» » Yangi COVID-19 Uxan laboratoriyasi mahsulimi? Mutaxassis javob beradi

Yangi COVID-19 Uxan laboratoriyasi mahsulimi? Mutaxassis javob beradi


Bugun butun dunyoni koronavirus pandemiyasi qamrab olgan bir paytda qator olimlar uning kelib chiqish sabablarini o‘rganishda davom etmoqda. Ayniqsa, Nobel mukofoti laureati Lyuk Montanyening koronavirus Uxan laboratoriyasida yaratilgan deyishi keskin bahslarni keltirib chiqardi. Nobel egasiga bu masalada qay darajada ishonish mumkin? Bu savolga Xitoyning Janubi-g‘arbiy universiteti doktoranti, o‘zbekistonlik yosh biolog Baxtiyor Sheraliyev javob beradi.

Nobel mukofoti sovrindori, fransuz virusolog olimi Lyuk Montanye 16-aprel kuni Pourquoi Docteur saytiga bergan intervyusida SARS-CoV-2 virusining Uxandagi yovvoyi hayvonlar bozoridan kelib chiqqaniga ishonmasligini bildirdi. U bu haqida “Hammasi ajoyib cho‘pchak, bunday bo‘lishi mumkin emas. Bu virus Uxandagi laboratoriyadan chiqqan”, deydi.

Shu bilan birga, olim koronavirus genomiga OITS kasalligini keltirib chiqaruvchi OIV virusi genomi kiritilganini aytar ekan, balki u yerda mutaxassislar koronavirus genomi va OIV genomidan foydalangan holda OITS ga qarshi vaksina yaratishayotgan bo‘lishi mumkin, deb aytdi. Bu haqida intervyuning ertasiga Fransiyaning mashhur CNews nashri xabar tarqatdi.

Lyuk Montanye o‘zi kim?

Keling, yuqoridagi olimning kimligiga biroz nazar tashlasak, ana undan keyin ayni mavzuni muhokama qilamiz. Lyuk Montanye 1983-yilda hamyurti Fransuaza Barre-Sinussi bilan birgalikda OITS kasalligining qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan OIV virusini kashf qildi. Kashfiyot uchun ikkala olim 2008-yilda fiziologiya yoki tibbiyot yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng Lyuk Montanyening ilmiy karyerasida qulash boshlanadi.

Olim 2009-yilda o‘zi bosh muharrir bo‘lgan jurnalda “Bakteriya DNK ketma-ketligi asosida suv nanotuzilmalari elektromagnit signallar ishlab chiqaradi”, degan ziddiyatli maqolasini chop etdi. Maqolada xulosa qilinishicha, patogen bakteriya va viruslarning DNKsi suyuqlik (suv)da o‘zidan ishlab chiqargan ma’lum radioto‘lqinlarni qoldiradi. Keyinchalik suv unda patogen bakteriya va virus DNK bo‘lmasa ham yangi virus yoki bakteriyani hosil qilishi mumkin.

Lyuk Montanye bu hodisani “DNK teleportatsiyasi” deb nomladi. Shundan so‘ng olim ilmiy jamoatchilik tomonidan juda ham keskin tanqid ostiga olindi. U “soxta fan” (pseudoscience) bilan shug‘ullanayotganlikda va bundan tashqari xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan soxta fan deb e’tirof etilgan homeopatiyani (homeopatiya – tabiblikning bir yo‘nalishi) qo‘llab-quvvatlashda ayblandi.

Bundan tashqari, olim 2009-yilda OIVning kelib chiqishi va uning yuqishi haqida munozarali nazariyalarni ilgari surdi. 2017-yilda 100 nafar akademik uning emlashga qarshi pozitsiyasini tanqid qildi va shifokorlar kollejidan unga nisbatan sanksiyani kiritishni talab qildi. Hamkasbi Fransuaza Barre-Sinussi Lyuk Montanyening harakatlari haqida o‘z fikrini bildirar ekan, “uning miyasi suyulib qolgan”, deb aytdi.

Chindan ham koronavirus laboratoriyada ishlab chiqarilganmi?

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri virusning kelib chiqishi borasida juda ko‘plab olimlar tomonidan fikrlar bildirib kelinmoqda. Koronavirus genomi tahlili yanvar oyidayoq butun jamoatchilikka e’lon qilindi. Dunyo bo‘yicha virusning odam tomonidan yaratilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar avj olishiga qaramasdan ushbu taxminni soha mutaxassislari bir ovozdan rad etdi. Jumladan, Nature Medicine ilmiy jurnalida 17-mart kuni SARS-CoV-2 ning kelib chiqishi haqida ilmiy maqola chop etildi.

Unda aytilishicha, koronaviruslar oilasining beta koronaviruslar guruhiga mansub virusning genom tuzilishi bundan avvalgi ma’lum bo‘lgan birorta virus namunasiga mos kelmaydi, bu uni laboratoriyada yaratilmagan deb xulosa qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, SARS-CoV-2’ning genomi boshqa barcha koronaviruslar genomi bilan solishtirib ko‘rilganda ulardan o‘ziga xosligi bilan farq qilayotgani va avval kam o‘rganilgan, odam uchun xavfi borligi ma’lum bo‘lmagan pangolinlarda uchraydigan koronavirus genomiga juda o‘xshash ekani ma’lum bo‘ladi.

Fevral oyida Financial Times nashri butun dunyoda koronaviruslarni o‘rganishi bilan ma’lum bo‘lgan mashhur olim Trevor Bedfordning so‘zlarini keltirdi, unda olim koronavirusning kelib chiqishi haqida quyidagicha fikr bildirdi: “Ushbu virusning gen muhandisligi yo‘li bilan yaratilgani to‘g‘risida hech qanday dalil mavjud emas. Bizning qo‘limizdagi mavjud barcha dalillar virusning tabiiy tanlanish natijasida hosil bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Eng ishonchli ssenariyga ko‘ra, koronavirus 20–70 yil avval ko‘rshapalakdan boshqa bir sutemizuvchiga o‘tgan. Ana o‘sha kimligi to‘liq aniqlanmagan oraliq xo‘jayin hisoblangan sutemizuvchidagi virus odamga Uxan shahrida noyabrning oxiri, dekabrning boshlarida yuqqan”.

Lyuk Montanye haq bo‘lishi mumkinmi?

Lyuk Montanye o‘z intervyusida koronavirus genomi orasiga OIV virusining genomi bo‘laklari qo‘shilganini iddao qildi. Xo‘sh, bu nima degani? Uning aytishi bo‘yicha avvaldan ma’lum bo‘lgan qaysidir bir koronavirus (yuqori ehtimollik bilan SARS-CoV-1’ni nazarda tutgan) genomi bilan OIV virusi genomi o‘zaro gen muhandisligi yo‘li bilan biriktirilgan. Va hozir biz ko‘rib turgan xavfli pandemiyaga sabab bo‘lgan koronavirus kelib chiqqan.

Shunday bo‘lishi mumkinmi? Albatta, mumkin, lekin buni hozirgi fan metodlari yordamida “ikki daqiqada” fosh qilish mumkin. Yuqorida eslab o‘tganimiz Nature Medicine jurnalidagi maqolaning o‘ziyoq Lyuk Montanye da’vosining asossiz ekanini ko‘rsatib beradi. Shunday bo‘lsa ham men Lyuk Montanye iddaosini tekshirib ko‘rishga qaror qildim. Avvalo, xalqaro “Biotexnologik ma’lumotlar milliy markazi”dagi genom bazasidan SARS-CoV-2 genomini (MN908947), OITS xastaligini keltirib chiqaruvchi OIV virusining HIV type-1 (L20587) va HIV type-2 (M15390) formalarini yuklab oldim.

Ularning barchasini birgalikda ClustalX2 dasturi orqali tekshirdim. Dastur uchala virus genomini o‘zaro solishtirib, ularning o‘xshash qismlarini ko‘rsatib beradi. Mana shu orqali osongina SARS-CoV-2 genomi tarkibidagi OIV virusi qismlarini aniqlab olsa bo‘ladi. Natija esa Lyuk Montanye foydasiga bo‘lmagani aniq. Viruslar genomi yirik bo‘lgani uchun uning barcha qismini keltira olmasam-da, lekin ayrim qismlarini quyidagi rasmda keltirganman:

Rasmdan ham ko‘rinib turibdiki, SARS-CoV-2 va OIV viruslarining mutlaqo o‘xshash tomoni mavjud emas. Yuqoridagi olimlarning fikrlari va kichik shaxsiy tekshiruv natijasida aytishim mumkinki, koronavirus hech qanday laboratoriya mahsuli emas, aniqrog‘i, koronavirus Lyuk Montanye aytganidek, OIV virusi genomi asosida yaratilmagan. Qolgan xulosani esa o‘quvchining o‘ziga qoldiramiz.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-04-2020, 10:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 108) ( 0) ( 106) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют