» » Asrlar yukini o‘zida ko‘tarib kelayotgan inshootlar. 18-aprel – Xalqaro yodgorliklar va obidalar kuni

Asrlar yukini o‘zida ko‘tarib kelayotgan inshootlar. 18-aprel – Xalqaro yodgorliklar va obidalar kuni


Har yili dunyoda 18-aprel – Xalqaro yodgorliklar va obidalar kuni sifatida nishonlanadi. Bu yilgi tadbirlar “Mushtarak madaniyatlar, mushtarak meros va mushtarak javobgarlik” shiori ostida o‘tkazilishi belgilangan edi. Ammo dunyoda hukm surib turgan pandemik holat sababli tadbirlar onlayn tarzda amalga oshirilishi belgilab olindi. “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov sana munosabati bilan yurtimizdagi ko‘zga ko‘ringan tarixiy yodgorliklar haqida so‘z yuritadi.

Shosh – savdo karvonlari chorrahasi

Yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar o‘z sayohatlarini avvalo Toshkent shahridan boshlaydi. Toshkent shahrining qadimgi nomlari turli manbalarda turlicha keltirilgan : Choch, Binkat, Shosh. Toshkent nomi ilk bor Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit-turk” asarida uchraydi. Toshkent qadimdan savdo karvonlari to‘xtaydigan asosiy shaharlardan biri bo‘lgan. Bu narsa hozirgacha o‘z ta’sirini ko‘rsatib keladi. Respublikadagi bozorlarning eng ko‘pi Toshkent shahrida joylashgan.

Toshkent boshqa tarixiy shaharlarga nisbatan tarixiy yodgorliklarga boy bo‘lmasa-da, kelgan har bir mehmon ko‘rmasdan ketmasligi kerak bo‘lgan bir nechta obidalar bor. Shulardan eng mashhuri Toshkentning Eski shahar qismida joylashgan qadimgi Kaykovus anhori bo‘yidagi Hazrati Imom majmuasidir. Ushbu majmua turli davrlarda qurilgan me’moriy obidalar jamlanmasidir. Majmua toshkentlik mashhur diniy olim, shofeiy mazhabining imomlaridan, qoraxoniylarning rahnamosi Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiyning maqbaralari atrofida dunyoga kelgani uchun Hazrati Imom nomi bilan ataladi.

Xalq orasida Xastimom nomi ko‘proq mashhur. Dastlabki maqbara XI asrda qoraxoniylar hukmronligi davrida qurilgan. Ammo mo‘g‘ullar istilosi, tabiiy ofatlar natijasida buzilib ketgan. Biz ko‘rib turgan hozirgi maqbara esa XVI asr Shayboniylar davriga oiddir. Maqbara xonaqoh tipida, to‘rtburchak shaklda qurilgan. Gumbazi XIX asrdagi zilzila oqibatida talafot ko‘rgan. Atrofida qabriston bo‘lgan. Eshigi shimol tarafga qaratib qurilgani uchun maqbara ichi doimiy ravishda salqin turadi. Janubida zamonaviy O‘zbekistonning ikki muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon va u kishining o‘g‘illari Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlarining qabrlari joylashgan.

Majmuadagi ikkinchi obida XVI asrda shayboniylar sulolasining xoni Navro‘z Ahmadxon qurdirgan Baroqxon madrasasi hisoblanadi. Madrasa Markaziy Osiyoga xos an’anaviy uslubda bir qavat qilib qurilgan. Madrasa o‘rnida dastlab ikki maqbara bo‘lgan, biri Navro‘z Ahmadxonning otasi Suyunchixo‘janiki, ikkinchisi Navro‘z Ahmadxonniki. Ikki maqbara ham Navro‘z Ahmadxon buyrug‘i bilan qurilgan. Maqbaralar atrofida madrasa hujralari mavjud. Ammo Navro‘z Ahmadxon Samarqandda vafot etgani uchun o‘ziga atalgan maqbaraga qo‘yilmagan.

Ushbu majmuaning markaziy nuqtasi, shubhasiz, Hazrati Usmon (r.a.)ga tegishli deb qaraladigan Qur’oni Karimning eng qadimgi qo‘lyozmasi saqlanayotgan muzey hisoblanadi. Chunki ko‘pchilik aynan ushbu nodir qo‘lyozmani ko‘rishni istaydi. Muzey XVIII asrda qurilgan Mo‘yi Muborak madrasasida tashkil qilingan. Shuningdek, majmuada XIX asrga tegishli Tillashayx masjidi, Namozgoh masjidi, 2007-yilda qurilgan Hazrati Imom jome’ masjidi, Musulmonlar idorasi, Toshkent islom instituti joylashgan.

Toshkentda, yana ziyorat va tashrif uchun Shayx Hovandu Tohir maqbarasi, Abulqosim va Ko‘kaldosh madrasalari bor. Toshkent viloyati Zangiota tumanida Zangiota maqbarasi ziyoratgohi ko‘plab ziyoratchilarni qabul qiladi.

Samarqand – yer yuzining sayqali

Dunyoda Samarqand nomini eshitmaganlar bo‘lmasa kerak. Sharq gavhari, yer yuzining sayqali, Buyuk ipak yo‘li chorrahasi, Buyuk Temur imperiyasi poytaxti Samarqand doimo o‘ziga sayyohlarni chorlab kelgan. Qadimdan hukmdorlar bu shaharga ega bo‘lishni orzu qilgan. Samarqand tarixda bo‘lgani kabi bugun ham butun dunyodan o‘ziga odamlarni jalb qilmoqda. Bunga uning tarixdagi mashhurligi va uning zaminidagi tarixiy obidalarning hissasi yuqori.

Samarqand shahriga eramizdan avvalgi VIII asrda asos solingan. Qadimdan Fors emperiyasi tarkibidagi So‘g‘d viloyati markazi hisoblangan. Dastlab Samarqand hozirgi Afrosiyob arxeologik hududida mavjud bo‘lgan. XIII asrda mo‘g‘ullar hujumidan katta talafot ko‘rgan shahar keyinchalik odamlar ko‘chib ketishi oqibatida bo‘shab, xarobaga aylangan. XIV asrda Amir Temur hukmronligi yillarida shahar o‘z qudratining cho‘qqisiga chiqqan.

Samarqandda tarixiy obidalar son jihatidan u qadar ko‘p emas. Sababi shahar ruslar tomonidan egallanganidan keyin ko‘plab tarixiy binolar buzildi. Jumladan, Amir Temur saroylaridan biri Ko‘ksaroy ham. Nafaqat Samarqandning, balki butun O‘zbekistonning ramzi bo‘lgan Registon maydoni shaharning tashrif qog‘ozi hisoblanadi. Samarqandga borgan kishi borki, Registon ansamblini ko‘rmasdan qaytmaydi.

Registon maydoni Samarqandning markazi hisoblangan. U yerda bozor mavjud bo‘lgan. XV asrda Mirzo Ulug‘bek bu yerda madrasa, xonaqoh, karvonsaroy qurdirgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan karvonsaroy hamda xonaqoh nurab qolgan. XVII asrga kelib Samarqand hokimi Yalanto‘sh Bahodir Ulug‘bek madrasasi ro‘parasida, xonaqoh o‘rnida katta madrasa qurdirgan. Peshtoqidagi sher tasviri tushirilgan bezaklari uchun xalq orasida Sherdor nomi bilan mashhur. Maydonning g‘arbiy qismida Mirzoyi karvonsaroyi o‘rnida Yalangto‘sh Bahodirning ikkinchi madrasasi bor.

Tilla suvi bilan bezatilgani uchun mazkur madrasa Tillakori madrasasi deb nomlangan. Shunday qilib Registon majmuasining bugungi ko‘rinishi XV–XVII asrlarda shakllangan. Madrasalar devorlari va peshtoqlari an’anaviy me’morchilik uslublarida sopol mozaikalar bilan bezatilgan. Bezak sifatida arab yozuvining turli shakllaridan foydalanilgan. Jumladan, madrasalar tashqi devorlari, minoralari kufiy xatidagi geometrik shaklli girih naqsh-yozuvlari bilan bezatilgan. Shuningdek, peshtoqlarda suls xatidan foydalanib, Qur’on oyatlari va hikmatlar sopol mozaikalar yordamida yozilgan.

Samarqandning yana bir javohiri bu Amir Temur maqbarasi. Maqbara XV asrning boshiga oid. Dastlab bu yerda Amir Temurning nevarasi hamda taxt vorisi Muhammad Sulton bir madrasa va bir xonaqoh qurdirgan. Ikki bino bir-biriga qarama-qarshi qilib qurilgan. 1403-yilda Muhammad Sulton Shomda vafot etadi. Temur nevarasi uchun ushbu majmua hududida maqbara qurishni buyuradi. Maqbara sakkiz qirrali bino shaklida qurilgan hamda ustiga ulkan gumbaz o‘rnatilgan.

Binoning balandligi 36 metrni tashkil qiladi. Gumbaz dimatri 16 metr. Gumbaz tashqi tarafdan to‘lqinsimon qabartma shaklida qurilgan va sopol koshinlar bilan qoplangan. Bino devorlariga “Allohning quli Muhammad” yozuvi kufiy xatida girih naqshlari bilan bezatib yozilgan. Binoning asosiy ko‘rinishi Ulug‘bek davrida qurilgan qo‘shimcha binolar tufayli bekilib qolgan.

Bino ichiga Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan yo‘lak orqali kiriladi. Dastlabki majmuadan, ya’ni Muhammad Sulton qurdirgan binolardan faqatgina majmuaga kirish peshtoqi saqlanib qolgan bo‘lib, unda bino bezaklarini bajargan ustaning ismi saqlanib qolgan. Unda “Ushbu bino Allohning quli Muhammad ibn Mahmud Isfahoniy tarafidan qurildi” degan mazmundagi yozuv bor. Temuriylar davrida qurilgan ko‘pchilik binolar, asosan, forslik ustalar tomonidan qurilgan va shuning uchun ikki mamlakat tarixiy obidalari o‘rtasida o‘xshashlik mavjud. Bu binolarning tashqi ko‘rinishida va ranglarida o‘z aksini topgan.

Maqbarada to‘qqizta qabr mavjud bo‘lib, ilk qabr Muhammad Sultonga tegishli. Undan tashqari bu yerda Amir Temur, Shohruh Mirzo, Mironshoh Mirzo, Ulug‘bek Mirzo, Mir Sayyid Baraka, iroqlik Shayx Sayyid Umar va Mirzo Ulug‘bekning yoshlikda vafot etgan ikki o‘g‘li Abdulloh va Abdurahmon Mirzolarning qabrlari bor. Qabrlar bugun biz ko‘radigan maqbaraning yuqori qismida emas, balki yer ostida joylashgan. Maqbaraning ziyoratxonasida mavjud qabr toshlar asl qabrlar joylashuviga qarab qo‘yilgan.

Asl qabrlarga kirish mumkin emas. Faqatgina maxsus delegatsiyalar va hukumat ruxsati bilan kiritiladi. Maqbaraning ichki qismi ham juda go‘zal naqshlar va xattotlik san’ati bezaklari ila bezatilgan. Bezatishda tilla suvi ishlatilgani jozibadorlikni yanada oshirgan. Yozuvlar, asosan, Qur’oni Karim oyatlari, hadisi sharif va hikmatli so‘zlarni aks ettiradi.

Samarqadning muqaddas qadamjolari orasida, shubhasiz, Qusam ibn Abbos (r.a) maqbarasi yetakchi hisoblanadi. Ushbu maqbara Shohi Zinda arxitektura majmuasining tarkib topishida markaziy rol o‘ynagan. Chunki aynan shu maqbara atrofida keyinchalik ko‘plab maqbaralar bino qilingan. Majmua XI–XX asrlar mobaynida shakllanib borgan. Dastlab XI–XII asrlarda, qoraxoniylar hukmronligi davrida maqbaralar qurilgan. Qusam ibn Abbos maqbarasi ham aynan o‘sha davrda bino qilingan. Ammo Samarqand shahri mo‘g‘ullar tomonidan egallanganidan keyin shaharning boshqa ko‘plab binolari singari majmua ham jiddiy talafot ko‘rgan. Bugungacha saqlanib qolgan asosiy binolar XIV–XV asrlarga oid.

Ansambl bir-biri bilan yo‘lak orqali bog‘langan uch guruh binolardan iborat. Quyi guruh binolari 1434–1435-yillarda Mirzo Ulug‘bek tarafidan o‘g‘li Abdulaziz Mirzoga atab qurdirilgan chortoq bilan boshlanadi. Darvozadan kirganda chap tomonda 1910-yilda qurilgan yozgi masjid, o‘ng tomonda XIX asrga oid Davlat qushbegi madrasasi bor. Ikkinchi chortoqqa chiqiladigan zina yonida XV asrda qurilgan qo‘sh gumbazli maqbara bor bo‘lib, uzoq yillar mobaynida buyuk matematik olim Qozizoda Rumiyga nisbat berib kelingan. Ammo qazishmalar natijasida uning Amir Temurning enagasiga tegishli ekani taxmin qilingan va bugun shunga nisbat beriladi.

O‘rta guruhdagi binolar: Amirzoda maqbarasi, Tug‘lu Tekin maqbarasi, Shirinbeka og‘o maqbarasi, uning qarshisida Temurning boshqa singlisi Turkan og‘o maqbarasi, sakkiz qirrali maqbara, Ali Nasafiy maqbarasi kabilar. Ushbu maqbaralarning barchasi XIV asrda qurilgan. Maqbaralar Temuriylar davri arxitekturasida koshinpazlikning yuksak namunasini o‘zida mujassamlashtirgan. Shirinbeka og‘o maqbarasidan tashqari qolgan maqbaralar, asosan, koshinlar bilan bezatilgan.

Unda Markaziy Osiyoga oid bo‘lgan bezak san’ati namunalari o‘rin olgan. Shirinbeka og‘o maqbarasi esa sopol mozaikalar bilan bezatilgan. Maqbaralar orasida Turkon og‘o maqbarasi, Shirinbeka og‘o maqbarasi hamda Usta Ali Nasafaiy maqbaralari ham ichki, ham tashqi bezaklari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Shirinbeka og‘o maqbarasining ichki va tashqi bezaklari qolganlaridan tubdan faqr qiladi. Bu Temuriylar arxitekturasida yangi maktabning boshlanishi sifatida baholanadi.

Oldingi dag‘al koshinlar o‘rnini nafis mozaikalar va devoriy suratlar egallagan. Bu turdagi bezak namunalarini yuqori qism binolarida, jumladan, Tuman og‘o majmuasi, Qusam ibn Abbos maqbarasi, Amir Temur jome’ masjidi xonaqosi va yon xonalari, qo‘sh gumbazli maqbarada ham uchratish mumkin. Maqbaralar arab xatining kufiy, suls kabi yozuv namunalari bilan turli hikmatli so‘zlar, Qur’on oyatlari, hadisi shariflar bilan bezatilgan.

Yuqori guruh binolariga Amir Burunduq maqbarasi (XVI asr oxiri), Xoja Ahmad maqbarasi (XIV asr o‘rtalari), XIV asr 60-yillariga oid yana bir Tuman og‘o majmuasi: masjid, go‘rxona va ziyoratxona (XV asr boshi), Qusam ibn Abbos maqbarasi, ziyoratxona, masjid kiradi.

Qusam ibn Abbos maqbarasiga boradigan yo‘lak kirish eshigi XV asrda yasalgan, kirish tepasida Payg‘ambarimizning Qusam ibn Abbos (r.a) haqida aytgan hadislari yozilgan. Uning ma’nosi quyidagicha: “Qusam ibn Abbos tashqi ko‘rinishi, xulqi jihatidan menga eng ko‘p o‘xshaydiganidir”. Maqbara ikki qismdan iborat: qabr joylashgan go‘rxona va ziyoratxona. Ziyoratxonaga kirish eshigi XIV asrda yasalgan. Maqbara binosi XIV asrda qayta ta’mirlangan.

Qusam ibn Abbosning qabrlari ustiga to‘rt qavatli qabr toshi o‘rnatilgan bo‘lib, atrofi sirlangan koshinlar bilan bezatilgan. Majmuaning “Shohi zinda” deb nomlanishi ham Qusam ibn Abbos nomi bilan bog‘liq. Majmuaning kirish peshtoqida Oli Imron surasining “169. Allohning yo‘lida qatl qilinganlarni o‘liklar deb o‘ylamang! Yo‘q, tirikdirlar, Robbilari huzurida rizqlantirilmoqdalar” oyati yozilgan. Qusam ibn Abbos Samarqandga islom dinini yoyish maqsadida kelganlarida shahid bo‘lganlar. Qur’ondagi mazkur oyat sababidan “tirik”liklariga nisbat berilib “Shohi zinda”, ya’ni “Tirik shoh” deb nomlangan.

Majmuaning yuqori qismidagi bir-biriga qaratib qurilgan uchta maqbara bezaklarining hamohangligi bilan majmuaga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab turadi. Chortoqdan kirishda to‘g‘rida Xoja Ahmad maqbarasi, o‘ng tomonda Amir Temur ayollaridan biriga nisbat beriladigan maqbara, chap tomonda esa Tuman og‘o majmuasi joylashgan.

Samarqandning mazkur yodgorliklarining barchasi davlat tomonidan muhofaza qilinadi va YuNESKOning moddiy-madaniy me’rosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Qubbat ul islom – Buxoroi sharif

Buxoro zamini qadim zamonlardan ilm-fanning turli yo‘nalishlarida olimlar yetishtirib berdi. Shaharning buyukligini unga, shubhasiz, islom dini olib keldi. Buxoro vohasida juda qadim zamonlardan bir qancha yirik shaharlar bo‘lgan: Poykent, Romiton, Varaxsha va Vobkent shular jumlasidan. Buxoro shahrining yoshini tarixchilar 2 500 yildan ko‘proq deb hisoblaydi.

Buxoro vohasi VIII–IX asrlargacha Kampir devor deb nomlangan 250–300 kilometrli devor bilan o‘rab olingan degan ma’lumotlar bor. Turli davrlarda hukmdorlar ushbu devorni ta’mirlab borgan. Ammo somoniylar davriga kelib devor ta’mirlanmasdan qolib ketdi. Bunga sabab qilib Ismoil Somoniy mashhur “Toki men tirik ekanman, Buxoroning devori o‘zim bo‘laman” degan gapini keltiradi. Shayboniylar davriga kelib Buxoro shahri 25 kilometr uzunlikdagi devor bilan o‘rab olindi.

Buxoroda somoniylar va qoraxoniylar davrida ko‘plab qurilish inshootlari, madrasalar, masjidlar, jamoat binolari, hammomlar qurildi. Markaziy Osiyodagi ilk madrasa ham aynan Buxoroda qurilgan bo‘lib, u Farjak deb nomlangan. Ushbu binolardan ko‘pchiligi mo‘g‘ullar bosqini paytida buzib tashlandi. Mo‘g‘ullardan oldingi qurilishlardan Ismoil Somoniy maqbarasi, Minorai Kalon, Vobkent minorasi, Mag‘oki attor kabi inshootlar saqlanib qoldi.

Navbatdagi yirik qurilishlar shayboniylar, jumladan, Abdullaxon II hukmronligi yillarida amalga oshirildi. Ashtarxoniylar hukmronligi yillarida ham bir qancha qurilishlar amalga oshirildi. Mang‘itlar sulolasi davriga kelib esa yirik qurilishlar bir muncha kam amalga oshirildi. Asosan saroylar qurilgan bu davrda. Kogonda, Buxoro shimolida, Qrimda amir saroylari, Sankt-Peterburg jome’ masjidi aynan mang‘it hukmdorlari tomonidan qurdirilgan.

Buxoroga tashrif buyurgan har bir sayyoh borishi shart bo‘lgan bir qancha tarixiy binolar bor. Ular Ismoil Somoniy maqbarasi, Poyi kalon majmuasi, Sitorai Mohi-Xosa saroyi.

Ismoil Somoniy maqbarasi IX–X asrlar noyob yodgorlik majmuasi hisoblanadi. Sababi u islom olamidagi ilk bunyod etilgan maqbaralardan, shuningdek, gumbazli qilib qurilgan ilk maqbara hisoblanadi. Binoning tarxi kvadrat shaklda bo‘lib, to‘rt tomoni bir xil 11 metrni tashkil qiladi. Bino tomi gumbaz bilan yopilgan. To‘rt tomonidan kirish eshiklari bo‘lgan, hozir faqat bir tomonidan kiriladi. Kirish eshigi tepasidagi yog‘och lavhda maqbara qurilganiga doir yozuvlar qismlari saqlanib qolgan. Maqbaraning o‘ziga xos jihati g‘ishtlarining xuddi to‘qilgandek qilib terilganidir.

Aynan mana shu uslub uning quyosh nuri tushishiga qarab o‘z rangini o‘zgartirib turishiga yordam beradi. Bu o‘z navbatida binoning bezagi ham hisoblanadi. Devorning to‘rt tarafidan yuqori qismida kichik darchalar qo‘yilgan bo‘lib, maqbara ichidagi havoning mo‘tadillashib turishiga va havo aylanishiga yordam beradi. Uning bu paytgacha yetib kelishiga uzoq yillar qum ostida saqlangani sabab hisoblanadi. XX asrning 30-yillarida arxeolog Shishkin izlanishlari natijasida uning joyini aniqlab, atrofidagi qumliklarni olib tashlaydi. Maqbara atrofi qabriston bo‘lgan bo‘lib, Kirov parki qurilishi sababidan qabriston boshqa hududga ko‘chirilgan. Bugungi kunda maqbara joylashgan hudud Buxoro markaziy istirohat bog‘i deb yuritiladi.

Buxoroning tashrif qog‘ozi, shubhasiz, Poyi Kalon majmuasidir. Majmua Arslonxon minorasi, Katta jome’ masjidi va Mir Arab madrasasidan tashkil topgan. Majmuadagi eng qadimiy bino bu xalq orasida Minorai Kalon, ya’ni Katta minora deb yuritiladigan Arslonxon minorasidir. Minora 1127-yilda qoraxoniylar hukmdori Arslonxon Muhammad buyrug‘iga ko‘ra, Usta Baqo boshchiligidagi quruvchilar tomonidan qurilgan. Yer sathidan to‘qqiz metr chuqur, balandligi 46,5 m (ayrim manbalarda 48, 50 metr), kursisi qirrador, tanasi g‘o‘lasimon, tepasi gumbazli davra qafasa-ko‘shk bilan bog‘langan.

Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 pillapoya aylanma zina orqali chiqiladi. Masjidi Kalon tomonidan minoraga o‘tiladigan ko‘prikcha bo‘lgan. Minorai Kalonning o‘zagi ham, bezagi ham chorsi g‘isht ganchxok loyida terilgan. Bezak g‘ishti o‘rniga qarab turli shaklda, sirti silliq pardozlangan. Ustma-ust joylashgan turli xil handasaviy shakldagi bejirim bezakli halqalari g‘ishtin dandanalar bilan hoshiyalangan.

Bezaklar orasida tarixiy va diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi. Muqarnas ostidagi moviy rang sirkor halqalarning har biri turli xil handasaviy shaklda bezatilgan (keyinchalik to‘kilib ketgan). Minorai Kalon shu turdagi qadimiy inshootlar orasida alohida o‘rin tutadi. Shakllarning o‘zaro monandligi va mutanosibligi, handasaviy uyg‘unlik, ajoyib ko‘rk va mahobatlilik Minorai Kalonga chinakam go‘zallik bag‘ishlaydi. 1920-yilgi Sovet armiyasining Buxoro shahriga qilgan hujumi oqibatida minora shikastlandi. 1924-yilda usta Shirin Murodov boshchiliga muqarnasi va tanasi ta’mirlandi.

Ansamblning keyingi inshooti Masjidi Kalondir. Masjid o‘rnida dastlab XII asrda qurilgan eski masjid bo‘lgan. Buzilib ketgan masjid poydevori o‘rnida XIV–XV asrlarda masjid qurilishi boshlangan. XVI asr boshiga kelib to‘liq tugallangan. Masjid to‘g‘ri to‘rtburchak tarhli, keng hovli atrofini gumbazli bostirma ayvon egallagan. 288 qubba (gumbazcha) 208 ustunga tayangan. Ular o‘ziga xos mahobatli ko‘rinishga ega bo‘lib, ustunlarga keyinchalik murabba tarhli poyustunlar o‘rnatilgan.

Hovlining to‘rt tomoni markazida naqshinkor peshtoqlar bor. Sharqdagi tashqi ulkan peshtoq mahobati va muhtasham bezagi bilan alohida ajralib turadi. Masjidi kalonning tashqi tomondan yetti eshigi bo‘lib, asosiy sharqiy darvoza oldida va ichida keng ayvonlar joylashgan. Masjidga kirish uchun zinadan pastga qarab tushiladi. Peshtoq ravog‘idagi boloxona va uning yon tomonidagi qirrali ravoqlar koshin va sirlangan g‘ishtlar bilan bezatilgan. Ayniqsa, ganchkori ravoqlar alohida ajralib turadi.

Peshtoq orqali hovli to‘ri (yuqorisi)dagi xonaqoh maqsuraga o‘tiladi. Xonaqohning tashqi poygumbazi baland, moviy gumbazi uzoqdan ko‘zga tashlanib turadi. Ichki gumbaz osti bag‘allariga “qolibkori” uslubida qator mayda 16 ta ravoqcha  ishlangan. Mehrob bezaklari nafis koshinkorlik san’atining yuksak namunasidir, unda usta Boyozid Puroniy nomi va 1514-yil sanasi ko‘rsatilgan. Peshtoq oldidagi sahnda kichik ko‘shk bor bo‘lib, Amir Olimxon buyrug‘i bilan mo‘g‘ullar bosqini paytida halok bo‘lgan bolalar ruhiga atab qurilgan degan ma’lumotlar bor.

Markaziy Osiyodagi qurilganidan buyon hali biror marta o‘z faoliyatini to‘xtatmagan, Markaziy Osiyoning ilm beshiklaridan bo‘lgan Mir Arab madrasasi majmuadagi nisbatan kechroq qurilgan inshoot hisoblanadi. 1530–35-yillar orasida Buxoro hukmdori Ubaydulloxon buyrug‘iga binoan o‘zining diniy rahnamosi Said Abdulloh Yamaniy – Miri Arabga atab qurilgan. Qurilish ishlarini Miri Arabning o‘zi nazorat qilib borgan. Miri Arab Xoja Ahrori Valiyning shogirdlaridan bo‘lib, asli yamanlik, naqshbandiya tariqatining shayxlaridan hisoblanadilar.

Bugungi kunda madrasa O‘zbekiston musulmonlar diniy idorasi tasarrufida bo‘lib, tolibi ilmlar diniy ilmlarini olishlari mumkin. Madrasada arab, ingliz, rus va fors tillari ham o‘rgatiladi.

Buxorodan to‘rt kilometr shimolda joylashgan Sitorai Mohi-Xosa – Buxoro amirining yozgi qarorgohi o‘zining arxitekturasi va bezaklari bilan shaharning boshqa inshootlaridan ajralib turadi. Dastlab bu yerda XIX asr boshlarida Amir Nasrullo buyrug‘i bilan, keyinchalik Amir Muzaffar, Amir Abdul Ahadlar buyrug‘i bilan bir qator inshootlar barpo etilgan. Ammo ulardan faqatgina tashqarida joylashgan Amir Abdul Ahadga tegishli eski saroy saqlanib qolgan.

Amir Sayyid Olimxon hukmronligi yillarida bu yerda yangi saroy qurdiradi. Sitorai Mohi-Xosa saroy majmuasi ichki va tashqi hovli, haram, mehmonxona, amir ayollari yotoqxonasidan iborat binolardan tashkil topgan. Tashqi hovliga asosiy darvozadan kirilgan. U yerda amir hunarmandlari o‘z faoliyatini olib borgan. Xalq sayillari, rasmiy qabul marosimlari paytida turli ko‘rgazmalar tashkil etilib turilgan. Kichik darvoza orqali ichki hovliga o‘tilgan.

U yerda kirill alifbosidagi Ï harfi shaklida binolar qurilgan bo‘lib, ular oshxona, mirzoxona, bazmxona, shaxmat xonasi, kutish zali, qabul marosimlari o‘tkaziladigan katta oq uy hamda amir yotoqxonasi va shimol tomonda uzun ayvondan iborat. Ushbu yangi saroy o‘zbek va rus arxitektorlari hamkorligida qurilgan. Shuning uchun uning tashqi ko‘rinishi yevropacha, ichki bezaklari sharqona uslubda ishlangan. Markaziy Osiyoga xos bo‘lmagan katta deraza va eshiklar, biri ikkinchisiga ulanib ketadigan xonalar tarzida qurilgan.

Xonning qabul marosimlari o‘tkaziladigan Xonai safed – oq xona(uy) mashhur ganchkor usta Shirin Murodov rahbarligida ikki yilda tamomlangan. Ganchdan ishlangani tufayli xona shunday nomlangan. Oqsaroy ichkarisi sharqning jimjimador, nafis naqshlari jozibador gullari bilan uyg‘unlashgan. Devorning ko‘zgulardan iborat bo‘lishi va gulganchdan ishlangan bezaklarning ko‘zni qamashtiradigan darajada oqligi xonani ko‘rkam qilib ko‘rsatadi. Kutish xonasi ham devoriy naqshlar ila bezatilgan bo‘lib, qabulni kutayotgan odam zerikib qolmasligi uchun shunday bezatilgan.

Bazmlar o‘tkaziladigan xona va shaxmat xonasi ham turli xil ranglar yordamida turfa naqshlar bilan bezatilgan. Bazmxonaning bezaklari yil fasllariga qarab almashtirib turilgan. Hozirgi holat kuz faslini ifoda etadi. Sababi amirlik tugatilganda shu holicha qayta bezatilmagan. Majmuadagi sakkiz burchakli qilib qurilgan Xonai Hasht – mehmonxona vazifasini o‘tagan. Mehmonxonaning markaziy xonasi o‘zining tilla suvi bilan ishlangan bezaklari kishi ko‘zini quvnatadi.

Hovlining janub tomonida amir ayollari va onasiga atab qurilgan xonai xob, ya’ni yotoqxona mavjud. Ushbu bino Mavritaniya uslubida qurilgan bo‘lib, bezaklari uncha yaxshi saqlanmagan. Xonai xob yonidagi hovuz suv manbai vazifasini o‘tagan hamda hovliga va bog‘ga salqinlik baxsh etib turgan. Majmuaning haram qismi esa shikastlangan holatda saqlangan. Bugungi kunda saroyda Buxoro o‘lkashunoslik muzeyi joylashgan.

Buxoro shahri ISESCO tomonidan 2020-yil “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi.

Al Xorazmiy vatani Xiva

O‘rta asrlar shaharlari qiyofasini hanuzgacha saqlab kelayotgan Markaziy Osiyodagi yagona shahar Xivadir. Bunday deyishimizga sabab uning o‘sha davrlarga xos mudofaa devorlari bilan o‘ralganligi. Xiva shahrini afsonalarga ko‘ra Nuh alayhissalomning o‘g‘illari Som alayhissalom qurgan deyiladi. Ammo Xivaning nomi X asrdan boshlab hujjatlarda tilga olina boshlaydi.

Masalan, X asrda yashagan tarixchi Istahriy Xivani o‘sha davrning eng yirik 30 ta shahardan biri deydi. Shahar nomi Ichan qal’ada joylashgan Xeyvaq qudug‘idan olingan. Bundan tashqari, osetin tilidagi “Xiauv” qal’a so‘zidan yoki antik davrda shahar yaqinida oqib o‘tgan Xeykanik, hozirgi Polvonyop kanali nomidan kelib chiqqan degan qarashlar ham mavjud. Xiva shahri XVI–XX asrlarda Xorazm (Xiva) xonligining poytaxti vazifasini o‘tagan.

Xiva shahridagi Ichan qal’a me’moriy majmuasi 1990-yilda YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Ichan qal’a ichki shahar demakdir. XIX asr boshida shahar aholisi ko‘paygach, odamlar devor tashqarisiga chiqib o‘rnasha boshlagan. Shunda Xorazm xoni Muhammad Rahimxon I tashqaridagi aholini tashqi hujumlardan asrash maqsadida ikkinchi devorni tiklatadi. Shu tariqa shahar ikki qismga: Dishan qal’a (tashqi shahar) va Ichan qal’a (ichki shahar)ga bo‘linadi. Ammo tashqi devorlar XX asrda shahar kengayishi natijasida buzib tashlangan. Dishan qal’aning bir nechta darvozalari saqlanib qolgan. Ichan qal’a esa devorlari ta’mirlangan holatda saqlanib qolgan.

Ichan qal’a devorining uzunligi 2 200 metr, balandligi 10 metr, kengligi besh-olti metrni tashkil etadi. Shahar devorlarining yoshi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Shaharga to‘rtta darvozadan kiriladi: g‘arbdan Ota darvoza, sharqdan Polvon darvoza, shimoldan Bog‘cha darvoza, janubdan Tosh darvoza. Ichan qal’a me’moriy obidalari o‘z shakli va bezaklari jihatidan boshqa shaharlardan ajralib turadi.

Ichan qal’adagi saqlanib qolgan eng qadimiy inshoot Sayyid Alovuddin maqbarasi bo‘lib, XIV asrda qurilgan. U kishi Naqshbandiya tariqati shayxlaridan bo‘lganlar. Binolarning aksariyati XVIII–XIX asrlarga oid. Ichan qal’ada ikkita xon qarorgohi mavjud: Ko‘hna ark va Toshhovli saroyi. Ichan qal’aning eng ko‘zga ko‘ringan me’moriy inshootlari Juma masjidi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Toshhovli Saroyi, Islomxo‘ja minorasi va Muhammad Aminxon minorasi yoxud mashhur Kalta minor.

Nafaqat Xivaning, balki butun Xorazmning ramziga aylangan Muhammad Aminxon minorasi, xalq orasida ko‘proq Kalta minor nomi bilan mashhur minora XIX asrda qurilgan. 1855-yilda xon Muhammad Aminxon vafoti munosabati bilan qurilish ishlari yakuniga yetmagan. Ammo shu holida ham o‘zining mahobati bilan kishilarni hayratda qoldirishda davom etmoqda.

Minora balandligi 26 metr, asosining diametri 14 metr. Bezagida oq, yashil, feruza rangli koshinlar qo‘llanilgan. Feruza rangli koshin ko‘p ishlatilganidan ko‘kminor deb ham ataladi. Ammo minoraning rasmiy nomi Muhammad Aminxon minorasi. O‘sha paytlarda odamlar uni Ulli minor, ya’ni katta minor deb ham ataganlar. Minora tepa qismida Ogahiyning nastaliq xatida yozilgan she’riy tarixi bitilgan. Minora tugatilganida 70 yoki 100 metr balandlikka yetishi kerak bo‘lgan.

Minora haqida ko‘plab afsonalar to‘qilgan. Emishki, minora dovrug‘ini eshitgan Buxoro amiri me’mor bilan Buxoroda ham xuddi shunday minora qurish bo‘yicha yashirin bitim tuzadi. Bundan xabar topgan Xiva xoni me’morni ish bitganidan so‘ng qatl qilmoqchi bo‘ladi. Buni eshitgan me’mor o‘ziga qanot yasab Eron taraflarga uchib ketgan ekan.

Xivaning yana bir ko‘zga ko‘ringan inshooti Juma masjiddir. Ushbu masjid me’moriy jihatdan ulkan bo‘lmasa ham ichidagi yog‘och ustunlari sababli kishida o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Masjid ichi xuddi ustunli o‘rmonga o‘xshaydi. Masjid X–XVIII asrlarda qurilgan va kengaytirilgan. So‘nggi qurilish XVIII asrda Abdurahmon Mehtar buyrug‘iga ko‘ra amalga oshirilgan. X asrda qurilgan masjid haqida Istaxriy va al-Maqdisiylar yozib qoldirgan. Ammo u masjid buzilib ketgan.

Masjid ichidagi ustunlar soni 213 ta, har bir ustun orasidagi masofa 3,15 metrni tashkil qiladi. Masjid ustunlari yog‘och o‘ymakorligi san’atining yuksak namunalari sifatida baholanadi. Hech bir ustun bir-birining bezaklarini takrorlamaydi. Ustunlar orasida to‘rttasi eng qadimiylari bo‘lib, taxminan X asrga oid ilk masjidning ustunlari vazifasini o‘tagan. Ustunlarda kufiy xatida masjidning naqshli qilib faqih Abul Fazl Muhammad Laysiy farmoniga binoan qurilgani yozilgan.

Masjid tomidan ikki joydan tuynuklar ochilgan bo‘lib ichkariga yorug‘lik o‘sha tuynuklardan kirib turgan. Masjid ichida, shuningdek, saqoxona ham bor bo‘lib, marmar qozonga yozning issiq kunlarida muzdek suv, Ramazon oylarida iftorlik uchun sharbat to‘ldirib qo‘yilgan. Mehrobi janub tomonda bo‘lib, uning ikki yonida devorda bir nechta tuynukchalar teshilgan. Ular o‘ziga xos ovoz kuchaytirgich vazifasini o‘tagan. Mehrob tomi ham balandroq qilib qurilgan. Bu ham imomning ovozini kuchaytirishga xizmat qilgan. Masjid yonida minora bo‘lib, balandligi 33 metr, ba’zi manbalarda 46 metr.

Xiva me’morchiligining o‘ziga xos uslublaridan biri bezak ishlarida faqat koshinlardan foydalanishi va ranglarning bir xilligidir. Ichan qal’a binolarining bezak ranglari asosan uch xil: ko‘k, yashil va oq. Xiva koshinpazligining yuksak namunalarini Ko‘hna ark hamda Toshhovli saroylarining hovlilar va ayvonlari bezaklarida uchratish mumkin. Ichan qal’a bezaklarida Xivaning bunyodkor xoni Ollohqulixon va uning qo‘l ostida ishlagan usta Abdulloh jinlarning xizmatlari beqiyosdir. Jumladan, Ollohqulixon shaharning sharqiy qismida bir qator qurilish ishlari, Ko‘hna Ark, Pahlavon Mahmud maqbarasi kabilarda qayta ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan.

Toshhovli saroyi ham aynan Ollohqulixon buyrug‘iga ko‘ra 1830–38-yillarda amalga oshirilgan. Toshhovli saroyi uchta katta va to‘rtta kichik hovlilardan iborat bo‘lib, 119 ta xonadan tashkil topgan. Hovlilardan eng yiriklari haram, ko‘rinishxona va mehmonxona hovlilaridir. Qolgan kichik hovlichalar esa boshqalariga o‘tishda ishlatilgan. Ko‘rinishxona va mehmonxonadan haram hududiga maxsus yo‘lak orqali faqat xon o‘tishi mumkin bo‘lgan.

Ko‘rinishxonada xon qabul marosimlarini o‘tkazgan. Hovli markaziga o‘tov o‘rnatiladigan maxsus supa qurilgan. Unda xon ko‘chmanchi qabilalar rahbarlarini qabul qilgan. Ayvon va hovli devorlari Xivaning o‘ziga xos bo‘lgan anor, bodom, qalampir bezaklari tushirilgan koshinlar bilan bezatilgan. Mehmonxona hovlisi ham xuddi shunday koshinlar bilan bezatilgan. Ayvonda ovqatlanadigan katta xona, hovlida o‘tov o‘rnatishga mo‘ljallangan ikkita supa qurilgan. Hovli chetlarida esa mehmonlar uchun xonalar bor.

Haram eng katta hovli bo‘lib, bu yerda xonning ayollari va kanizaklari yashagan. Haramda beshta ayvon qurilgan, har bir ayvonda bittadan yotoqxona mavjud bo‘lgan. Birinchi ayvonda xon, keyingilarida uning ayollari yashagan. Har bir ayvon koshinlar bilan bir-biridan farqli qilib bezatilgan. Ammo manbalarda bu saroy, asosan, valiahdga xizmat qilgani aytilgan. Jumladan, Vamberi o‘z xotiralarida shunday ma’lumotni qoldirgan. Saroyning Toshhovli deyilishiga sabab uning pishgan g‘ishtdan qurilgani yoki baland devorlar bilan o‘ralib mustahkamlangani uchundir. Toshhovli saroyi yonida Ollohqulixon timi, karvonsaroyi va madrasasi, shuningdek, Qutlug‘ Murod inoq madrasasi bor.

Mamlakatimizdagi asrlar yukini ko‘tarib kelayotgan mavjud tarixiy obidalar, qadamjolar barchamizning g‘ururimiz. Ular bizga ajdodlardan qolgan buyuk meros. Ularni asrab, avaylab kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish barchamiz uchun muhim vazifadir. Har birimiz yurtimizdagi tarixiy obidalarning tarixini bilishimiz va o‘z farzandlarimizga o‘rgatishimiz lozim.



Manba: Daryo.uz
Îïóáëèêîâàíî: admin (18-04-2020, 10:26)
0 (ãîëîñîâ: 0)
Êîììåíòàðèåâ ïîêà åùå íåò. Âû ìîæåòå ñòàòü ïåðâûì!

Äîáàâèòü êîììåíòàðèé!


vote-iconÎÏÐÎÑ
Ñêîëüêî âðåìåíè â äåíü âû ïðîâîäèòå â ñîöèàëüíûõ ñåòÿõ?

ÊÒÎ ÍÀ ÑÀÉÒÅ?
( 61) ( 0) ( 60) ( 1)
Þçåðû:
- îòñóòñòâóþò
Ãîñòè:
Ðîáîòû:
Ïîñëåäíèå 20 ïîñåòèòåëåé... - îòñóòñòâóþò