» » Qaysi karomati uchun Greta Tunberg yil odami bo‘ldi?

Qaysi karomati uchun Greta Tunberg yil odami bo‘ldi?


Ma’lumki, shvetsiyalik ekofaol o‘smir qiz Greta Tunberg Time jurnali tomonidan 2019-yil odami deb e’lon qilindi. Xo‘sh, qaysi ko‘rsatgan “karomatlari” uchun 16 yoshli bu qizcha shunday nomga sazovor bo‘ldi ekan? “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov shu haqda hikoya qiladi.

Time jurnali 1927-yildan buyon har yil so‘ngida “Yil odami” degan sarlavha ostida maxsus muqovali jurnal chop etadi. Bu degani, shu yilda eng e’tiborga molik ishlar qilgan va butun dunyo hamjamiyatining diqqat-markazida bo‘lgan biror shaxs, jurnal e’tiroficha, sayyoramizning eng muhim odami deb tanlanadi. Albatta, Time jurnali muharririning tanlovini mutlaqo obyektiv va xolis deb bo‘lmaydi. Chunki o‘tgan yillar mobaynida bu jurnal muqovasida “yil odami” grifi bilan nafaqat munosib qahramonlar, balki razil va manfur kimsalar ham o‘rin olgan. Masalan, jurnal turli yillarda e’lon qilgan “yil odamlari” ichida Adolf Gitler va Iosif Stalinlarning nomini ham uchratish mumkin.

Shu mulohazaga ko‘ra, Greta Tunbergning 2019-yilda yil odami bo‘lganida ham biroz oshirib yuborilgandek ko‘rinadi. Lekin, nima bo‘lganda ham, ushbu maqom jurnal tomonidan bu qizchaga berib bo‘lindi. Demak, tahririyatda bunga yarasha obyektiv va subyektiv sabablar mavjud.

“Greta Tunberg o‘zi kim va u nimaga erishmoqchi?” degan savolga “Daryo” avval ham javob berishga harakat qilib ko‘rgandi. Qisqacha aytganda, vaziyat bunday: global iqlim isish – real xatar, iqlim o‘zgarib borayotgani tufayli Yer yuzida global kataklizmlar sodir bo‘lishi tez-tez kuzatilmoqda; o‘rmon yong‘inlari, toshqinlar, muzliklar erishi, cho‘llanish va hokazo tabiiy ofatlar borgan sari jiddiy va ko‘proq sodir bo‘lyapti. Sayyoramizda biomassa ortishi so‘nggi 53 ming yildan buyon eng tezkor sur’atga chiqqan. Tunbergning fikricha, iqlim o‘zgarishlari odamzotga hozirgi tamaddunni yo‘q qilib yuborish xavfi bilan xatar solmoqda. Hozirgi siyosatchilar va umuman katta avlod vakillari uchun bu muammodan muhimrog‘i bo‘lmasligi kerak. Chunki tabiat va ona zaminni kelajak avlodga musaffo holda yetkazib berish uchun aynan ular mas’ul! Holbuki, siyosatchilar va kattalar shularni ko‘ra-bila turib, qo‘l qovushtirib o‘tirishgani bois Tunberg va uning tengdoshlari va ulardan ham keyingi avlod hayoti xavf ostida qolmoqda ekan. Qizchaning fikricha, iqlim o‘zgarishining salbiy va halokatli oqibatlarini ko‘ra-bila turib, hech qanday chora ko‘rmayotgan, harakatsizlik va befarqlik qilayotgan siyosatchilar u va u kabilarning bolaligini o‘g‘irlagan.

Shuningdek, Greta siyosatdonlarni olimlarning gapiga quloq solmayotganlikda ayblagan va iqlim o‘zgarishlariga yetarlicha e’tibor qaratib, real choralar ko‘rilishi boshlanmas ekan, maktabga bormasligini va tengdoshlari bilan global miqyosda namoyishlar o‘tkazishda davom etishini ma’lum qilgan.

Turli yuksak minbarlar va OAV orqali emotsional nutqlar irod etgan Greta Tunberg haqiqatan ham 2019-yil axborot maydonida barchaning e’tiborini o‘ziga jalb qila oldi. Uning ta’sir doirasi o‘laroq jahonning 100 dan ziyod yirik shaharlarida maktab yoshidagi bolalarning hukumatni iqlim o‘zgarishlariga qarshi choralar ko‘rishga da’vat qiluvchi chaqiriqlarga to‘la namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Shu tariqa u ko‘plab davlatlarda hukumat rahbarlari va yirik korporatsiyalar egalari diqqatini iqlim muammolariga qaratishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, u Davos forumi paytida yig‘ilgan davlat rahbarlariga qarata “Siz ham men qo‘rqqandek qo‘rqishingizni va buni bartaraf etish uchun harakat qilishingizni istayman”, degan edi.

Greta Tunbergning tashviqotlariga qanday aloqasi borligini bilmadimku, lekin u boshchiligida o‘tkazilgan shunday namoyish va aksiyalardan keyin Yevropa mamlakatlarida “yashillar”ning, ya’ni ekologik partiyalarning obro‘si ancha oshib ketdi. Xususan, Germaniyada “yashillar” partiyasi yoz oylarida o‘z tarixidagi eng katta mashhurlikka erishdi. Birinchi marotaba Yevroparlamentga saylovlarda “yashillar” umumiy deputatlik mandatlarining 20,5 foiz ulushini egalladi va bu natija bilan parlamentdagi joy soniga ko‘ra ikkinchi bo‘ldi. Angela Merkeldan keyingi Germaniya kansleri ham aynan “yashillar” partiyasi yetakchisi bo‘lishi kutilmoqda.

Shubhasiz, shu va shu singari ta’sir darajasi bilan Greta Tunberg bu yilgi “yil odami” nomiga munosib bo‘lsa kerak. Harholda, endi u orqali turli mamlakatlarning hukumat doiralarida va yirik korporatsiyalar rahbarlarida ham iqlim o‘zgarishlariga nisbatan diskomfort hissi shakllana boshladi. Iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini oldini olish borasida turli darajadagi amaliy ishlar boshlab yuborildi va olimlarning bu boradagi sa’y-harakatlariga jamiyat tomonidan e’tibor qaratila boshladi. Shu jihatdan Time jurnalining bu yilgi e’tirofiga e’tiroz o‘rinsiz bo‘lsa kerak...

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-12-2019, 08:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 102) ( 0) ( 99) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют