» » Pandemiyada karantinda o‘tirmagan yagona Yevropa davlati. Shvetsiyaning koronavirusga qarshi strategiyasi butun dunyoga yoyilmoqda

Pandemiyada karantinda o‘tirmagan yagona Yevropa davlati. Shvetsiyaning koronavirusga qarshi strategiyasi butun dunyoga yoyilmoqda


Bugun dunyo mamlakatlari oldida jamoaviy immunitet hosil qilish koronavirus pandemiyasidan chiqib ketishning yagona real varianti bo‘lib turibdi. Muammo esa bunday jamoaviy immunitetga qanday qilib erishilishi bilan bog‘liq. “Daryo” Foreign Affairs nashrida e’lon qilingan mavzuga doir maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.

Yanvarda Xitoy Xubey provinsiyasida 50 million odam karantinga olindi. O‘shandan keyin ko‘plab liberal demokratiyalar ham o‘zlarining koronavirusga qarshi qaratilgan qat’iy va avtoritar choralarini ko‘rdi. Mart o‘rtasiga kelib, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) a’zosi bo‘lgan davlatlarning deyarli barchasida maktab, universitet va ish joylarining yopilishi, transport harakatining to‘xtatilishi, ommaviy tadbirlarning cheklanishi, ichki va xalqaro qatnovlarning chegaralanishi singari choralarning muayyan kombinatsiyasi joriy qilindi. Biroq g‘arbdagi bir mamlakat bundan mustasno bo‘ldi.

Karantin e’lon qilish yoxud favqulodda holat rejimi joriy etish o‘rniga Shvetsiya o‘z fuqarolarini ixtiyoriy ravishda o‘zaro ijtimoiy masofalanishga chaqirdi. Shved hukumati epidemiya manzarasini ifodalovchi grafik chiziqni ravonroq tutish maqsadida ommaviy yig‘inlarda 50 kishidan ortiq odam to‘planmasligi, barlarda xizmat ko‘rsatishning to‘xtatilishi, o‘rta maktab va universitetlarda masofaviy ta’lim tizimiga o‘tilishi singari ayrim cheklovlarni joriy qildi.

Lekin hukumat qat’iy nazorat, jarimalar va politsiya aralashuvi singari choralardan tiyildi. Shvedlar, albatta, o‘z yurish-turishini o‘zgartirdi, lekin bu o‘zgarishlar ayrim g‘arb demokratik davlatlaridagichalik bo‘lmadi. Restoranlarda odam kamaygan bo‘lsa-da, ularning ko‘pi ochiq turdi, yosh bolakaylar esa maktabga qatnamoqda. Qo‘shni Norvegiyadan (va Osiyodagi ayrim davlatlardan) farqli o‘laroq, Shvetsiya odamlarning qayerdaligini kuzatadigan texnologiyalar yoki ilovalarni joriy qilmadi va bu orqali shaxsiy daxlsizlik hamda erkinlikka tahdid solinishining oldi olindi.

Ko‘pchilik olimlarning fikri bo‘yicha aholining 60 foizida virus aniqlanganidan keyin shakllanadigan jamoaviy immunitetni hosil qilib olish shved hukumatining pirovard maqsadi ekani haqida hech qayerda rasman aytilgani yo‘q. Lekin, shubhasizki, maktab va restoranlarning yopilmagani hamda ko‘plab korxonalarning faoliyatdan to‘xtamay ishlashda davom etgani katta ehtimol bilan hukumatning aholi immunitetini oshirishga qaratilgan nisbatan kengroq qamrovdagi strategiyasining bir qismini tashkil qiladi.

Shvetsiya Sog‘liqni saqlash agentligi bosh epidemiologi Anders Tegnellning taxminiga ko‘ra, Stokgolm aholisi ushbu oyning o‘zidayoq jamoaviy immunitetga erishishi mumkin ekan. Odamlarning kundalik xatti-harakatidagi o‘zgarishlarning yangilangan tahlillariga asoslanib (shvedlarning o‘zaro ijtimoiy munosabatlar me’yorlari o‘zgarmoqda), Stokgolm universiteti matematigi Tom Britton poytaxt aholisining 40 foizida immunitet hosil bo‘lishining o‘zi virus tarqalishini to‘xtatish uchun kifoya qiladi, deb hisoblab chiqqan va bu ko‘rsatkichga iyun o‘rtalariga borib erishilishini taxmin qilgan.

Ayrim doiralarda Shvetsiya muayyan iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolgani va aholi jon boshiga nisbatan o‘lim ko‘rsatkichi ham Belgiya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya darajasidan past holda qolgani uchun olqishlangan. Lekin yana yarim doiralarda Shvetsiya Shimoliy Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda aholi jon boshiga nisbatan o‘lim ko‘rsatkichining yuqori bo‘lgani va ayniqsa, o‘zidagi keksa yoshli muhojirlarni muhofaza qila olmagani uchun qattiq tanqidga uchragan.

Tengellning qayd etishicha, Shvetsiyadagi COVID-19 bilan bog‘liq o‘lim holatlarining 50 foizi ijtimoiy himoya xizmati qaramog‘idagi kishilar va qariyalar uyidagi keksalardan iborat bo‘lgan va buning sababi shunday muassasalarning aksariyatida niqobli rejim singari asosiy himoya choralarining joriy etilishi bilan bog‘liq tadbirlarning tashkillanishida sustkashlik qilingani bo‘lgan. Muhojirlar ham (yerlik aholiga nisbatan) nomutanosib ravishda jabr ko‘rdi. Buning asosiy sababi esa ular nisbatan kambag‘alroq hayot kechirishi va asosan xizmat ko‘rsatish sohasi singari masofadan turib ishlash imkonsiz bo‘lgan sohalarda mehnat qilishi bilan bog‘liqdir.

Biroq Shved hukumatidagilar mamlakatdagi eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichi ham qolganlarga nisbatan past bo‘lishini ta’kidlamoqda. Ko‘plab mamlakatlardagi virusni tiyib turishga qaratilgan sa’y-harakatlardan naf yo‘q va baribir aholining katta qismiga virus yuqadi. Jahonning katta qismi epidemiyaning ikkinchi halokatli to‘lqinini boshdan kechirayotgan paytda Shvetsiya pandemiyaning eng yomon kunlarini ortda qoldirgan bo‘ladi.

Shvetsiyaning ko‘rsatgan reaksiyasi ideal bo‘ldi deyish qiyin, biroq bu mamlakat COVID-19 keltirib chiqaradigan asoratlarga nisbatan bardoshliroq bo‘lgan yosh va sog‘lom aholi qatlamining immunitetini mustahkamlashga va shu bilan birga epidemiya egri chizig‘ini ham ravon tutib turishga muvaffaq bo‘ldi. Mamlakatdagi kasalxonalarning intensiv terapiya bo‘limlari to‘lib ketmadi va tibbiyot xodimlari muayyan zo‘riqish ostida ishlagan bo‘lsa-da, biroq ularda jilla qursa uydagi bolalarga ham qarash kerakligi bilan bog‘liq tashvishlar bo‘lgani yo‘q. Chunki bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich sinf maktablari ishlashda davom etmoqda.

Shvetsiya singari yondashuvni qay tarzda qabul qilganliklaridan qat’i nazar, hozirda ko‘plab boshqa mamlakatlar ham unga taqlidan ish tuta boshladi. Daniya va Fransiya boshlang‘ich maktablarni qayta ochdi. Germaniyada kichik do‘konlarning ochilishiga ruxsat berildi. Italiyada tez orada parklar ochiladi, Fransiya ayrim kichik korxonalar, jumladan, fermer rastalari, muzeylar hamda maktab va bog‘chalarning ochilishiga ruxsat berishni rejalashtiryapti. Bugungi kunda COVID-19 tufayli vafot etganlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich egasi ekaniga qaramasdan AQShning ayrim shtatlari o‘zi shved modelini tanqid qilganiga qaramay, o‘z mamlakatini ham shunga o‘xshash  yo‘lga boshlab kirayotgan prezident Donald Trampning talablari bo‘yicha cheklov choralari yengillashtirmoqda.

Mamlakatlarda o‘zidagi cheklovlarni yumshatishi uchun jiddiy sabablar yuzaga chiqdi. Nafaqat virusning o‘zi, balki unga qarshi ko‘rilgan choralar tufayli ham yuzaga kelgan umumiy o‘limlar soni, kasodga uchrashlar, ishdan bo‘shatilishlar, suiqasdlar, ruhiy holat bilan bog‘liq muammolar, YaIM va sarmoyaning pasayishi va boshqa talafotlar ko‘lamini aniqlash uchun hali yana bir necha yil kerak bo‘ladi. Biroq karantin tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy va ijtimoiy tanazzul oqibatlari mislsiz ekani hozirdanoq hamma uchun oydek ravshan bo‘lishi kerak.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti prognozlariga ko‘ra, karantin tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy va ijtimoiy turg‘unlikning salbiy oqibatlari juda katta: pandemiya tufayli joriy etilgan cheklovlar bilan o‘tkazilgan har bir oyda rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyoti ikki foizdan qisqarishga yo‘liqadi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va AQSh iqtisodiyoti yil davomida 25 foizdan ziyodroqqa pasayar ekan. Ishsizlik esa 1930-yillardan buyon kuzatilmagan darajada o‘sib ketadi va natijada siyosiy beqarorlik va ijtimoiy tengsizlik avj oladi.

Vaksina yaratilguniga qadar kerak bo‘ladigan ehtimoliy muddatgacha cheklovlarni saqlab turaverishning esa shunchaki iloji yo‘q. Cheklovlardan voz kechish iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy bosimni yengillashtiradi. Shuningdek,  aholiga immunitet hosil qilish imkonini ham beradi va bu esa uzoq muddatli istiqbolda COVID-19 ga qarshi kurashning nisbatan eng xavfsizroq yo‘li bo‘lib chiqadi. Kasallik haqida hali ko‘p narsa noma’lumligicha qolmoqda, lekin hozirda yopilib olgan ko‘plab mamlakatlar, kelgusida epidemiyaning yanada jiddiy tarzda avj olishiga duch kelishlari mumkin. Agar mamlakatlar ham Shvetsiya singari jamoaviy immunitet hosil qilish yo‘lidan borsa, pandemiyaning umumiy ziyoni kamroq bo‘ladi va ehtimol u ertaroq yakunlanadi.

Shvetsiyaning COVID-19’ga nisbatan yondashuvi ushbu mamlakatning o‘zigagina xos bo‘lgan ichki madaniyati bilan bog‘liq va bu modelning hamma jihatlarini ham boshqa joylarda takrorlab ko‘rish oson bo‘lmaydi. Masalan, rasmiy tavsiyalarga rioya qilish madaniyati va fuqarolardagi shaxsiy mas’uliyatni Skandinaviyadan tashqarida uncha uchratmaysiz. Shvetsiya bu nafaqat fuqarolar orasidagi o‘zaro ishonch kuchli bo‘lgan, balki fuqarolar va davlat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch ham yuksak darajada bo‘lgan noyob mamlakatdir. Boshqa mamlakatlar fuqarolaridan farqli o‘laroq, shvedlar ixtiyoriy ravishda bajarilishi kerak bo‘lgan tavsiyalarga jiddiy amal qilishga tayyor millat edi.

Ko‘plab boshqa mamlakatlarga qaraganda shvedlarning yalpi salomatligi ham yaxshiroq sanaladi va shu sababli ham dunyoning boshqa joylarida shved modelini tatbiq qilish jarayonida bemorlarni himoya qilish uchun boshqa qo‘shimcha choralarni ham qo‘llashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Cheklovlarni yumshatayotgan mamlakatlar, shuningdek, Shvetsiyaning muhojirlarga va keksalarga nisbatan munosabat borasidagi yo‘l qo‘ygan xatolarini ham e’tiborga olishlari kerak: qariyalar uyida niqoblar va himoya vositalari hozir-u nozir bo‘lishi shart, katta xatar ostida ishlaydigan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarini himoya qilishga ham katta urg‘u berish kerak. Lekin sa’y-harakatlar butun boshli jamiyatni karantinga olinishiga emas, balki xavf guruhidagi odamlarni muhofazaga olinishi va ularning xatardan xoli tutilishiga qaratilishi kerak.

Olimlar virus haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishi asnosida hukumat vakillari ham infeksiyaga chap berishning yanada samarador usullarini ishlab chiqa boshlaydi. Masalan, jamoaviy immunitet parametrlarini qayta hisob-kitob qilinishi orqali yalpi karantin cheklovlarining qay darajada o‘zini oqlashiga baho berish mumkin bo‘ladi. Hatto Birlashgan Qirollik va AQSh singari xavf guruhiga mansub aholi soni katta bo‘lgan mamlakatlarda ham bunday odamlarni yalpi ravishda uyda o‘tirishiga ketadigan sarf-xarajatlar miqdori, ularni himoyalashga ketadigan xarajatlar miqdoridan qimmatga tushadi. Jamoaviy immunitet hosil qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar birinchi navbatda aynan xavf guruhidagi odamlarni himoya qilishni anglatadi. Shvetsiya bu naqadar qiyin yo‘l ekanini bilib oldi, lekin u yerda hozir vaziyat nazoratga olingan.

Yalpi karantinlarning asorati chidab bo‘lmas darajaga yetgach va pandemiyaning ustidan g‘alaba imkonsiz ekanini hamda u baribir voqea reallik ekanini anglagani sayin mamlakatlar birin-ketin ochila boshlaydi. Ongli ravishda ijtimoiy masofalanish tufayli tibbiyot muassasalarining to‘lib ketishining oldi olinishi, bemorlarni davolash usullarining takomillashib borishi hamda xavf guruhidagilarning jiddiy himoyaga olinishi orqali odamlar orasida o‘lim ko‘rsatkichini pasaytirish mumkin bo‘ladi. Agar aholining zaif qatlami yaxshi himoyalangan bo‘lsa, oxir-oqibatda mustahkamlangan jamoaviy immunitetgina ushbu kasallikdan himoyalanishning yagona ishonchli yo‘li bo‘ladi. Shunday qilib, boshqa mamlakatlar Shvetsiyaning pandemiyani jilovlash borasidagi tajribasiga qarab, uning hammadan peshqadam ekanini tushuna boshlaydi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-05-2020, 12:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 93) ( 0) ( 90) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют