarorning aynan qonunchilik talabiga javob bermasligi haqida deputatlar tomonidan mulohazalar bildirildi.

Xususan:

1) 2016-yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish bilan kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqmaganlik uchun ayrim toifadagi avtomototransport vositalariga nisbatan jarima belgilash nazarda tutilgan, ammo hozirgi kunda ushbu moddaga asosan barcha avtomototransport vositalari jarimaga tortilyotganligi;

2) qarorning qachondan kuchga kirishi ko‘rsatilmaganligi;

3) qonun hujjatlari tadbirkorlarga qo‘shimcha majburiyat yoki talablar yuklasa, ular uch oydan keyin kuchga kirishi lozimligi haqidagi talabning buzilganligi;

4) huquqiy ekspertiza masalasi.

Ushbu mulohazalar yuzasidan Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi quyidagilarni ma’lum qiladi:

2016-yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan sutkaning qorong‘i davrida yoki ko‘rish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzish so‘zlari tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzish so‘zlariga almashtirilgan. Bunda jarima miqdori, ya’ni eng kam ish haqining 50 foizi miqdori o‘zgarmagan.

Birinchidan, kiritilgan mazkur o‘zgarish blanket norma (davlat organlari, mansabdor shaxslarga xatti-harakatlar, taqiqlar va boshqalarni mustaqil ravishda belgilash huquqini beruvchi huquqiy norma) hisoblanadi.

Ta’kidlash lozimki, qonunchilik amaliyoti va qonunchilik texnikasi nuqtai nazaridan blanket normalarni qo‘llash normal holat bo‘lib, odatda buzilishi uchun javobgarlik belgilanayotgan moddada barcha qoidalarni sanab o‘tishning imkoni bo‘lmagan hollarda ishlatiladi.

Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan 73 turdagi huquqbuzarlikda blanket norma ishlatilgan (jumladan, 125-moddada yuk tashish qoidalarini buzganlik uchun, 127-moddada transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun, 128-6-moddasida to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun, 130-moddasida temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzganlik uchun).

Ikkinchidan, u yoki boshqa sohada tegishli qoidalarni belgilash qonun hujjatlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi yoki boshqa tashkilot vakolatiga kiritilgan. Qoidalarni tegishli organ o‘z vakolatlari doirasida belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin va buni Oliy Majlis bilan kelishish talab etilmaydi.

Xususan, 2015-yil 24-dekabrda Hukumat tomonidan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga o‘tgan davrda 6 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan, mazkur o‘zgartirishlarga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan sanksiyaga asosan huquqbuzarni javobgarlikka tortish mumkin. Ya’ni, bunda har safar qoidalar o‘zgarganligi sababli, Parlamentga murojaat qilinmaydi. Bu oddiy mantiqdan ham kelib chiqadi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, oldin boshqa asos bilan kiritilgan ma’muriy javobgarlikning qo‘llanish doirasi asossiz kengaytirilyapti, degan fikr o‘rinli emas. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks matnida ayrim turdagi emas, umuman avtomototransport vositalarining tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi haydovchini jarimaga tortishga sabab bo‘ladi, deyilgan.

Eng asosiysi, deputatlar tomonidan 2016-yilda Hukumat kiritgan, deb tilga olinayotgan qonun loyihasi aslida Hukumat tomonidan emas, balki bevosita Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tashabbus sifatida parlamentga kiritilgan.

Bunga asos qilib, o‘sha paytda Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahriri tasdiqlanganligi, shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik kodeksi normalarini mos ravishda tahrir qilinayotganligi tashabbuskor deputatlar tomonidan asos qilib ko‘rsatilgan.

Shunday ekan, 2016-yilda qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotganda Hukumat “boshqa gapni gapirgan” degan vajlar, uning natijasida ommaviy axborot vositalarida noto‘g‘ri talqin qilingani hurmatli deputatlarning aniq ma’lumotlarga ega emasliklari natijasida yuzaga kelgan.

Qarorning kuchga kirish muddati masalasida shuni aytish lozimki, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq qonun hujjatlarining o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ular rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Hukumatning mazkur qarori joriy yilning 10-aprelida rasman e’lon qilingan va unda kuchga kirish muddati ko‘zda tutilmagan. Shunga ko‘ra, qaror 10-apreldan kuchga kirgan hisoblanadi. Bu o‘rinda qonunchilik nuqtai nazaridan muammo yo‘q.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek, ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi ko‘rsatilgan va amaliyotda ushbu norma to‘liq qo‘llanilishi ta’minlanmoqda.

Ya’ni, qonunchilikdagi mazkur talab bevosita tadbirkorga uning tadbirkorlik subyekti maqomidagi holatiga, faoliyatiga ta’sir o‘tkazadigan holatda qo‘llaniladi.

Transportlarning chirog‘ini yoqib yurishi haqidagi talab bilan tadbirkorlik faoliyatini yuritish qiyinlashib yoki osonlashib qolmaydi, buning aynan tadbirkorlik faoliyatiga aloqasi yo‘q.

Yo‘l harakati qoidalari universal va hammaga bir xil tatbiq etiladigan huquqiy normalar yig‘indisidir, bu borada yo‘l harakati ishtirokchilari bir xil maqomga ega. Shunday ekan, yo‘l harakati ishtirokchilari nuqtai nazaridan har qanday yangi qoidalar va talablar fuqarolar uchun bir muddatda, tadbirkorlar uchun boshqa muddatda kuchga kirishi mantiqqa zid bo‘ladi.

Masalan, 2018-yil oktabr oyida qabul qilingan qonun bilan transportda harakatlanish paytida telefondan foydalanganlik uchun jarima miqdori oshirilgan.

Muhokama paytida bildirilgan fikrga tayanadigan bo‘lsa, mazkur norma ham kamida uch oydan keyin kuchga kirishi kerak edi. Lekin mazkur norma ham e’lon qilingan sanadan kuchga kiritilgan. Ya’ni, bu hujjatning ham tadbirkorlik faoliyatiga aloqasi yo‘q.

Shu sababli hujjatning uch oydan keyin kuchga kirishi lozimligi haqidagi fikrlarga ham qo‘shilib bo‘lmaydi.

Qaror loyihasi boshqa turdagi ekspertizalar o‘tkazilgandan so‘ng Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan va tegishli taklif-mulohazalar berilgan.

Shunday ekan, deputatlarning qonun hujjatlari Adliya vazirligi tomonidan barcha qonuniy talablarga muvofiq ekspertizadan o‘tkazilishini asossiz ravishda shubha ostiga olishlari mutlaqo noo‘rindir.

Shu o‘rinda Adliya vazirligi hozirda Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks loyihasi ustida ishlayotgani

va unda ma’muriy jazo choralari tizimini liberallashtirishga alohida e’tibor qaratilishini ma’lum qiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-05-2019, 18:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 74) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют