» » O‘zbekiston Markaziy banki mijozlardan qonun hujjatlari bilan taqiqlangan komission haqlar undirgan banklarni aniqladi

O‘zbekiston Markaziy banki mijozlardan qonun hujjatlari bilan taqiqlangan komission haqlar undirgan banklarni aniqladi


Joriy yilning birinchi kvartal davomida Markaziy bank tomonidan 20 ta tijorat bankining 212 ta filialida mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar, shuningdek, bankka to‘langan komission to‘lovlar tanlov asosida o‘rganildi va o‘rganish natijalariga ko‘ra, banklar tomonidan mijozlardan qonun hujjatlari bilan taqiqlangan komission haqlar undirish amaliyoti aniqlandi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Shunga ko‘ra, barcha tijorat banklariga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning shartlarini to‘liq xatlovdan (inventarizatsiyadan) o‘tkazish va mijozlarga asossiz ravishda undirilgan komission to‘lovlarni qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Ma’lumki, qonun hujjatlariga muvofiq tijorat banklari mijozlardan quyidagilar uchun to‘lov undirish huquqiga ega emas:

a) mijozning bank hisobvarag‘iga kelib tushgan mablag‘larni kirim qilish (kredit aylanmasi uchun), shuningdek, kredit byurosi va garov reyestri xizmatlari uchun to‘lovlar

b) 2018-yil 24-martdan boshlab:

- kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqish (shu jumladan, kreditni tashkil etish uchun to‘lanadigan komissiyalar), ssuda hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatish (shu jumladan, kredit buyicha hisoblanadigan foizlardan tashqari, har oyda to‘lanadigan komission to‘lovlar, kreditga xizmat ko‘rsatish uchun to‘lanadigan komissiyalar), kreditlar ajratish uchun (berilayotgan kredit summasidan to‘lanadigan bir martalik komissiya) amalga oshiriladigan to‘lovlar;

- jismoniy shaxslar va kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan kreditlar (mikroqarzlar)ni muddatidan oldin qaytarilganligi uchun to‘lanadigan neustoykalar.

Hurmatli bank xizmatlari iste’molchilari! Agar yuqorida qayd etilgan to‘lovlarni banklar tomonidan undirilganlik holatlari mavjud bo‘lsa, bunday to‘lovlarni qaytarish talabi bilan xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat etishingiz mumkin. Shuningdek, Siz shartnomangizdagi yuqorida qayd etilgan to‘lov turlarini bekor qilishni xizmat ko‘rsatuvchi bankdan talab qilish huquqiga egasiz.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Shunga ko‘ra, bunday to‘lovlar shartnomaga asosan undirildi, degan mazmundagi bankning vajlari asossizdir.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar tasdiqlangan. Mazkur hujjatga muvofiq barcha banklar ko‘rsatiladigan xizmatlari to‘g‘risida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlarni taqdim etishga majburdir.

Sizning o‘z huquq va manfaatlaringizni himoya qilishdagi faolligingiz va qat’iyatliligingiz, tijorat banklarining o‘z mijozlari oldidagi mas’uliyati oshishining garovi bo‘lib xizmat qiladi.

Banklar tomonidan noqonuniy undirilgan komissiyalarni qaytarish hamda shartnomadagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan shartlarni bekor qilish borasida muammolarga duch kelsangiz, u holda siz Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200-00-44 raqamli ko‘p kanalli yagona “Ishonch telefoni” orqali murojaat etishingiz mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-06-2019, 22:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 42) ( 0) ( 41) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют