» » Toshkentda qoraqalpog‘istonlik ayol uch nafar voyaga yetmagan bolasi bilan sarson bo‘lmoqda

Toshkentda qoraqalpog‘istonlik ayol uch nafar voyaga yetmagan bolasi bilan sarson bo‘lmoqda


O‘zA Toshkentda yordamga muhtoj bo‘lgan qoraqalpog‘istonlik ayol haqida “Sarsonlik qachongacha? Yoxud voyaga yetmagan uch bolasi bilan Toshkentga sig‘mayotgan ayolning hasratlari” nomli maqolani chop etdi. Quyida maqola to‘lig‘icha berildi.

Qoraqalpog‘istonda o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan ayol Nukus davlat pedagogika institutini tugatib, maktabda ish boshladi. 2006-yilda o‘zining xohishiga qarshi turmushga chiqdi. Uch yilda to‘rt farzandli bo‘ldi: ikki qiz va egizak o‘g‘il. Lekin nimagadir qaynonaning “qarichiga” sig‘madi. Qaynona o‘g‘lidan uzoqlashtirish maqsadida kelinini bolalari bilan hech qanday sharoit yo‘q zax, tashlandiq bir uyga ko‘chirib yubordi. Ko‘p o‘tmay, zax, sovuq xonadonda ko‘p shamollagan Hasan kasalxonada vafot etdi. Eri bu xabarni eshitsa-da, kasalxonaga kelishni, farzandinining jonsiz tanasini olib ketishni lozim topmadi. Hatto pushtikamaridan bo‘lgan bolasini so‘nggi manzilga kuzatib qo‘yishga ham o‘zida kuch topolmadi. Qaynona esa “Baribir Husan ham o‘ladi” deb hali joni uzilmagan nevarasiga kafanlik ko‘tarib keldi, xolos.

Juftidan ayrilgan Husanning haqiqatan ham ahvoli og‘irlashdi. Ota esa hamon beparvo. Onayizor bolasini ko‘tarib, u yoqdan-bu yoqqa chopdi, lekin ahvoli yaxshilanishi qiyin bo‘ldi. Nahot, onaizor endi bu bolasini ham tuproqqa topshirsa...

“Bir safar Husanim eski kiyim bilan bir qo‘shnining to‘yiga borgan ekan. Qaynonam buni ko‘rib, hamiyati qo‘zg‘alganmi, qaynukam bilan uyimizga kelib, rosa janjal ko‘tardi. Meni urib, hatto oyog‘imni sindirdi. O‘shanda ham “mayli bu qiyinchiliklar o‘tar, nima bo‘lsa ham oilamni saqlab qolay” deb hech qayerga murojaat qilmadim”, deydi ayol ko‘zlariga yosh olib.

Shifokorlar Husanni tekshira-tekshira so‘nggi xulosani aytdi: ob-havoni o‘zgartirishi lozim, aks holda...

Ayol uch bolasi bilan qayerga ham boradi?! Zora, dardni bergan Xudo shifosini ham bersa, degan niyatda ona jigarlari yordami bilan davolashni davom ettirdi. Maktabdan bo‘sh vaqtida dalaga chiqdi, suv kechib sholi ekdi.

2012-yilda ayolning turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlagani ketib, u yerda boshqa bir ayol bilan topishdi. Erining ro‘zg‘orga yordami tegmayotgan bo‘lsa-da, ayol bolalarini otasiz o‘stirgisi kelmay, tishini-tishiga bosib chidadi, bir kun qaytib kelishini kutdi.

– Men hamisha el oldida chiroyli, hech kimdan kam bo‘lmagan oilam bo‘lishini orzu qilardim va shunga intilardim, – deydi ayol ko‘zlariga yana yosh olib. — Erim butkul bizni unutdi. Kamiga topgan ayoli bilan tushgan bo‘lmag‘ur suratlarini jo‘natib, bora-bora meni ham kasal qildi. Yuragim tez-tez bezovta qiladigan bo‘lib qoldi, davolanib ham chiqdim. Erimning yaqinlari esa uyimizga kelib yo‘q narsadan janjal chiqarishni kanda qilmasdi. Bolalarim uchun hammasiga chidashga majbur edim.

Nihoyat, qaynonam bizni sharoiti yo‘q uydan ham haydadi. Bu orada Husanimning sog‘lig‘i yanada yomonlashdi. Endi dori-darmon yordam bermay qo‘ydi. Shifokorlar “Agar tezda o‘g‘lingni bu yerdan olib ketmasang, undan ham ayrilishing tayin”, — dedi uzil-kesil. Tashvishlar bilan bo‘lib, mikroinsultni ham oyoqda o‘tkazib yuborgan ekanman.

Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari, deganlaridek uch bolam bilan ota uyimda ham uzoq yasholmasdim. Bu orada ahvolimdan xabar topgan Toshkentdagi qarindoshim poytaxtga kelishimni, ishlasam maktabda ish borligini aytib qoldi.

Farzandim sog‘lig‘i uchun Toshkentga kelib, Bektemir tumanida uch bolam bilan ijarada yashay boshladim. Ishga kirdim. Xudoga shukr, Husanimning sog‘lig‘i asta-sekin tiklana boshladi. Bu men uchun eng katta baxt edi. 2016-yilda erim bilan qonuniy ajrashdim. Ularga mol-mulk bo‘yicha ham hech qanday da’vo qilmadim.

Qiyinchiliklar hali oldinda ekan. Topganim ro‘zg‘orga zo‘rg‘a yetardi, ijaraga topsam, qornimiz och qolardi. Mahallaga murojaat qilishdan foyda yo‘q edi. Chunki bu yerda ro‘yxatda turmayman. Kamiga “uchastkovoy” xabar topib qolsa, ijara uyini muhrlab, meni jarimaga tortishi turgan gap edi. Noiloj farzandim sog‘lig‘i uchun alimentning birini olib, birini olmay, “peshonam sho‘r ekan” deya kunni kunga ulab yashay boshladim.

2016-yilning may oyida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovga uy-joy masalasida, ya’ni imtiyozli kredit asosida uy so‘rab xat yo‘lladim. Xatning javobi Toshkent shahar hokimligiga kelgan ekan, ular esa Bektemir tuman hokimiyatiga jo‘natdi. Maktubda hozir uy-joy ajratishga imkoniyat yo‘qligi aytilib, rad javobi berilgan edi.

2017-yilning aprel—may oylarida Prezidentning virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Xat yana Bektemir tumani hokimiyatiga kelib tushdi va yana avvalgidek javob qaytarildi. Shundan so‘ng yozishdan foyda yo‘qligini bilib, jon-jahdim bilan ishlay boshladim. Lekin endi o‘zimning sog‘lig‘im pand bera boshladi.

Farzandlarimga yaxshi ta’lim-tarbiya berib, ona degan buyuk nomga ega bo‘lishga harakat qilib yurgan kunlarimda 1 kiloyu 200 gramm vazn bilan tug‘ilgan Husanim mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan “O‘zbek jang san’ati” musobaqasida uchinchi bor faxrli 1-o‘rinni egalladi. Shu uch nafar qorako‘zimni Vatanimizga, xalqimizga nafi tegadigan insonlar bo‘lishini butun dunyo onalari kabi orzu qilaman. Buning uchun har qanday qiyinchilikni yengishga tayyorman.

Ammo yurak og‘rig‘im yetmaganidek, ayollarga xos xastalik ham kun sayin bezovta qila boshladi. Shifokorga ko‘rinishga esa ro‘zg‘ordan orttirolmayman, bu yoqda ijara puli. Uy egasi: “Bir kun kechiktirsang, uch bolang bilan ko‘chaga haydayman!” deb har safar dag‘dag‘a qilib ketadi. Ba’zan og‘riq kuchayganda ishga ham chiqolmay qolaman. Shu ketishda bir kun farzandlarimni tashlab ketishni o‘ylasam... qo‘rqib ketaman.

– Baribir foydasi yo‘q, murojaat qila-qila charchadim, endi peshonamdan ko‘raman, – deydi ayol yana ko‘zlariga yosh olib.

– Chiqmagan jondan umid, harakat qilib ko‘raylik, o‘zingizni o‘ylamasangiz uch bolangizni o‘ylang. Siz oxirgi marta 2017-yilning may oyida murojaat qilgan ekansiz. Hozir vaziyat butkul o‘zgardi. Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnomaligida kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj odamlar, ayniqsa, ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning chek-chegarasi yo‘q, — deya Prezidentning 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda unga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorini eslatdim.

– To‘g‘ri, Prezidentimizning ayollarga ko‘rsatayotgan yordami cheksiz bo‘lyapti, eshityapman, ko‘ryapman, lekin menga kelganda... Aybim, Toshkentda doimiy ro‘yxatda bo‘lmaganim. Shu uch bolamni deb Toshkentga kelib qoldim. Agar Husanimning sog‘lig‘i ko‘targanida edi...

– Siz O‘zbekiston fuqarosisiz, Toshkentda ro‘yxatingiz yo‘q degani, bu yerda yashashga, uy-joyga ega bo‘lishga haqqingiz yo‘q, degani emas. Qolaversa, maktabda ishlar ekansiz. Xalq ta’limi vazirligi ham Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatga o‘tish huquqiga ega idoralar ro‘yxatiga kiritilgan.

– Rostini aytsam, bo‘lmaydigan ish uchun yana idorama-idora yugurib, bekorga yo‘l kiraga pul sarf qilgim ham kelmayapti.

Xullas, ayolni norasida uch bolasi uchun yana “qog‘ozbozlik” qilishga ko‘ndirdim. “Shu ishingizni hal qilib beraman deb va’da bermayman-u lekin harakat qilaman”, dedim men ham bu ish hal bo‘lishiga ishonib-ishonmay.

Birinchi murojaatni bevosita ayollar va bolalar taqdiriga mas’ul bo‘lgan idora — xotin-qizlar qo‘mitasiga qiladigan bo‘ldik.

Ayol boshidan o‘tkazgan voqealarni yana bir-bir qog‘ozga tushirib, bu masalada qilingan murojaatlar, eridan ajrashgani haqidagi sud qarori, farzandi va o‘zining sog‘lig‘i joyida emasligi haqidagi tibbiy ma’lumotnomalardan nusxa olib, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva nomiga xat yozib, shu yilning 28 fevral kuni qo‘mitaning Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bo‘limiga topshirib keldi.

Oradan o‘n kun o‘tdi. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ko‘ra, Xotin-qizlar qo‘mitasi bu muddat ichida ayolga javob qaytarishi lozim edi. Lekin javob bo‘lmadi. Oradan 20 kun o‘tdi. Qo‘mita hamon jim. Noiloj bunga o‘zim aralashdim. Murojaatlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunni eslatdim. Jurnalistligimni aytganimdan so‘ng bo‘lim boshlig‘ining shaxsiy raqamini berdi. Bo‘lim boshlig‘i (ism-sharifini keltirmadim, gap egasini topadi) esa: “Ayolning ism-sharifini ayting, tezda javob qaytaramiz”, dedi. Aytgan ma’lumotlarni tezda yetkazdim.

Oradan yana o‘n kun o‘tdi. Murojaatchi ayolga qo‘ng‘iroq qilsam, hamon javob bo‘lmaganini ma’lum qildi.

“Qo‘ying, baribir natija chiqmaydi”, — dedi ayol yig‘lamoqdan beri bo‘lib.

Ertasi kuni Xotin-qizlar qo‘mitasi Murojaatlar bo‘limi boshlig‘ining qo‘l telefoniga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildim, javob bo‘lmadi. Indiniga ham shunday holat bo‘ldi. Jahlim chiqib, qo‘mita o‘rinbosarlari qabulxonalariga bir-bir sim qoqdim qani endi go‘shakni kimdir ko‘tarsa. Noiloj rais Tanzila Norboyevaning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildim, afsus u yerda ham hech kim go‘shakni ko‘tarmadi.

Haqiqatan ham endi nima qilishni bilmay o‘zimning ham boshim qotdi.

Noiloj Murojaatlar bo‘limi boshlig‘ining telegram kanalidagi manziliga quyidagi mazmunda xabar qoldirdim:

“Voyaga yetmagan uch bolasi bilan og‘ir sharoitda yashayotgan ayolning murojaatiga bir oydan beri javob qaytarilmadi. Jurnalist sifatida bu haqida o‘zingiz bilan ham gaplashgan edim. Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir sharoitda Qo‘mita barcha ayollarning murojaatiga ham birdek javob qaytarmaydi. Bu matbuotda yozishga arzigulik mavzu”.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay bo‘lim boshlig‘idan javob keldi. Menga qo‘ng‘iroq qilay desa raqamimni saqlamaganini aytib, uzrini so‘radi. Murojaat qilgan ayolning telefon raqamini so‘rab: “Albatta, ayol bilan bog‘lanib, bu masalani ijobiy hal qilishga harakat qilaman” degan javobni aytdi. Bundan xursand bo‘lib, ayolning shaxsiy raqamini berdim. Lekin...

Oradan ikki kun o‘tgach ayol bilan bog‘lanib, qo‘mitadan qo‘ng‘iroq bo‘lgan, bo‘lmaganini so‘radim. “Yo‘q” degan javobni berdi. “Baribir qo‘ng‘iroq qilmaydi, ularda mening telefon raqamim bor edi, murojaatimda yozib qoldirganman”, dedi ayol meni hayron qoldirib. Nahot shuncha gapdan so‘ng ham qo‘ng‘iroq qilmasa?!

Oradan yana besh-olti kun o‘tdi. Lekin qo‘mitadan na javob, na qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

Shundan so‘ng ayolga O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zAning Murojaatlar bo‘limiga uchrashishni maslahat berdim. Ayol shu kuni O‘zAga borib, murojaat qoldirdi.

Oradan bir necha kun o‘tib, O‘zAdan ayol maktubi keldi. Unda agentlik ayolning murojaatini Xotin-qizlar qo‘mitasi va Xalq ta’limi vazirligiga yo‘naltirgani ma’lum qilingan edi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi O‘zAdan kelgan xatni e’tiborsiz qoldirmadi. Xatni Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasiga, ular esa ayol hozir yashayotgan Yashnobod tumani hokimiyatiga jo‘natibdi.

Murojaatchi ayol mahalla orqali tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga chaqirildi.

Ayolning bildirishicha: “Bir mutaxassis chiqib: “Nega bizga yozmay, tepaga yozasiz”, deb jahl qildi va kutib turing, deb ichkariga kirib ketdi. Oradan ancha vaqt o‘tib qaytib chiqdi va qo‘mita boshlig‘ining meni qabul qilishga vaqti yo‘qligini aytib, qo‘limga javob xatini tutqazdi. Unda bu masala bo‘yicha doimiy ro‘yxatdagi manzilim bo‘yicha tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat etishim lozimligi aytilgan edi”.

Shu bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi ayolning murojaatiga nuqta qo‘ydi va o‘zini “oqladi”. Lekin muammo muammoligicha qoldi va yanada xuruj olmoqda.

Menimcha, Xotin-qizlar qo‘mitasi murojaatga bu tarzda nuqta qo‘ymaslik kerak edi. Avvalo Xalq ta’limi vazirligi bilan maslahatlashib, bu muammo hal bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar ayolni Toshkent shahriga ro‘yxatga qo‘yish-qo‘ymaslik va uy-joy bilan ta’minlash masalasi bilan jiddiy shug‘ullanib ko‘rishi lozim edi.

Balki Tanzila Norboyevaning bu murojaatdan umuman xabari yo‘qdir. Xabar topganida bu muammoga yechim topishga harakat qilgan bo‘lardi, degimiz keladi-yu, lekin deyolmaymiz.

Qo‘mita doimiy ro‘yxatga qo‘yish yoki uy-joy masalasida ko‘mak berolmagan taqdirda ham ayolga, onaizorga ijtimoiy yordam ko‘rsatib, avvalo sog‘lig‘ini jiddiy tekshiruvdan o‘tkazishga yordam ko‘rsatib, uyiga kelib “aldagani bola yaxshi” qabilida bo‘lsa ham bolalari holidan xabar olishi kerak emasmidi. Bunday “qo‘l uchidagi e’tibor”dan onaning ko‘nglini biroz bo‘lsa-da ko‘tarib, tobora so‘nib borayotgan yashashga, ertangi kunga bo‘lgan umidini uyg‘otsa bo‘lardi-ku!

Prezidentimizning “Uyma-uy yurib, odamlarning muammolarini o‘rganinglar, fuqarolarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshiringlar” deya qilayotgan da’vatlari nahot bee’tibor qolayotgan bo‘lsa.

“Qo‘mitaga murojaatimni topshirish vaqtida bir xorazmlik ayol bilan gaplashib qoldim. Yetti yildan buyon shu masala bo‘yicha murojaat qilayotgan ekan”, — deydi ayol.

Xotin-qizlar qo‘mtasi “Toshkentda ro‘yxatdan o‘tmay, uy-joy so‘rab murojaat qilgan ayollarning son-sanog‘i yo‘q. Qaysi birinikini hal qilib beramiz”, deya o‘zini oqlashi mumkin. Ammo hech birinikini hal qilmaslik ham insofdan emas.

Aslida bu haqida matbuotda bong urmoqchi emas edim. Xotin-qizlar qo‘mitasi e’tiborsizligini ko‘rib, bu masalaning ijobiy yechim topishiga endi o‘zimning ham ishonchim so‘nib borayotgan bo‘lsa-da, lekin kasalmand ayol va uning uch nafar bolasini “aytganingizdek hal bo‘lmas ekan”, deya umidsiz qoldirgim kelmadi.

Zora, ushbu chiqishdan keyin tegishli idoralar “uyg‘onib”, bu masala bilan jiddiy shug‘ullansa. Axir ayolning ham Toshkentda yashashga, yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga haqqi bordir.

Agar mutasaddi tashkilotlar ayolning, uning ortidagi voyaga yetmagan uch norasida bolasining taqdiriga befarq bo‘lmasa bu hal qilib bo‘lmaydigan masala emas. Masala hal qilinmagan taqdirda ham ayol baribir Qoraqalpog‘istonga qaytib ketmaydi. Axir ayol zoti farzandining yashashi, sog‘lig‘i uchun hatto jonini berishga ham tayyor. Shuni unutmaylik.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-05-2019, 12:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 53) ( 0) ( 51) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют