» » Prezidentga “andijoncha spektakl” qo‘yilgani rostmi?

Prezidentga “andijoncha spektakl” qo‘yilgani rostmi?


28-may kuni “Ozodlik” radiosida andijonlik 35 yoshli Xurshida Tillayevaning video murojaati e’lon qilindi. Ikki nafar farzandi bor ayolning ta’kidlashicha, unga 16-may kuni O‘zbekiston Prezidenti Andijonga tashrif buyurganida “O‘zbekiston 24” telekanali muxbiriga xursandligidan yangi uyga ko‘chib o‘tganligini aytish mutasaddilar tomonidan tayinlangan. U esa quvonganidan intervyu bergan va bu efirga uzatilgan. Ammo Prezident viloyatdan poytaxtga qaytishi bilan ayoldan uy olib qo‘yilgan. Shuningdek, davlat rahbariga “uy berilgan” deya ko‘rsatilgan 6 ayoldan ham uy qaytarib olingani iddao qilingan. Ayolning mazkur murojaati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida keng bahs-munozaralarni yuzaga keltirdi va bu hanuz davom etyapti. “Daryo” muxbiri ushbu holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazish maqsadida Andijon shahridagi “Mustaqillik” MFYda bo‘ldi.

Xurshida Tillayeva bilan suhbatlashib, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida uning buzilishga tushgan yashash xonadoniga borganimizda uyda 23 yoshli nogiron ukasi yolg‘iz ekan. Qo‘shnilari orqali onasi Halima ayaning qo‘l telefoniga aloqaga chiqdik. U qizi va “Mustaqillik tikuvchilik majmuasi” MChJ rahbari hamrohligida Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusovaning oldiga, shaharning Bog‘ishamol dahasida yangi qurilgan uylar tomon ketayotganini, yarim soatlar ichida ortlariga qaytib, biz bilan bafurja suhbatlashishini aytdi. Vaqtdan samarali foydalanish niyatida Xurshida Tillayevadan tashqari yana 6 nafar ayoldan ham uy qaytarib olingani haqidagi xabarlar qanchalik rostligiga aniqlik kiritishga tushdik. Muqim boshpanasi yo‘qligidan qiynalib, ijarama-ijara sarsonlikda hayot kechirayotgan o‘sha 6 nafar ayolning 4 nafari bilan muloqotda bo‘ldik. Bu ayollar o‘zlari ko‘rib, guvohiga aylangan barcha holatlarni ko‘zda yosh ila ochiq-oydin hikoya qilib berdi.

“Mustaqillik tikuvchilik majmuasi”da ishlovchi 30 yoshli Muyassar Rahimova turmushidan ajragach, uch nafar farzandi bilan ota uyiga qaytib kelgan. 4 oy avval viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi unga va uy-joyga muhtoj yana bir necha kishi, jumladan Xurshida Tillayevaga ham Prezident sovg‘asi sifatida namunali uylardan berilishini ma’lum qilgan. Aprel oyida u yangi uylar oldida “O‘zbekiston 24” telekanali uchun ham intervyu bergan. Muyassar Rahimovaga Prezident keladigan kuni o‘zi va bolalari chiroyli kiyinib kelishini tayinlashgan, ammo Prezident ketganidan so‘ng ayolga namunali uylardan biri berilmasligini ma’lum qilishgan.

— Bundan to‘rt oy avval Manzura Pazliddinovna (viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi – tahr.) 10 nafar haqiqiy uyga muhtojlarni o‘sha namunali uylarga olib bordi. Ular ichida mendan tashqari Xurshida, Dilfuza Hojimatova, Shohista Bakirova, Zulfiya opa, Xayriniso xola, Kamoliddin akalar ham bor edi. O‘shanda Manzura opa “Prezidentimiz sovg‘asi bu sizlarga. Biz faqat buyruqni bajaryapmiz. Uylar sotilmaydi, ko‘ngilni to‘q qilinglar. Barcha qiyinchiliklar hali ortda qolib ketadi. Podshohni nazari tushib, uyli bo‘lyapsizlar”, dedi. Biz esa uydan umid qilib, ishchi kiyimlar va postellar ishlab chiqaradigan “Mustaqillik” tikuvchilik sexida dam olish kunlari ham ko‘p pul topish maqsadida astoydil ishlashda davom etdik. Bu yerga oktabr oyida ishga kirganman. O‘shanda ayollar kasalligi bo‘yicha operatsiyani boshdan kechirganimga bir hafta bo‘lgandi. Maoshim o‘zimni hisobim bo‘yicha o‘rtacha bir million so‘m bo‘lishi kerak edi. Ammo kompyuterga buning yarmi tushardi. Ikki marta bolam kasal bo‘lganda ilojsiz 200 mingdan 400 ming so‘m va bir marta mukofot sifatida 100 ming so‘mni amallab oldim xolos. Qolgan pullarimiz esa uy uchun o‘tardi. Mutassadilar qistovi va xursandligimdan aprel oyida “O‘zbekiston 24” kanali uchun intervyu ham berganman. Muxbirlar sexda ish qilayotganimni va biz uchun ajratilgan uy oldida mamnuniyat bilan gapirganimni syomka qilishgandi.

Prezident viloyatimizga kelgan kuni ertalab soat 08:00 lar atrofida o‘sha uylarda yig‘ildik. Manzura opa “Ortiqcha gap-so‘z qilmaysizlar, rahmat, aytinglar xolos. Uylar albatta, beriladi sizlarga, faqat ko‘chayotganlaringizda o‘rni almashishi mumkin. Kayfiyatni buzmanglar”, deya qattiq tayinladi. O‘zim adras ko‘ylak-lozim, farzandlarim ham chiroyli kiyinishi kerakligini aytishdi. Uyda bir so‘m ham mablag‘im yo‘qligi bois bir tanishimdan 500 ming so‘m qarz olib, bolalarim bilan kiyinib, yasandik. O‘sha kuni o‘zini Prezident qo‘riqchisi deya tanishtirgan bir aka menga berilgan uyga kirib, “Sizlarga bu uylar jihozlari bilan berilishi haqida topshiriq bo‘lgan. Qulluq bo‘lsin!”, deb tabrikladi. Men, Xurshidaxon va Shohistaxon uchun yangi uylarning hujjatlari rasmiylashtirilayotganligini Manzura opa Tanzila Norboyevaga aytayotganini eshitgach, ko‘nglimiz yanada yorishdi.

Prezidentni kuzatib, uyga qaytishimdan keyin hech qancha vaqt o‘tmay seximizning kadrlar bo‘yicha mutaxassisi Mavluda opa telefon qildi. “Muyassar hammaga birma-bir aytib chiqdim. Senlarga uy berilganiga boshida ishongandim men ham. Ammo uy yo‘q ekan. Sizlar aktrisalik qilibsizlar”, dedi. Uning bu gaplaridan shokka tushib qoldim. O‘sha kundan beri xavotir, tinchim yo‘q. Umidsizlikda yashash juda qiyin ekan.

Bir yil oldin turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganman. U besh yil burun mening ustimga yana uylanib olgan. Bundan o‘sha vaqtda xabar topsam-da, oilam buzilmasin, ikki o‘g‘il va bir qizim yetim bo‘lmasin, erimga insof berar, degan niyatda sabr qilib yashadim. Ammo ko‘p xo‘rlanib, qiyinchilikda kun kechirishga toqatim yetmadi va oilamizga darz ketdi. Qizlik uyimda ikki xonada 15 ga yaqin odam juda qiyin ahvolda yashaymiz. O‘z Vatanim, bolalarim o‘qimishli bo‘lishini istayman. Hayot qiyinchiliklarini yengib, 3 farzandim uchun kurashishdan aslo ortga chekinmayman. Menga o‘sha namunali uylar oldida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birini beramiz, deyishdi. Ammo ko‘nmayapman. Bizni shu paytgacha nega aldab kelishdi? Nima uchun Prezident kelib-ketgach, uyni yana qaytarib olishdi? Eshitishimcha, menga deb berilgan o‘sha yangi uy hozir xususiy bog‘chaga aylantirilibdi.

Tikuvchilik sexida ishlovchi Shohistaxon Bakirovaning onasi Shirinxon aya Bakirova 20 yildan beri ijara uylarda yashashini aytdi.

— Aslida 4 qiz va bir o‘g‘lim bilan kichkina uyda yashardik. O‘g‘lim uylanib, 5 farzandning otasi bo‘lgach, 12 jonga u yer kichkinalik qildi. Farzandlarim baxtini o‘ylab, ilojsiz uyni o‘g‘limga tashlab, ijara uylarda yashay boshladik. Yigirma yildan beri shu tarzda kun ko‘ramiz. 2016-yili hokimiyatga uy-joy masalasi bo‘yicha murojaat qildim. Ulardan esa rad javobi keldi. Hokimiyatning uy-joy bo‘limida uyga muhtojlar ro‘yxatida turaman haligacha. Ikki nafar qizim turmushidan ajragan. Nevaralarim bilan birga yashaymiz, — dedi Shirinxon aya Bakirova.

Shohistaxon Bakirova viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tikuvchilik sexining 8 ishchisini yangi uylarga olib borib, ularga bittadan uy ajratib bergani, u quvonganidan “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyu ham berganini aytdi. Shohistaxon Bakirovaning so‘zlariga ko‘ra, Prezident uyiga kirgan Dilfuza Hojimatova ismli ayolgagina uy berilgan, qolganlarga esa ko‘p qavatli uylardan kvartira berilishi ma’lum qilingan.

— Onamning ahvolini ko‘rib turibsiz uka. 2-guruh nogironi, yuragida o‘simtasi bor, tez-tez kasal bo‘ladi. Uysizlikdan sarson yurib zerikdik. Men ham uch, to‘rt marta operatsiya stolida yotganman. Ko‘z nurlarim juda sust. Shu holatimda Muyassarxon va boshqa qo‘shni ayollar qatori sexda ishlayman. Barchamiz teng va bir xil ish qilganligimiz uchun maoshimizda farq yo‘q. Uch marta muxtojlikdan hisobchiga yig‘lab-siqtab jami 300 ming so‘m olganimni yashirmayman.

O‘tgan yilning oxirida qaysidir vazirlikdan To‘xtaboy yoki Xudoybergan ismli (Keyinroq “Daryo” muxbiri Prezident maslahatchisi Tursinxon Xudoybergenovning suratini tikuvchi ayollarga ko‘rsatganda, ular 2018-yil oxirida aynan u kelganini tasdiqladi) odam kelib, bizga bunyod etilayotgan yangi uylardan berilishini hokimlik vakillarining oldida aytgandi. Oradan uch oy o‘tgach, shahar xotin-qizlar qo‘mitasidan Ravshanoy opa kelib, barchamizning sexdagi pullarimiz endilikda ko‘p qavatli uylar uchun o‘tishini ta’kidladi. Bundan hayron bo‘lib, “Biz kottej olishimizga ishonib, ishlayotgandik”, desak “Xohlaganlar ishlasin”, dedi. Keyin hech qancha vaqt o‘tmay, Manzura Pazliddinovna 8 nafarimizni yangi uylarga olib borib, bittadan ajratib berdi. Men ham quvonib, Navro‘zdan so‘ng “O‘zbekiston 24”ga intervyu berganman. Ishonmasangiz, kanal arxividan izlasangiz, chiqib qoladi.

Xullas, Prezident namunali uylarga borgan kuni kechga yaqin u yerdan, ertasiga eski ijara uyimizdan haydaldik. Keyin Manzura opa bilan ko‘rishdik. Uning yordami orqali shu uyda vaqtinchalik yashayapmiz. Deyarli har kuni ijrochi ayollar kelishib, tezroq chiqib ketishligimizni aytishyapti. 22-may kuni Muyassar ikkimiz yig‘lab, birovlardan qarz-havola qilib Prezident portalidan yordam so‘rab, Toshkent sari otlandik. U yerda xodimlarga bor gapni aytdik va tashkilot raisining qabuliga yozib kelindik. Oy oxirida yana boramiz. Nega Prezident uyiga kirgan va suhbatlashgan ayol — Dilfuza Hojimatovaga uy berilyapti? U ham boshida biz bilan ro‘yxatda edi-ku. Oilamizga bermoqchi bo‘lgan ko‘p qavatli uylar avgustda bitarkan. Balkoni, kanalizatsiyasi yo‘q binoda keksa onam bilan qanday yashaymiz? Bizni nega aldashdi boshida? Shunga hayronmiz, — dedi Shohistaxon Bakirova.

Surishtiruv davomida, shu mahalladagi buzilishga tushgan uylarda ijarada yashayotgan, yuqorida suhbatdoshlarimiz ismlarini zikr etgan Xayriniso aya Ermatova hamda Zulfiya opa Abduvaliyevalar bilan ham qisqa muloqotda bo‘ldik. Har ikkisining ham oilasida nogironligi bor odamlar istiqomat qilishiga guvoh bo‘ldik. Bu ayollar ham aldanganini tan oldiyu, yuragidagi dardlarini yorishni istamadi.

Tushlikdan keyin Xurshida Tillayevaning xonadoniga qayta kirdik. U esa “Ozodlik”ka nima sabab video murojaat yo‘llashga qaror qildingiz?”, degan ilk savolimizgayoq tili bazo‘r aylanib, “Men hech narsaga tushunmabman. Bu yerda tushunmovchilik bo‘ldi. Televideniyega onamning uyida turib, intervyu berganman. Menga ham namunali uy beriladi, deb o‘ylabman. Aslida esa ko‘p qavatli uy ajratilib, ish haqimdan to‘lov qilinayotgan ekan”, deya javob qaytardi. “Aytishlaricha, yana 6 nafar ayol sheriklaringizdan ham uylar olib qo‘yilibdi. Shu rostmi?”, degan savolimizga esa javob berishni istamadi. Qisqasi, Xurshida Tillayeva kun bo‘yi turli OAVlarga intervyu beraverib, charchaganmi, savollarimizga jo‘yali fikrlar ololmadik.

Shundan so‘ng, “Mustaqillik tikuvchilik majmuasi” MChJ kadrlar bo‘limi boshlig‘i Mavluda Nishonovaga sim qoqdik. U savollarimizni go‘yoki eshitmaganga olib, Xurshida Tillayevadan tashqari boshqa ayol xodimlarining uy masalasidagi muammosidan xabari yo‘qligini bildirdi. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova bilan esa bog‘lanishning sira iloji bo‘lmadi.

“Daryo” mazkur mavzuni kuzatishda davom etadi...



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-05-2019, 12:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 71) ( 0) ( 71) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют