» » Uchquduqdagi ovulni sel bosdi. Tuman hokimligi zarar miqdori hisoblab chiqilgach, aholiga yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi

Uchquduqdagi ovulni sel bosdi. Tuman hokimligi zarar miqdori hisoblab chiqilgach, aholiga yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi


Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida 3-iyun kuni kuchli shamol va yomg‘ir oqibatida sel kelishi kuzatildi. Xususan, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan “Yo‘lchilar” ovul fuqarolar yig‘inidagi bir necha xonadonni suv bosgan, ovuldan o‘tgan trassaning bir qismini sel yuvib ketgan.

Ovulda istiqomat qiluvchi Umida Zafarovaning “Daryo”ga xabar berishicha, uning xonadoni ichini bir metrgacha suv bosgan, pol o‘pirilib ketgan, kuchli shamol oqibatida uyining tomi qulagan. Shamol vaqtida simyog‘och yonib, xonadon elektr tarmog‘idan uzilib qolgan.

“Yordam so‘rab tuman hokimligiga borganimda, hokim o‘rinbosari: ‘Selni biz qilmadik, talofatni bartaraf etish bo‘yicha davlat pul ajratmagan, qachonki biror homiy chiqsa, uyingizni ta’mirlab beramiz’, deb javob berdi”, — deydi “Yo‘lchilar” OFYda istiqomat qiluvchi ayol.

Uchquduq tumani hokimligi vakillari Umida Zafarova 4-iyun kuni murojaat bilan kelganini tasdiqladi. Tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Farrux Bafoyevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, hokimlik seldan zarar ko‘rgan fuqarolarga yordam ko‘rsatishdan qochmaydi, faqat avval tabiiy ofat keltirgan zarar hisoblab chiqilishi kerak.

“Umida Zafarovaga yuz bergan holat tabiiy ofat ekanligini, uning oqibatlarini bartaraf etishni hech kim o‘z zimmasiga olmasligini aytdim. Sel keltirgan zarar xisoblab chiqilgach, uy ta’miriga yordam berilishini bildirdim. Lekin u ayol naqd pul berishni talab qildi. Biz unga tushuntirdik. Komissiya o‘rganib chiqqanidan so‘ng, uy ta’miriga yordam ko‘rsatiladi. Bunda tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan homiylik mablag‘laridan ham foydalaniladi”, — dedi Bafoyev.

Hokim o‘rinbosarining qayd etishicha, sel kelgan kuniyoq hodisa joyiga tuman hokimi va mutassadi tashkilotlar rahbarlari yetib borgan, hodisa yuzasidan shtab tuzilgan. “Yo‘lchilar” ovul fuqarolar yig‘inida jami 21 ta xonadonning hovli qismini suv bosgan, ikkita xonadonning ko‘cha tomondan o‘rab turgan devori qulagan, faqat bitta xonadonning uy qismiga bir metr emas, balki 20 santimetr suv kirgan. Hozirda yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilmoqda.

“Yo‘l bo‘limi xodimlari tomonidan uylar ichida yig‘ilgan suv chiqarib tashlandi. Shuningdek, ovuldan o‘tuvchi kengligi 6 metr bo‘lgan yo‘lning bir qismini ham sel yuvib ketgan. Simyog‘ochlar yonib ketmagan, aksincha, sel vaqtida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ovul xonadonlari vaqtincha elektr tarmog‘idan uzib qo‘yildi”, — dedi Uchquduq tumani hokimligi vakili.

Farrux Bafoyevning alohida qayd etishicha, ovuldagi ba’zi uylar o‘zboshimchalik bilan soy o‘zaniga qurib olingan. Aholi bu haqda avvaldan ogohlantirilgan, ammo xavfsizlik choralari ko‘rilmagani bois, ayrim xonadonlarni sel bosgan.

Qayd etish joiz, toshqinlar tuman markazi Uchquduq shahrida ham kuzatilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-06-2019, 19:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 88) ( 0) ( 87) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют