» » “Kinoni reallikka qorishtirmaylik”. Mutaxassis “Chernobil” seriali va O‘zbekistondagi atom energetikasi istiqbollari haqida

“Kinoni reallikka qorishtirmaylik”. Mutaxassis “Chernobil” seriali va O‘zbekistondagi atom energetikasi istiqbollari haqida


AQShning HBO telekanali namoyish etgan “Chernobil” seriali atrofidagi bahs-munozaralar tinmayapti. Oldinroq “Daryo”da e’lon qilingan taqrizda o‘zbek mualliflari serialni ko‘rib, mamlakatda qurilishi mumkin bo‘lgan AESda jiddiy xavf ko‘ra boshlagani aytib o‘tilgan edi. Soha mutaxassisi, fizik olim Sarvar Qurbonov serialni real hayotga taqqoslab, undagi haqqoniy va mubolag‘a jihatlarga e’tibor qaratdi, shuningdek, O‘zbekistonda AES qurilishi borasida o‘z fikrlarini berdi.

Shu yilning may oyidan boshlab HBO telekanali tomonidan namoyish etilgan “Chernobil” mini-seriali ko‘plab teletamoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Reytingda o‘ta yuqorilayotgan serial O‘zbekistonda ham katta propaganda vazifasini bajardi. Nega deysizmi? Chunki yurtimizda Rossiya bilan hamkorlikda AES qurilishi bo‘yicha shartnoma qilingan va ishlar davom etmoqda. Serial bu haqdagi bahslarga ta’sir o‘tkazmay qo‘ymadi.

AES qanday ishlaydi?

Atom elektr stansiyasi atom yadrosi ajralib chiqishi natijasida hosil bo‘ladigan reaksiya asosida ishlaydi. Yoqilg‘i sifatida uran yoki plutoniy atomlari ishtirok etadi.

AESda urandan foydalanish uchun ruda kukunga aylantiriladi. So‘ngra bu kukun metall “tabletka” ko‘rinishiga keltiriladi — u kichik sterjenlarga joylanadi va himoya qatlami bilan yopiladi. Uran tabletkalari yadroviy reaktorlarning faol hududiga joylanadi.

Atom yadrolari neytron ajratib chiqaradi. Neytronlar yangi neytronlarni hamda ulkan kinetik energiyaga ega zarralarni hosil qilib, katta issiqlik energiyasi ajralib chiqadi. Atom reaktorida reaksiya vaqtida ajralgan energiya issiqlikka aylanadi va issiqlik tashuvchiga (suvga) o‘tadi.

So‘ngra issiqlik tashuvchidagi harorat maxsus issiqlik almashuvchi qurilmalar orqali ikkinchi konturdagi oddiy suvga o‘tadi va uni suv bug‘i holiga keltiradi. Katta bosimli suv bug‘i turbinani aylantiradi. Turbina elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi generatorni harakatga keltiradi.

Serial to‘liq realistikmi? Yo‘q, mubolag‘a va badiiy to‘qima bor

Endi serialda ko‘rsatilgan narsalar haqiqatga qanchalik yaqinligini ko‘rib chiqaylik.

Umuman, film bo‘yicha fikrlarim juda ijobiy, u yaxshi olingan. G‘arb uchun SSSR alohida bir yopiq hudud va qo‘rqitish uchun olabo‘ji vazifasini bajargan. Filmda qattiqqo‘llik, yolg‘on va ularning natijalari ko‘rsatilgandek.

Filmda ko‘rsatilgan ishchi-xodimlar o‘z ishining ustalari bo‘lgan, avariya nima sababdan ro‘y bergani borasida esa hali-hanuz bir to‘xtamga kelinmagan, chunki faol zona portlashi emas, erishi kerak edi. Chernobilda esa faol zona portlagan va radioaktiv materiallar sochilib ketgan.

Filmda fizik mutaxassis birinchi kelishidayoq binoga yaqinlashmaslik, uzoqdan kuzatish, yaqiniga borish o‘limga olib kelishini aytadi, ammo realda, arxiv videolaridan ma’lumki, himoya kostyumi va respiratorlar bilan vertolyotda avariya ko‘lami videoga olinib, hisobot tayyorlanadi.

Yana bir narsa. U yerda xizmat qiluvchilar o‘limi va turli xilda jabrlanishi dunyodagi boshqa AES avariyalari oqibatlaridan son jihatidan juda kam. Avariyalar va ularning oqibatlarini solishtirish uchun alohida material tayyorlayapmiz.

Olovni o‘chirishga kelgan o‘t o‘chiruvchilar grafitni ushlasa, tezda qo‘li irib ketadi. Bu G‘arb kinematografiga xos shablon. Chunki radiatsiyani katta dozada qabul qilgan odamda 1–2 kunda DNK buzilishi, terida kuyish alomatlari kuzatilishi va qon ketishi boshlanadi.

Serialda ko‘rsatilganday, askarlar bilan bino oldida turmagan. AES binosi yetarli radius uzoqlikda postlar bilan o‘ralib qo‘riqlangan. Avariya hududiga xizmatchlar va ko‘ngillilar kiritilgan.

Kartinada suvni chiqarib tashlash quvurlarining avariya kranini ochish uchun ko‘ngillilar tanlanadi va ularni qo‘riqchilar manzilga kuzatib qo‘yadi. Tanlash vaqtida ularga bu muqarrar o‘lim ekanligi aytiladi. Bu real voqea, qahramonlarning ham real prototiplari bor. Biroq haqiqatda avariya hududiga kirgan uch xodim vazifani a’lo darajada bajaradi, radiatsiyadan o‘lmaydi; 20 yillar o‘tgach, ulardan biri boshqa sabablarga ko‘ra vafot etadi. Qolganlari hali ham tirik degan ma’lumot bor.

Kinoda konchilar bilan ishlangan sahna ham juda qo‘pol chiqqan. Konchilar oldiga borgan vazir yoshi 50 dan o‘tgan va ishini konchilikdan boshlab, ko‘tarilgan odam bo‘lgan. Chin kommunist bo‘lib, halolligi bilan ko‘pchilikning hurmatiga sazovor bo‘lgan. Uni konchilar qattiq hurmat qilgan. AESdagi beton asos tagiga yer osti yo‘li qilish ishlariga vazirning o‘zi bosh-qosh bo‘lgan. Konchilar esa respiratorlarsiz va himoya kostyumlarisiz ishlamagan. Internetda bu holat aks etgan suratlarni ko‘plab topsa bo‘ladi.

Film oxirida professor Legasov audiokassetalarni axlat quti yoniga yashirishi ham haqiqatga mos emas, chunki u o‘lik holda topilganida audiokassetalar yonida bo‘lgan. SSSR qarshiligiga qaramay, G‘arb jurnalistiga bergan intervyu audioyozuvi, AES bo‘yicha turli ishlar va o‘zining hayotiy xotiralarini yozib qoldirgan. Bu haqda kitoblar va maqolalar chiqarilgan.

Chernobildan oldin ham avariyalar bo‘lganmi?

Kinoda ko‘rsatilganidek, MAGATE reytingida Chernobil halokati reyting jihatdan baland hisoblanadi. Ammo katta avariyalar SSSRda ikki marta bo‘lgan xolos; shuningdek, bir necha kichik 1 va 2-darajali avariyalar sodir bo‘lgan.

Chernobil AES talofati, norasmiy statistikaga ko‘ra, AQShdagi Tri-Mayl-Aylend AES halokatidan kichik bo‘lgan. AQSh hukumati loyihalari to‘xtab qolishidan qo‘rqib, ma’lumotlarni yashirgan va tarqalishiga yo‘l qo‘ymagan. Ya’ni sovet hokimiyatining serialda ko‘rsatilgan xatti-harakatlari aslida har qanday hukumatga xos bo‘lishi mumkin.

Avariyalar o‘nlab sodir bo‘lgan. Aksariyati – G‘arb davlatlarida. Umuman, texnikadan foydalanishda inson omili yoki texnik sabablar tufayli avariyalar sodir bo‘ladi, shu avariyalarni promzonadan tashqariga chiqarmaslik va vaqtida bartaraf qilish kifoya.

O‘zbekistonda AES qurilishida qanday xavf va yutuqlar bor?

Energetika – iqtisodiyotning asosi. Hozirgi vaqtda energetikasiz hech narsani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yurtimizda kichik tadbirkorlik rivojlanib, aholining yashash tarzi o‘zgarar ekan, iqtisodiyotimizni rivojlantirish va yashash tarzimizni qulaylashtirish uchun ham energiya kerak. AES bu masalaga qisman bo‘lsa ham yechim hisoblanadi.

“Rosatom” va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuv asosida qurilishi rejalashtirilgan AES VVER-1200, 3+ avlod bo‘lib, ikki himoya qatlamiga ega; u bir vaqtda elektr hamda issiqlik energiyasi berishi mumkin. 3+ avlod AESlari xavfsizlik jihatlari avvalgi avariyadan olingan xulosalar yordamida oshirilgan, texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari yuqori loyiha hisoblanadi. VVER-1200 reaktori issiqlik neytronlariga ishlovchi issiqlik quvvati 3200 MVt, faol zonadan issiqlik tashuvchi bor kislotali 16,2 MPa bosimli suv. Bitta reaktorda to‘rtta gorizontal bug‘ generatori bo‘lib, har biri 1602+12 t/soat 7 MPa bosimli quruq par beradi.

Turbinalar nominal elektr quvvati – 1198,8 MVt. O‘rnatilgan quvvatdan foydalanish koeffitsiyenti – 92 foiz. Yoqilg‘ini almashtirish oralig‘i – 24 oy. To‘g‘ri xizmat ko‘rsatilsa va vaqtida ehtiyot qismlari almashtirilsa, yashash davomiyligi 60 yil.

Himoyasiga kelsak, faol va nofaol himoya tizimlariga ega:

- Yer qimirlashi, sunami, to‘fon, samolyot qulashidan himoyasi bor. Reaktor zalidagi ikki qatlamli himoya qobig‘i radioaktiv moddalar atmosferaga chiqmasligini ta’minlaydi.

- Faol hudud erishini tutib qoluvchi qism. Bu, o‘z navbatida, halokat kengaymasligiga xizmat qiladi.

- Reaktorning ish davomidagi holatini baholash tizimi;

- Ortiqcha issiqlikni chiqarib yuborish avariya tiqini.

AES 1 kVt*soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun IESdan kam sarf qilmaydi, asosiy sarf uning xavfsizligini ta’minlaydi. Uning afzalliklaridan biri tabiatga chiqarilayotgan is gazining yo‘qligi va yoqish jarayonida kislorod talab qilmasligidir. Agar xavfsizlik qoidalari amal qilib, texreglamentdan chiqmay ishlatilsa, o‘zini oqlaydi. Tabiiy gaz va ko‘mir zaxiralarimizni esa boshqa maqsadlarga ishlatishimiz mumkin bo‘ladi.

Ko‘p Yevropa davlatlari AESlarni to‘xtatishi haqida bong urib, qayta tiklanuvchi energiya resurslariga o‘tishini mana necha yillardirki ta’kidlayapti. Bunga sabablar bor. Birinchidan, qurilgan AESlar ancha eskirgan va zamonaviy emas, ikkinchidan, daryo va dengizga qurilgan AESlar soni ko‘pligidan suv haroratini ko‘tarib yuborgan va AES uchun yetarli haroratdagi suv muammo bo‘la boshlagan. Suv isishi natijasi suv tabiati xavf ostida qolgan.

AES qurish birdan katta kapital talab qiladi va, AQSh tadqiqotlariga ishonadigan bo‘lsak, 1 kVt quvvat uchun 5500 dollar mablag‘ ajratiladi. Hozirgi vaqtda Quyosh elektr stansiyalariga akkumulyatsiya bilan 1 kVt quvvat uchun qariyb 4000 dollar pul sarflanadi. Yurtimizdagi AESga 11,3 milliard dollar sarflansa, undan 92 foiz quvvatda foydalansak, bizga 1 kVt quvvat 5600 dollarga tushadi. AQShn atom energetika institutining (Nuclear Energy Institute) 2018-yil hisobotiga ko‘ra, reaktor tiplariga ko‘ra 1 kVt*soat elektr energiya uchun yoqilg‘i narxi 0,68–0,82 sentga tushishi aniqlangan. Bu narxda yoqilg‘ini qayta ishlash va uni qabristonda saqlash ko‘zda tutilmagan. Rossiya AESlarida, Belloni ekspertlarining 2011-yilgi tadqiqotlariga ishonsak, bu 1,1 sentga tushgan.

AES bizda qurilishini yoqlashimga sabab – “Rosatom” bilan shartnoma shartlariga ko‘ra, bizda xodimlar o‘qitiladi, tadqiqot institutlari ochiladi. Bundan tashqari, Quyosh energiyasidan foydalanish AES, IES va GESlar kabi barqaror emas. Biz qurilgan AES oldiga promzonani ko‘chirib, kimyo zavodlarini qurishimiz kerak va shu orqali iqtisodiyotimizni ko‘tarib olishimiz mumkin.

To‘g‘ri, elektr energiyasi narxi arzonlashmaydi, lekin energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj haminqadar qondiriladi. Yurtimizdagi o‘zgarishlarni e’tiborga olsak, AES va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni teng olib borish kerak, chunki O‘zbekiston serquyosh yurt.

Xulosa o‘rnida aytishim mumkinki, bizga AES kerak. Serial ko‘rib, undagi xavfni o‘zimizga ko‘chirib, qo‘rqib o‘tirish kerak emas. Xavfli kimyo zavodlarimiz bexato ishlab turibdi. Bundan tashqari, tajribaviy mini-AES Qibrayda ishlatilgan, bu borada ham tajribamiz bor. Tabiiy gaz zaxirasi 50–70 yilga, ko‘mir undan ko‘proqqa yetar ekan, kelajakni o‘ylab ham boshqa energiya manbalaridan foydalanishmiz kerak. U xoh atom, xoh vodorod, xoh Quyosh, xoh shamol energiyasi bo‘lsin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-06-2019, 15:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 70) ( 0) ( 68) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют