» » Farg‘onadagi qonli mojaroga 30 yil bo‘ldi. Qirg‘inda Kremlning roli qanday bo‘lgan?

Farg‘onadagi qonli mojaroga 30 yil bo‘ldi. Qirg‘inda Kremlning roli qanday bo‘lgan?


Bundan 30 yil avval, iyun oyining 3-sanasida O‘zbekiston tarixida bir necha kun davom etgan qora kunlar boshlangan edi. O‘shanda Farg‘ona viloyatida mahalliy xalq bilan biz “mesxeti turklar” deydigan, o‘zlarini “ahiska turklari” deb ataydigan, tarixiy ildizi va e’tiqodi o‘zbeklarga ham qardosh, ham dindosh bo‘lgan xalq o‘rtasida qonli mojaro bo‘lib o‘tgan edi. “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh o‘sha qonli voqealar haqida hikoya qiladi.

Tan olish kerak, o‘sha mojarolarda jabr chekkanlar asosan mesxeti turklar bo‘ldi. Chunki son jihatidan oz bo‘lgan turklar hech qachon mahalliy xalqqa bas kela olmasdi.

Voqealar qanday kechganini yozishdan avval mesxeti turklar yurtimizga qanday kelib qolgani haqida ikki og‘iz gaplashsak.

Manfur Stalin 1944-yilda, urush SSSR chegarasidan chiqib, Sharqiy Yevpopa mamlakatlari hududiga ko‘chib o‘tib, mamlakat biroz tinchiganidan keyin bir qancha kichik xalqlarni “vatanga xiyonat”da ayblab, ularni o‘z yurtlaridan o‘zga yerlarga badarg‘a qilish haqida qarorlar e’lon qildi. O‘sha qarorlarga ko‘ra Qrimdagi tub aholi bo‘lmish qrimtatarlar, Shimoliy Kavkazdagi chechen va ingushlar, Gruziyadagi Turkiya bilan chegaradosh bo‘lgan Mesxetiya o‘lkasida yashaydigan mesxeti turklar o‘zlari yashab turgan uylaridan, vatanlaridan majburan chiqarilib, boshqa o‘lkalarga, asosan Markaziy Osiyo respublikalariga, jumladan, O‘zbekistonga surgun qilindi. O‘shanda qrimtatarlar, chechenlar va ingushlarni “nemis fashistlariga sotilgan” degan yorliq bilan surgun qilgan bo‘lsalar, mesxeti turklarni “Turkiyaga sotilgan”likda ayblashdi. Bir faktga e’tibor bering: hammasi musulmonlar, asosiy qismi Kavkaz xalqlari surgun qilingan. Stalinning kelib chiqishi gruzin ekanligini inobatga olsak, Kavkaz xalqlarini, buning ustiga asosan musulmonlar o‘z uyidan badarg‘a qilinishi bejizga emasga o‘xshaydi. Chunki agar gap birgina sotqinlik haqida bo‘lganida edi, ruslar, ukrainlar, belaruslar orasida ham fashistlarga sadoqat bilan xizmat qilgan odamlar ko‘p edi. General Vlasovni eslaylik. Urushning hal qiluvchi pallasida bu rus generali katta armiya bilan nemislar tomoniga o‘tib ketgan.

Shunday ekan, fikrimcha, bu o‘rinda sotqinlik bahonasida Stalin o‘z g‘arazlari uchun bu millatlarni surgun qilgan degan asos haqiqatga yaqindir.

Shundan so‘ng yo‘llardagi ming bir azobda qiynalgan mesxeti turklarning aksariyat qismi O‘zbekistonga, Farg‘ona viloyatiga olib kelib joylashtirildi. Xalqimizning aksar qismi o‘shanda bu millatga qo‘lidan kelgan barcha yordamni bergan, urush, qiyinchilik davr bo‘lishiga qaramay, bir burda nonini baham ko‘rgan. Oradan yillar o‘tib, Stalin vafotidan so‘ng, 1956-yilda bu xalqqa o‘z vataniga qaytishga ruxsat berildi. Kimlardir ortga qaytdi. Ammo turklarning Mesxetiyasi boshqalar tomonidan egallab bo‘lingan edi. Turklarning asosiy qismi O‘zbekistonda yashab qoldi; kelib chiqishi va e’tiqodi o‘zbeklar bilan bir bo‘lgan bu millat O‘zbekistonda ona vatanida yashaganday yashadi.

Endi 1989-yilgi fojiaga kelsak. O‘shanda rasmiy Moskva bu mojaroga turli sabablarni ro‘kach qildi. “O‘zbek qizini mesxeti turklar zo‘rlab qo‘ygan”, “pivoxonada chiqqan janjaldan boshlangan”, “Bozorda mesxeti turk o‘zbek ayolini haqorat qilgan” va boshqa ko‘plab sabablar keltirildi. Ammo keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, tobora parchalanib, tarqab ketishi aniq bo‘lib borayotgan SSSRning o‘sha davrdagi rahbarlari o‘sha paytda turli respublikalarda mojarolar chiqarib, shu yo‘l bilan Ittifoqni saqlab qolish payida bo‘lgan.

O‘zbekistonda mesxeti turklar va mahalliy xalq o‘rtasida;

Qirg‘izistonda o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida;

Ozarbayjonda Tog‘li Qorabog‘da ozarbayjonlar va armanilar o‘rtasida;

Gruziyada gruzinlar va abxazlar, gruzinlar va osetinlar o‘rtasida;

Moldovada, Dnestbo‘yida ruslar va moldavanlar, gagauzlar va moldavanlar o‘rtasida.

Bu mojarolarning hammasida Kremlning hissasi bor edi va ularning rejalari Moskvada tuzilgan.

Ustoz yozuvchi Tohir Malik domla o‘zining “Murdalar gapirmaydilar” nomli romanida Farg‘onadagi mojaroning boshlanishida Moskvaning hissasi qanday bo‘lganini qisman ochib bergan. Shuningdek, keyinchalik SSSR tarqab ketishi ortidan nafaqat Farg‘onadagi, balki yuqorida keltirganim sobiq Ittifoqning turli hududlaridagi ko‘plab mojarolarni rasmiy Moskva uyushtirganini isbotlovchi ko‘plab dalillar yuzaga chiqdi. O‘shanda Moskvaning bunday o‘yinlarida ishtirokchi bo‘lganlar rejalar Moskvada ishlab chiqilganini oshkor etdi.

Ammo o‘shanda Farg‘ona viloyatida “mesxeti turk o‘zbek qizini zo‘rlabdi” yoki shunga o‘xshash yolg‘on gaplarni eshitgan, Moskvadan kelib 1–2 o‘zbekni o‘ldirib, turklarga yopishtirilganini anglab yetmagan mahalliy aholini to‘xtatish qiyin edi.

Ko‘zi qonga to‘lgan o‘zbek yigitlari qayerda mesxeti turklar yashaydigan xonadon bo‘lsa bostirib kirib, ularga nisbatan nima zo‘ravonliklar bo‘lsa qildi. Oxiri Farg‘onaga harbiy bo‘linmalar tashlandi. “Mana biz odil davlatmiz” deganday, ular o‘zlaricha mesxeti turklarni uylarini qo‘riqladi. Mojaro rejasi Moskvada tuzilganiga yana bir isbot shuki, o‘shangacha sodir bo‘lgan mojarolarni imi-jimida yopib kelgan Moskva Farg‘onadagi fojiani suratga olib, televideniyeda ko‘rsatish uchun markaziy televideniyadan bir nechta operator va muxbirdan iborat butun boshli guruhni yuborgan va har kuni necha martadan “olovli nuqta”dan “o‘zbeklarning qonxo‘rligi”, “o‘zbeklarning zo‘ravonligi” haqida reportajlar berib borilgan edi.

To‘polonlar turklar yurtimizdan olib chiqib ketilishi bilan tugadi.

Moskvadagi markaziy televideniye ko‘rsatgan lavhalardan farqli ravishda, xorij mediasiga intervyu bergan mesxeti turklar hammasi tushunarsiz tarzda boshlangani, boshida o‘zbeklar bilan mojaro chiqqaniga ishonmaganlari va bir-birlaridan “balki ruslar bilan mojaro chiqqandir” deb so‘raganlari, chunki ungacha o‘zbeklar bilan hech qachon kelishmovchilik yuz bermagani, o‘zbeklar va turklar ildizan va e’tiqod jihatdan yaqin bo‘lganlarini, hatto quda-anda tutinib ketganlari, shu uchun o‘zbeklarning mesxeti turklarga qarshi ko‘tarilganlariga ishonmaganlarini hikoya qilganlar.

Oradan yillar o‘tib, o‘z vataniga sig‘magan mesxeti turklar dunyo bo‘ylab tarqab ketdi. Ularning bir guruhi BMT dasturi bo‘yicha AQShga ko‘chirildi. Bir qismi Turkiyaga ketdi. Asosiy qismi Rossiyaga ko‘chirildi. Shuncha mojaroga qaramay, bir qismi “vatanim O‘zbekiston, o‘lsam qabrim shu yerda bo‘lsin” deb O‘zbekistonda qoldi. Bugungi kunda ular yurtimizda mahalliy xalq bilan bir oila bo‘lib, o‘z uylarida yashaganday yashayapti. Eng muhimi, bugun mesxeti turklarning hammasi o‘sha qonli voqealarni rasmiy Moskva uyushtirganini, o‘zbeklar va turklar esa vaziyat qurboni bo‘lganini biladi. Shu uchun ham bugun mesxeti turklar dunyoning qayerida yashashidan qat’iy nazar O‘zbekistonni hurmat va sog‘inch bilan tilga oladi hamda “ikkinchi vatanimiz” deb ataydi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarda mesxeti turklar O‘zbekiston sharafiga hurmat bilan yozayotgan bitiklardan ham bilsa bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-06-2019, 21:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 84) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют