» » 240 fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan xususiy bandlik agentligi rahbariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

240 fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan xususiy bandlik agentligi rahbariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi


Toshkent shahrida 240 nafar fuqaroni Janbuiy Koreyaga ish yuborishni va’da qilib, fuqarolardan juda ko‘p miqdorda pul olgan xususiy bandlik agentligi rahbariga nisbatan jinoiy ish ochildi. “Daryo” muxbiri ushbu masala yuzasidan surishtiruv o‘tkazdi.

Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Profelite imp xususiy bandlik agentligi” jamiyati rahbari Ibrohimjon J.ning Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dalariga ishonib, millionlab so‘m to‘lab qo‘ygan o‘nlab fuqarolar pullarini qaytarib olish uchun ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.

Chet elda ishlash ilinjida bandlik agentligiga 42 million so‘m pul to‘lagan Dilyorbek To‘ychiyevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, jamiyat rahbari uni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni aytib, ikki yildan buyon turli bahonalar bilan aldab kelmoqda.

“Ikki yil avval, 2017-yil oktabr oyida Ibrohimjon J. meni 3–6 oy orasida Janubiy Koreyaga ishga joylashtirib qo‘yishini aytdi. Buning uchun Global work resources jamiyatining hisob raqamiga 42 million so‘m o‘tkazishimni so‘radi. Ushbu mablag‘ni to‘ladim va 1-noyabr kuni shartnoma tuzdim. Lekin shartnomaga Global work resources jamiyati muhri emas, Atlant kapital investitsiya fondi aksiyadorlik jamiyati muhri bosilgan ekan. Ibrohim akadan nima uchun muhr boshqa ekanligini so‘raganimda, anglashilmovchilik bo‘lganligini aytdi”, — dedi jabrlanuvchi.

Dilyorbek To‘ychiyevning ta’kidlashicha, oradan olti oy vaqt o‘tsa-da, va’da bajarilmagan.

“Keyinroq jo‘nataman, ana bo‘ladi, mana bo‘ladi, deb vaqtni cho‘zib yurdi. 2019-yilning fevral oyida avval tuzilgan shartnomani bekor qilib, ikkinchi marta “Profelite imp xususiy bandlik agentligi” bilan O‘zbekiston fuqarolarining xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma imzolashimni so‘radi va men rozi bo‘ldim. Bu shartnomani ham muddati tugadi, lekin natija yo‘q. Shunday qilib oradan ikki yil o‘tib ham ketdi. Koreyaga ishga ketishimga ishonib boshqa ish ham qilolmadim. Bo‘lmaydi demaydi, ro‘yxat kelyapti, o‘n kunda bo‘ladi, bir oydan keyin bo‘ladi, deb odamni ishontirib yurdi”, — deydi Dilyorbek To‘ychiyev.

Pulni olish uchun bir necha urinishlari zoye ketgandan keyin To‘ychiyev jamiyatni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga ariza bergan. Uning yagona ilinji suddan bo‘lib turibdi.

Ismini oshkor etishni istamagan toshkentlik fuqaroning aytishicha, u ikki yil avval savdo qilib turgan do‘konini sotib, agentlikka 42 million so‘m to‘lagan. U ham dastlab Global work resources jamiyati bilan shartnoma tuzgan va keyinchalik kelishuv “Profelite imp xususiy bandlik agentligi” bilan almashtirgan.

“Ikki yildan buyon Ibrohimjon J. Koreyaga ishga jo‘natishini aytib, meni ishontirib keldi. Bu orada ikki marta o‘zaro shartnoma tuzdik. Oxirgi vaqtlarda pulni so‘rayverganimdan keyin 12 million so‘m pul berdi. Shundan keyin mana hozirgacha ish bo‘ladi, deb va’da berib yuribdi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Korxona rahbari Ibrohimjon J. bilan birga ishlagan agentning bildirishicha, agentlikka fuqarolar jalb qilgan agentlar ham muammolar girdobida qolgan.

“Men kabi agentlar odamlarni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib olib kelgan. Ular agentlik rahbaridan emas, pulni bizdan talab qilyapti. Kimdir 10, kimdir 20, kimdir esa 40 million so‘m bergan. Ibrohimjon J. hatto, birga ishlagan — bizni ham aldab kelmoqda”, — dedi agent.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ibrohimjon J. bilan muammolar ancha oldin boshlangan.

“Har kuni to‘polon, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lganlar ham bo‘ldi, oilasi bilan ajralish yoqasiga kelib qolganlar ham bor. Agentlik ijarada turgan bino egasi ham joyni qaytarib oldi. Odamlar to‘planib agentlik rahbarini uyigacha bordik, lekin uni topolmadik va haligacha u bilan uchrashish imkoni bo‘lmayapti. Telefonda gaplashib turibmiz, ammo u biz bilan ko‘rishishni istamayapti. Janjallardan salomatligim ham og‘irlashib qoldi”, — deydi xususiy bandlik agentligining xodimi.

“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonun 2018-yil 16-oktabrda qabul qilingan. Qonun bilan ilk marta xususiy bandlik agentliklariga O‘zbekiston va uning tashqarisida fuqarolarni ishga joylash bilan shug‘ullanishlari uchun ruxsat berilgan edi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Profelite imp xususiy bandlik agentligi” jamiyatiga 2019-yil 12-aprel kuni O‘zbekistondan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishiga ruxsat beruvchi litsenziya taqdim etgan. Lekin Ibrohimjon J. chetga ishga yuborishni va’da qilib fuqarolardan ikki yil avval pul olishni boshlagan.

Ibrohimjon J.ga yaqin manbalardan birining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, u ikki yil avval odamlarni ishga jo‘natishni va’da qilgan, lekin pullarni qabul qilishda o‘qishga tayyorlash uchun deb olgan. So‘raganlarga bu shunchaki rasmiyatchilik ekanligini aytgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Tursunovning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, “Profelite imp xususiy bandlik agentligi” faoliyatini tugatish bo‘yicha ariza bergan.

“Avvalroq ushbu xususiy bandlik agentligi o‘z faoliyatini tugatish maqsadida bizga murojaat qilgan edi. Bundan tashqari, fuqarolardan agentlik ustidan arz kelib tushgandi. Shuning uchun, agentlikning fuqarolar oldida moliyaviy majburiyatlari bor yoki yo‘qligi, qonun buzilish holatlari sodir etgan yoki etmaganligini aniqlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga so‘rov berdik. Ulardan agentlik rahbariga nisbatan jinoiy ish ochilganligi va tergov ishlari olib borilayotgani haqida ma’lumot oldik. Hozircha agentlikka berilgan litsenziya bekor qilingani yo‘q. Tergov ishlari yakunlanib, sud jarayonlari tugagandan so‘ng bir xulosaga kelishimiz mumkin. Ushbu ishni o‘z nazoratimizga olganmiz”, — dedi Baxtiyor Tursunov.

Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Qosimjon Rahimberdiyevning ma’lum qilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Profelite imp xususiy bandlik agentligi” jamiyati hozirgi vaqtga qadar 240 nafar fuqaro bilan shartnoma tuzgan. Ulardan 50 nafari ichki ishlar organlariga jabrlanuvchi sifatida ariza bilan murojaat qilgan.

“Murojaat asosida agentlik rahbari Ibrohimjon J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Ishning kattaligi va ayni vaqtda muhimligini hisobga olib, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov boshqarmasi tergovni ish yurituvga oldi”, — dedi Qosim Rahimberdiyev.

Ibrohimjon J.ga nisbatan tergov ishini olib borgan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB 1-sonli ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqat Lutpidinovning aytishicha, hozirda tergov harakatlari ketmoqda.

“Voqea joyi va guvohlar ko‘rsatmalari o‘rganilmoqda. Gumonlanuvchi (agentlik rahbari) o‘z advokati bilan tergovga keldi va yetkazilgan moddiy zararni qoplab berishga va’da berdi”, — dedi Furqat Lutpidinov.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati sentabr va oktabr oylarida o‘z rasmiy sayti orqali Ibrohimjon J.ga nisbatan ikki marta firibgarlik jinoyati bo‘yicha ish ochilgani haqida ma’lumot berdi. Ibrohimjon J. 2019-yil 5-fevral kuni 25 yoshli Dilshod Sh.ga uni Janubiy Koreyaga jo‘natib, ishga kiritishni va’da bergan. Shu va’da bilan jabrlanuvchidan 4 ming dollar va 12 million so‘m pul olgan, biroq bergan va’dasini bajarmagan. Shuningdek, Ibrohimjon J. Fozil B.ning ishonchiga kirib, uni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishini va’da qilgan. O‘zining “xizmatlari” uchun 15 million 310 ming so‘m olib, va’dasida turmasdan, pullarni o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan.

“Daryo” muxbiri surishtiruv davomida “Profelite imp xususiy bandlik agentligi” jamiyatining yuridik manzili ko‘rsatilgan binoda agentlik faoliyat yuritmayotganini aniqladi. Agentlikning Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xususiy bandlik agentliklari reyestrida ko‘rsatilgan telefon raqamlari ishlamayapti. Yuqorida keltirilgan vajlarga izoh olish uchun gumonlanuvchi Ibrohimjon J. bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Fuqaroladan “Profelite imp xususiy bandlik agentligi” jamiyati yoki Ibrohimjon J. bilan bog‘liq qonun buzilish holati yuzasidan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilishlari so‘raladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-10-2019, 17:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 56) ( 0) ( 55) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют