» » Abdushukur Abdullayev: Kadastr sohasi mutaxassislari dinozavrlardek yo‘qolib ketdi

Abdushukur Abdullayev: Kadastr sohasi mutaxassislari dinozavrlardek yo‘qolib ketdi


2019-yilning 25-dekabriga qadar respublika bo‘yicha 4 ming 596 ta holatda jami 1 ming 941 gektar yer maydoni yerdan foydalanuvchilar va fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Bu haqda 27-dekabr kuni Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Qayd etilishicha, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlardan 337 gektari yoki 17 foiziga uy-joy va boshqa qurilishlar qurilganligi va yerlardan samarasiz foydalanib kelinayotganligi aniqlanib, bartaraf etilishi bo‘yicha tegishli choralar belgilandi. 384 tasi yoki 9 foizining esa bartaraf etilishi ta’minlangan xolos.

Tadbirda qo‘mita raisi Abdushukur Abdullayev sohada yutuq va kamchiliklar to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, yerga oid qonun buzilish holatlariga olib kelgan asosiy omillarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bir necha kun mobaynida tahlil qilib chiqdim. Oxirgi paytlarda juda ko‘p uchrayotgan yer qonun buzilishlari tagida uchta sabab yotibdi.

Birinchisi, bu Sobiq ittifoq parchalanganidan keyin yer tuzuvchi mutaxassislarning dinazavrlarga o‘xshab yo‘q bo‘lib ketganligi. Shtatlari qisqartirib tashlanganligi. Ilgari sobiq ittifoq paytida kolxoz, sovxoz degani bo‘lardi. Katta yoshdagilar juda yaxshi bilishadi. Bitta kolxozda kamida bittadan yer tuzuvchisi bo‘lgan. Bitta tumanni oladigan bo‘lsak, o‘sha hududda nechta kolxoz, sovxozi bo‘lsa, shuncha yer tuzuvchilari bo‘lgan. Lekin nima bo‘ldi? Bitta tumanda bitta yer tuzuvchiga tushib qoldi. U ham hammasida emas.

Ikkinchisi, yerlarni tarqatish va yer ajratish jarayonlarining shaffof emasligi. Yerlar tender asosida berilardi. Buni bilasizlar, ko‘pchiliklaringiz ko‘rgansizlar. Tenderlar qanday tashkil etilardi? Uni ham juda yaxshi bilasizlar. Ochiqligi ta’minlanmagan. Yer olmoqchi bo‘lgan odam keladi, arizasini beradi, oylab kutadi. “Falon vaqtda keling, piston vaqtda keling, hammasi yig‘ilmadi, keyingi oyga qoldi”. Shunday qilib, olti oy, yetti oy, bir yilgacha cho‘zilardi. Eng yomoni — bir yilgacha cho‘zilib, keyin oxirida salbiy javob olardi: sizga yer berilmadi, komissiya lozim topmadi, tenderdan o‘tmadingiz. U tender qanaqa qilyapti, nima bo‘lyapti, kim o‘tkazyapti, hammasi yopiq. Fuqaroning dardi ichida qolib ketardi.

Uchinchi sabab esa Prezidentimizning juda ko‘p takrorlaydigan iboralari bor: qonun ustuvor, jazo muqarrar. Qonunchilikda belgilangan normalarimiz bor. Lekin o‘shani buzganlikka jazo muqarrarligini his etmaslik ham yerga oid qonun buzilishlariga olib keldi.

Bularni bartaraf etish bo‘yicha oxirgi 2—3 yil ichida ancha ishlar qilindi. Dastlab sohadagi kadrlar masalasiga e’tibor qaratdik va respublikada 1034 ta yer tuzuvchi shtatlari kiritildi. Oldingi ko‘rsatkich deyarli 6 baravarga ko‘paytirildi. Ikkinchi qilingan ish esa yerlarni auksion orqali berish yo‘lga qo‘yilgani. Yuqorida aytilgan noshaffof bo‘lgan jarayonlar endi ochildi. Yaqinda 16-dekabr kuni yana bitta qaror chiqdi. Unga muvofiq auksionni o‘tkazish yana takomillashtirildi. Bu jarayon yana davom etadi.

Abdushukur Abdullayev, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-12-2019, 14:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 58) ( 0) ( 57) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют