» » Lempard va Jerrard qabul qilinmagan, Maykl Ouen kabi yulduzlarni tarbiyalagan, hozir esa to‘yxonaga aylantirilgan futbol maktabi haqida

Lempard va Jerrard qabul qilinmagan, Maykl Ouen kabi yulduzlarni tarbiyalagan, hozir esa to‘yxonaga aylantirilgan futbol maktabi haqida


Angliya futbol assotsiatsiyasi tomonidan 1984-yilda noodatiy tajribaga qo‘l urildi. Unga ko‘ra, mamalakatdagi 14 yoshgacha bo‘lgan ikki ming nafar yosh iqtidorli futbolchi orasidan 16 nafar omadli bola saralab olinadi va ular eng yaxshi murabbiylar qo‘liga topshirilib, shug‘ullanish uchun ideal sharoitlarga ega bo‘lgan maktabga joylashtiriladi. Ushbu loyiha ko‘plab klublar tomonidan tanqid ostiga olingan va professionallikka zid deya e’tirof etilganiga qaramay, yakunda 12 nafar tarbiyalanuvchi Angliya terma jamoasi safidan o‘rin oladi.

120 kvadrat kilometr kattalikdagi hududni nazoratda ushlab turish oson ish emasdi. Asosan baron va gersoglarning qarorgohi joylashgan va aslzodalar ov uchun foydalanadigan Lillshollni XX asrda Gerbert Ford ismli ishbilarmon tadbirkor sotib oladi. Shundan so‘ng hududda katta o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Istirohat bog‘lari va golf maydonchalari tashkil etilishi shular jumlasidandir. Bu esa o‘z navbatida shahar va tadbirkor uchun yaxshigina reklama bo‘lib xizmat qiladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Ford yerni hukumatga sotib yuboradi.

1951-yilda esa Angliya qirolichasi Yelizaveta II Lillshollda sport markazini tashkil etadi. Avvaliga sport birlashmalari uchun yozgi maxsus makatablar ochilgan bo‘lsa, keyinchalik bu yerda milliy terma jamoalarning mashg‘ulot o‘tkazishiga ro‘xsat beriladi. Hududda asosan regbi, golf hamda futbol jamoalari o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun to‘planishardi. Bu yerda “Chelsi” “Manchester Siti” va “Everton”ga qarshi Angliya Kubogi finalidan oldin “Sheffild Uensdey” kabi nomdor klublarni uchratish mumkin edi.

1966-yilda hudud ibodatxonaga aylantirilganiga qaramay, ser Alf Ramsi boshchiligidagi Angliya terma jamoasi yig‘in o‘tkazish maqsadida Lillshollga tashrif buyuradi. Murabbiyning qat’iy rejimi tufayli Jek Charlton hatto bu joyni axloq tuzatish koloniyasi deb atagandi. Ba’zi bir o‘yinchilar esa qarorgohdan yashirincha qochishga ham urinishgan. Ramsining shafqatsiz rejimi yakunda o‘zini oqlaydi va Tumanli Albion vakillari o‘sha yilgi Jahon Chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi.

Lempard va Jerrard qabul qilinmagan yetuklik maktabi

1984-yilda ser Bobbi Robson Angliya futbol assotsiatsiyasining texnik direktori Charlz Hyuz bilan birgalikda yetuklik maktabini tashkil etadi. Ikki yil ichida yosh iqtidorlarga futbol bo‘yicha maxsus ta’lim berish g‘oyasi yomon eshitilmasdi, boisi butun mamlakatdan yig‘ilgan yetuk murabbiylar yosh bolalardan jahon yulduzlarini tarbiyalashi maqsad qilingandi.

Jo Koul bu yerda ko‘p narsaga o‘rgangani, Jeymi Karrager esa umrining eng yaxshi ikki yilini ushbu maktabda o‘tkazgani hamda Maykl Ouen bu yerdan ancha narsa olganini ta’kidlagan. Maktabning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, Frenk Lempard va Stiven Jerrarddek jahon darajasidagi futbolchilar Lillshollning sinovlaridan o‘ta olmagan. Keyinchalik “Liverpul” afsonasi ushbu maktabni ahmoqona g‘oya deb atagandi. Aynan ushbu voqea Jerrardga faoliyatining oxirigacha kuch bag‘ishlab turgan.

“Maktab binosi ko‘rinishidan “Garri Potter” asaridagi Hogvarts saroyini yodga solardi”,– deydi 1996-yilda maktabga kelgan “Manchester Yunayted” tarbiyalanuvchisi Denni Uebber.

“Liverpul” sobiq himoyachisi Jeymi Karrager esa maktab haqida shunday gaplarni aytgan: “Judayam noodatiy joy. Ayniqsa, dastlabki ikki kechada uxlashga qiynalasiz. Hamma joyda jimjitlik hukm suradi. Tunda esa hech narsa ko‘rinmaydi. Bu – dahshatli qasrga o‘xshardi: sirpanchiq taxta plitalari, qorong‘i burchaklar, o‘zgacha oynalar, haykalkar hamda rasmlar. Har bir kishi beixtiyor ular orqali sirli o‘tish yo‘llarini izlaydi. Bularning barchasi London, Manchester va Liverpuldan kelgan bolalar uchun shu darajada g‘ayrioddiy ediki, hatto ba’zilar o‘zini yo‘qotib qo‘yardi”.

Bo‘lajak yulduzlar avvaliga uydan uzoqda bo‘lgani uchun birmuncha qiynalardi. Agar ularning kuni ko‘ngildagidek o‘tmasa, unda “qasr” hashamatli “qamoqxona”ga aylanardi. Alan Smit bu yerda atigi ikki oygina vaqt o‘tkazgan bo‘lsa, Maykl Ouen tez-tez uyiga javob berishlarini so‘rardi.

“U birinchi marta uydan juda uzoq ketgandi. Bir necha bor u menga qo‘ng‘iroq qilib, u yerdan olib ketishimni so‘ragan. Ammo birozdan so‘ng qayta bog‘lanib, hammasi joyidaligi va xavotir olmasligimni aytardi”, – deydi Ouenning otasi.

Futbolchilarning hayoti faqat futbol bilangina cheklanmagandi. Maktabning haftalik jadvali quyidagicha bo‘lgan:

Dushanba: ertalab – maktab, kunduzi – mashg‘ulotlar;

Seshanba: ertalab – mashg‘ulot, kunduzi – maktab;

Chorshanba: ertalab va kunduzi – maktab, tushdan keyin – mashg‘ulot yoki o‘yin;

Payshanba: kun bo‘yi – maktab;

Juma: ertalab – maktab, kunduzi – mashg‘ulotlar;

Shanba: top-klublar o‘yiniga sayohat (ko‘proq Midlens mintaqasidagi klublar uchrashuvlariga, ya’ni “Birminghem”, “Lester”, “Stok Siti” va boshqalar).

Yakshanba: o‘yin, agar omadingiz kelsa, hafta oxiri bo‘lgani uchun dam olishga borishingiz mumkin.

Aksariyat futbolchilar uchun maktabda o‘qish ancha qiyinchiliklarni tug‘dirgan. Buning ustiga, bolalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Lillshollda emas, balki eng yaqin qishloqdagi maktabga avtobusda borib o‘qishardi.

“Biz 6:45 da uyg‘onardik va 7:30 da nonushta qilgach, 7:45 da avtobus tomon yugurardik. Ayniqsa, Jo Koul bu grafikdan ko‘p qiynalardi. Londonlik bola uchun oddiy qishloq maktabida o‘qish – boshqa dunyoga tushib qolish bilan barobar edi. Lillshollda bolalarni mustaqil va mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatishgan. Ular buyumlari va xonalarini o‘zlari tozalashardi. Maktabning maxsus kiyimi bo‘lib, barcha uni kiyishi majburiy edi. Mahalliy bolalar futbolchilarni unchalik ham xushlamagan”, — deydi Uebber.

“Hamma bizga hasad bilan qarardi. Chunki, eng go‘zal qizlar bizni yoqtirardi. Axir biz Angliyaning bo‘lajak futbolchilari edik. Ko‘pincha, mahalliy yigitlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelardik, hatto ular bilan bir necha marotaba mushtlashganmiz ham. Esimda, bir safar beysbol tayoqchalari bilan “qurollangan” to‘da yo‘limizni to‘sgandi. Biz esa qochib qolganmiz” – deya Lillshollni eslaydi Ouen.

Barcha sport maktablarida bo‘lgani kabi, bu yerda oz ham bo‘lsa-da “dedovshchina” kuzatilgan. Lillsholldagi o‘qish ikki yil davom etgan, shu bois birinchi va ikkinchi kurslarga bo‘linish mavjud edi.

“Siz 14 yoshligingizda maktabga kelasiz, u yerda esa ikkinchi kursda o‘qiyotgan va o‘zini katta deb hisoblaydigan yigitlar bo‘ladi. Agar ular bilan suhbatingiz qovushmasa, sizni 208-xonaga “taklif” qilishadi. Xonada siz nari borsa bir-ikkita mushak mashqlarini bajarasiz, xolos. Va boshingizni baland ko‘targan holda xonadan chiqib kelasiz. Qizig‘i, o‘qishning ikkinchi yilida biz ham ana shunday tomoshalarni uyushtirardik”, — deya xotirlaydi Uebber.

Maktab tarbiyalanuvchilari tengdoshlariga qaraganda omadli edi. Ular bilan birga mashg‘ulot o‘tashga Angliyaning yetakchi jamoalari, shu jumladan, milliy terma jamoalar ham kelishardi. Ular bunday ulkan tajribaga 14-16 yoshda ega bo‘lishdi. Aksariyat futbolchilar turli yoshdagi terma jamoalarga jalb etilardi. Ba’zi bitiruvchilar Lillsholldagi mashg‘ulotlarni klubdagiga qaraganda zamonaviyroq deb hisoblasa, boshqalari bu fikrga qarshi chiqardi va maktab asosan jismoniy holatni yaxshilashga katta urg‘u berishini ta’kidlashardi. O‘sha vaqtdagi ingliz futbolining asosiy g‘oyasi ham shunda edi. Maktab asoschisi Hyuz aynan uzoq masofalarga to‘p uzatiladigan atletik futbol tarafdori edi. U ushbu g‘oyani yosh o‘yinchilarga ham singdirishga intilardi. Shuning uchun, murabbiylar boshqacha o‘ynashga imkon bermagan. Jeymi Karragerning aytishishicha, Jo Koul bir safar mashg‘ulotlarda Kroyffning fintini amalga oshirgani zahoti qilgan harakati uchun tanbeh eshitgan.

Ammo futbol o‘zgarib bordi. Yaqin masofada va zich harakat qilish tobora samara bera boshladi. Lillshollning texnik direktori Jon Kartrayt 80-yillarning oxirida pozitsion va taktik futbol targ‘ib qilmoqchi bo‘ladi, biroq u Hyuz bilan kelishmovchilik tufayli jamoadan chiqib ketadi.

Keyinchalik Angliyaning yetakchi klublari yosh va iqtidorli futbolchilarini Lillshollga jo‘natishdan bosh tortadi. Ularning nazarida bu yosh o‘yinchilarning kelajagiga zarar yetkazishi mumkin. 1997-yilda Angliya futbol assotsiatsiyasining texnik direktori Hovard Uilkinson Sifat Xartiyasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, endilikda yosh futbolchilarni tayyorlash tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi va klublarga akademiyalarni to‘liq o‘z nazoratiga olish huquqi beriladi. Bu hujjat Lillsholl yetuklik maktabinining tugatilishini anglatardi. 1999-yilgi bitiruvchilar maktabning so‘nggi tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Ular 1982-yilda tug‘ilgan bolalardan iborat jamoa edi. Umumiy olganda, maktabni 234 nafar futbolchi bitirdi. Bitiruvchilarning 40 foizdan ko‘prog‘i Premyer Ligada harakat qilgan bo‘lsa, ulardan 12 nafari terma jamoaga jalb etildi:

Lillshollda hozir ham sport markazi mavjud, ammo kapitalizm boshqa yechimlarni izlashga majbur qildi. Endi bu yer milliy o‘quv markazi sifatida xizmat qiladigan, turli xil konferensiyalar va hatto to‘ylarni o‘tkazish mumkin bo‘lgan maskanga aylantirildi.

15 yil davomida faoliyat yuritgan futbol “Hogvarts”i Angliya futboliga ko‘plab yulduzlarni yetishtirib berdi, ular orasida hatto “Oltin to‘p” sovrini egasi (Ouen) ham bor. Biroq hamma ham 14 yoshida futbol assotsiatsiyasining talablariga binoan uydan uzoqda murakkab mashg‘ulotlar o‘tashga tayyor emas edi. Shunday qilib, Lillsholl ingliz futboli uchun o‘ta oliy darajadagi zavqlanish deb topildi. Ammo bu g‘oya o‘ziga xosligi bilan ajralib turardi.

Manba

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-04-2020, 14:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 112) ( 0) ( 111) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют