» » Ilmiy “Oskar” mukofotining laureatlari e’lon qilindi

Ilmiy “Oskar” mukofotining laureatlari e’lon qilindi


Breakthrough Prize fondi ilmiy sohadagi yutuqlar uchun uch million dollar miqdoridagi mukofotni egalariga topshirilishini e’lon qildi. Taqdirlash marosimi 3-noyabrda bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda jamg‘armaning rasmiy saytida e’lon qilindi.

Breakthrough Prize mukofotini shu nomli jamg‘arma ta’sis etgan bo‘lib, u zamonaviy dunyoning axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha eng taniqli va muvaffaqiyatli boy kishilaridan bir guruhi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Ta’sischilar orasida Facebook asoschisi Mark Sukerberg, Google asoschilaridan biri Sergey Brin,  Alibaba asoschisi Jek Ma hamda “Mail.ru” asoschisi Yuriy Milnerlar va ularning barchasining rafiqalarini ham uchratish mumkin (barchasining rafiqalari ham o‘z muvaffaqiyatli biznesiga ega bo‘lgan ayollardir). Fond har yili 3 million dollar miqdoridagi mablag‘ni eng muhim ilmiy yutuqlar mualliflariga mukofot tariqasida topshiradi. Mukofot uch xil yo‘nalishda – fundamental fizika, matematika va hayotiy fanlar bo‘yicha topshiriladi. Bulardan tashqari, yana 100 ming dollar miqdoridagi New Horizons Prize qo‘shimcha mukofoti ham ta’sis etilgan. So‘nggi yillarda mazkur mukofotni OAVda ilmiy “Oskar” deyilishi ham tobora urfga kirmoqda.

Breakthrough Prize tashkiloti har yili fundamental fizika va matematika yo‘nalishlarida bittadan asosiy Breakthrough Prize mukofotini topshiradi; bundan tashqari, fundamental fizika sohasida uchta; hayotiy fanlar sohasida oltita va matematika sohasida uchta New Horizons Prize qo‘shimcha mukofoti egalari aniqlanadi. Bundan tashqari, muayyan hollarda Special Breakthrough Prize maxsus mukofoti ham berilishi mumkin. Lekin bu mukofot faqat fundamental fizika sohasi bo‘yicha taqdim etiladi.

Joriy yildagi fundamental fizika sohasi bo‘yicha Breakthrough Prize mukofotini aprel oyida katta shov-shuv bilan e’lon qilingan muhim ilmiy yutuq – qora tuynuk ko‘lankasining suratini olishga muvaffaq bo‘lgan olimlar guruhiga berilishi e’lon qilindi (esingizda bo‘lsa, bu ilmiy yutuqqa o‘zbek olimlari ham hissa qo‘shgan edi). “Hodisalar gorizonti teleskopi” loyihasi orqali o‘sha tarixiy fotosuratni olish ustida butun jahon bo‘ylab jami 347 nafar mutaxassis qatnashgan bo‘lib, unda Yer sharining turli nuqtalarida o‘rnatilgan va atom soatlari orqali o‘zaro sinxronlangan sakkizta o‘ta sezgir teleskop vositasida qora tuynukning ko‘lankasini fotosuratga muhrlashga erishilgan edi.

Matematika bo‘yicha mukofotni esa, xonani yoritadigan yorug‘lik nuri haqidagi masalani yechgan olimlarga beriladigan bo‘ldi. Masalaning mohiyati quyidagicha: “Agar xona devorlari to‘laligicha ko‘zgu bilan qoplangan bo‘lsa va xona devorlar nuqtaviy manbadan tarqalayotgan nurni akslantirsa, unda yorug‘lik xonaning hamma qismiga yetib boradimi yoki ba’zi joylar baribir nursiz ham qolishi mumkinmi?”. Masalaga abstrakt ko‘p o‘lchamli yondoshuv orqali ikkita matematik olim, ko‘pburchakli xonalar uchun muayyan tugal sondagi nuqtalar yoritilmay qolishini isbotlab berishgan. Afsuski, bu yutuqqa erishgan ikki matematikdan biri 2017-yilda 40 yoshida ko‘krak bezi saratoni tufayli olamdan o‘tib ketib bo‘lgan ekan. Shu sababli mukofotni faqat Chikago universiteti olimi Aleks Eskin qabul qilib oladi.

Hayotiy fanlar sohasidagi mukofotni bu safar 4 nafar tadqiqotchiga beriladigan bo‘ldi.

Ulardan birinchisi tanadagi gormonal tizimning miyaga ozuqa o‘zlashtirish jarayonini tartibga solish kerakligi haqida yog‘ to‘qimalari orqali xabar berishini kashf qilgan olimdir. U Rokfeller universiteti hamda Xovard Xyuz Tibbiyot institutida ishlaydi. Mazkur tadqiqotlarni olim 1994-yildan boshlab o‘tkazgan.

Ikkinchi mukofotni esa oqsillarning maxsus sinfini – shaperonlarni kashf qilgan olimlarga topshiriladi. Bular Maks Plank Biokimyo instituti olimi Ulrix Xartl va Yel tibbiyot maktabi olimi Artur Xorvich bo‘lib, ularning erishgan natijasi Altsgeymer kasalligining mexanizmlarini tushunishda yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

Uchinchi mukofot esa og‘riq mexanizmlarining asosida yotadigan molekula, hujayra va to‘qimlarni kashf qilgan olimga beriladi. U San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti mutaxassisi Devid Yuliusdir.

Bihoyat, New Horizons Prize mukofotining bu yilgi to‘rtinchi egasi Parkinson xastaligi, yon amiotrofik skleroz hamda boshqa tizimli atrofiya jarayonlarida ayrim oqsillarning qanday ahamiyat ko‘rsatishini kashf qilgan olima, Pensilvaniya universiteti xodimasi Virjiniya Li bo‘lishi belgilangan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-09-2019, 11:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 38) ( 0) ( 36) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют