» » Qashqadaryoda ayiqdan qochayotganda homilador ayol va bola yiqilib tushgan. Ayolning homilasi tushgani, bolaning qo‘li singani aytilmoqda

Qashqadaryoda ayiqdan qochayotganda homilador ayol va bola yiqilib tushgan. Ayolning homilasi tushgani, bolaning qo‘li singani aytilmoqda


Bundan sal avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda yovvoyi ayiqqa nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘layotgan kishilar suratga olingan video tarqaldi. Sal o‘tib jurnalist Nargis Qosimova o‘zining Facebook’dagi sahifasida va hatto telegram kanallarida voqea Qashqadaryo viloyatida sodir bo‘lgani, ammo aynan qaysi tuman ekanligi noma’lumligi haqida yozib, bunga darhol munosabat bildirilishi lozimligi xususida bong ura boshladi. O‘zA voqeaga oydinlik kiritib, o‘ldirilgan ayiq voqeasi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Langar MFY Tutli qishlog‘ida sodir bo‘lganini yozdi.

Voqea tafsilotlarini bilish maqsadida “Daryo” muxbiri Tutli qishlog‘ida bo‘ldi.

— 28-may kuni soat chamasi 9–10 lar atrofida ayiq “Qalqama” suv omboriga quyuluvchi “Qo‘shtepa” daryosidan o‘tib, qo‘shnimiz Qosim Qiyomovning tomorqasi orqali bizning tomorqaga o‘tgan, — deydi xonadoniga ayiq kirgan Husan To‘rayev. – O‘sha paytda olomon yig‘ilib kelgan. Ovchi ayiqqa birinchi o‘qni otgan-da, ayiq yiqilmagan. Ariqqa kirib olgan. Ikkinchi o‘q peshonasiga tekkandan so‘ng, o‘lgan. Men kelgan paytda ayiq o‘lib bo‘lgan ekan.

Tutli qishlog‘ida yashovchilarning ma’lumot berishicha, ayiq tepalikdan tushib kelgunga qadar yo‘ldagi xonadonlarga kirgan. Xonadon farzandlarini qo‘rqitgan.

— Ayiq o‘sha xonadon farzandlariga qarab o‘kirgan va yosh bolalarni qo‘rqitgan, — deydi Husan To‘rayev. – Shu boisdan ham qishloqdoshlarda ayiq quturgan degan taxmin bo‘lgan va ovchi chaqirib, ayiqni otib o‘ldirgan.

Aholining ayiq quturgan deya taxmin qilishiga sabab ayiq qishloq aholisiga ko‘rinib turuvchi tepalikdan tushgunga qadar ot va qoramollarga ham tahdid qilgan.

Voqeaga guvoh bo‘lgan Nuriddin To‘rayevning aytishicha, ayiq uni 15 metrgacha ta’qib qilib borgan.

— Ayiq tepalikdan tushayotgan payt tomorqada ishlayotgandim, — deydi Nuriddin To‘rayev. — Yugurib chiqsam, ayiqqa ro‘para kelib qoldim. Qo‘rqib ketib qochdim. Shunda ayiq meni 15 metrgacha quvdi.

— 28-may kuni ertalab soat 9 da qishlog‘imizdagi Saydulla ismli yigit menga telefon qilib, qishloqqa ayiq kirib kelganini aytdi, — deydi “Langar” MFY raisi Usmon Abdurahmonov. – Ayiq dastlab, qishloq boshidagi Ne’mat Husanov xonadoniga kirib, bolalarini qo‘rqitgan. So‘ngra ekinni payhon qilib, qora mollarga hujum qilgan. Bu gapni eshitishim bilan aytilgan joyga qarab yo‘l oldim. Voqea joyiga 20 daqiqada yetib bordim.

MFY raisining gapiga ko‘ra, ayiq Husan To‘rayev xonadonida otib o‘ldirilishidan oldin, 10 ta xonadon tomorqasini payhon qilib, qora mollariga tashlangan. Buni ko‘rgan ovchi Qahramon Sulaymonov esa raisga telefon qilib, ayiqning tajovuzkorligi haqida xabar bergan va nima qilishi lozimligi haqida so‘ragan. Rais avvaliga ayiqni qafasga solish yoki iziga qaytarib yuborish imkoni xususida so‘ragan. Buning imkoni yo‘qligini eshitgach, vaziyatga qarab ish ko‘rishni maslahat bergan.

Ovchi Qahramon Sulaymonov 28-may kuni raisga 2 marta qo‘ng‘iroq qilgan. Ertalab soat 8 dagi birinchi qo‘ng‘irog‘ida tog‘dagi cho‘ponlardan qishloqqa ayiq tushib kelayotganini eshitganini aytib, biror bir joydan ayiq qochgan yoki qochmaganligini surishtirib ko‘rishni so‘ragan.

— Raisga ikkinchi marotaba qo‘ng‘iroq qilganimda ayiq qishloqqa tushib kelganligini aytdim, — deydi Qahramon Sulaymonov. — Vaziyat yomonligini, ayiq tajovuzkor ekanligini bildirdim. Rais vaziyat yomon bo‘lsa, otishimiz mumkinligini, bu haqda tuman prokuraturasini ogohlantirganini aytdi.

Qahramon Sulaymonovning ma’lumot berishicha, ayiq 3 ta o‘qdan so‘ng o‘lgan.

“Langar” MFY raisining qo‘shimcha qilishicha, ayiq daryo bo‘yiga kelganda shu qishloqda yashovchi Rashid Usmonovning kelini Sabogul Abduraimova daryo bo‘yida bo‘lgan, kelinchak ayiqdan qo‘rqib, qochaman deb yiqilib tushgan. Oqibatda kelinchakning homilasi tushgan. Qolaversa, shu qishloqda yashovchi yosh bola ham unga qarab o‘kirgan ayiqdan qochaman deya yiqilib tushib, qo‘lini sindirgan.

Tuman tibbiyot birlashmaning 3-iyun kunidagi tug‘ruq bo‘limi navbatchi hamshirasi Inobat Bozorovaning ma’lumot berishicha, 28-,29- va 30-may kunlari Sabogul Abduraimova ismli bemor bo‘limga murojaat qilmagan. Javohir Saidahmedov ismli bola esa o‘sha kuni haqiqatdan ham qo‘li sinib, tuman tibbiyot birlashmaga murojaat qilgan. Ayni kunda bemor shifoxonada.

Ovchi Qahramon Sulaymonovning qo‘shimcha qilishicha, o‘sha kuni ayiq o‘lgach, hayvon o‘ligini tahqirlab rasmga tushgan ikki kishi aqlan zaif va soqov bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyat hayvonlar kasalliklari tashhisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi direktorining “Daryo”ga ma’lumot berishicha, otib o‘ldirilgan ayiq 5 yoshda bo‘lgan. Ayiq 2019-yil 1-iyun kuni ekspertiza tekshiruvidan o‘tkazilgan. Dastlabki mikroskopik tekshiruvda quturish kasalligini tasdiqlovchi Babesh Negri tanachalari topilmagan. Mutaxassislarning aytishicha, laboratoriya oq sichqonlariga biosinama qo‘yilgan bo‘lib, natija 30 kunda ma’lum bo‘ladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-06-2019, 15:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 122) ( 0) ( 119) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют