» » O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlariga milliardlab so‘m pul vaqtida to‘lanmagani aniqlandi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlariga milliardlab so‘m pul vaqtida to‘lanmagani aniqlandi


O‘zbekistonda 2020-yilning 26-may holatiga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurash uchun jalb qilingan tibbiyot xodimlariga jami to‘langan rag‘batlantiruvchi to‘lovlar miqdori 142,9 milliard so‘mni tashkil etdi. Biroq 19,6 milliard so‘m miqdoridagi to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmagan. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan koronovirus bilan kasallangan va karantinga olingan fuqarolar davolanayotgan sog‘liqni saqlash muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning tibbiyot xodimlariga beriladigan rag‘batlantirish pullarining to‘lanishi Moliya vazirligining nazoratida turibdi.

Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2020-yilning 15—18-may kunlari koronavirus bilan kasallangan bemorlar davolanayotgan sog‘liqni saqlash muassasalari va bu jarayonda ishtirok etayotgan boshqa muassasalarda nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.

Tadbirlar davomida 32 ta tibbiyot muassasasida 932 nafar xodimga 19,6 milliard so‘m miqdoridagi maxsus rag‘batlantirish pullari to‘lovi kechiktirilganligi aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi tomonidan viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga talabnoma o‘z vaqtida berilmaganligi oqibatida 21 nafar tibbiyot xodimiga ikkinchi 14 kunlik ish faoliyati uchun 373,6 million so‘m rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.

Xuddi shu kabi holat Samarqand viloyatida ham kuzatilgan. Samarqand viloyat Yuqumli kasalliklari klinik shifoxonasi tomonidan tibbiyot xodimlariga rag‘batlantirish pullari uchun talabnoma yuborilgan bo‘lsa-da, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rnatilgan tartibda tibbiyot xodimlar ro‘yxatini tasdiqlab, mablag‘ ajratishga talabnomani viloyat moliya bosh boshqarmasiga taqdim etmagan. Natijada 61 nafar tibbiyot xodimiga 1,2 milliard so‘m rag‘batlantirish pullarining to‘lanishida kechikish holatlari yuzaga kelgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida to‘lovlar to‘liq amalga oshirilishi ta’minlangan.

Xorazm viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga 9 ta sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan 2020-yil 6-may kuni xodimlarga rag‘batlantirish puli uchun talabnomalar berilgan. Biroq viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tibbiyot xodimlari ro‘yxati va 1,7 milliard so‘m miqdorida zarur mablag‘ uchun talabnomalar shakllantirilmaganligi oqibatida rag‘batlantirish puli uchun mablag‘ o‘z vaqtida moliyalashtirilmagan.

Andijon viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi mas’ullari tomonidan boshqa tibbiyot muassasalaridan jalb etilgan tibbiyot xodimlariga ishlagan kunlari uchun tabellar taqdim etilmaganligi oqibatida 80 nafar tibbiyot xodimiga 1,7 milliard so‘m rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘lanmagan.

Toshkent shahrining 5 ta tibbiyot muassasasining tibbiyot xodimlariga 4,7 milliard so‘mlik rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘lanmaganligi aniqlangan.

Vazirlikning bildirishicha, nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlar bartaraf etilib, 932 nafar tibbiyot xodimiga 19,6 milliard so‘m rag‘batlantirish pullari to‘liq to‘lanishi ta’minlangan.

“Shuningdek, nazorat tadbirlarida koronavirus bilan kasallangan va karantinga olingan fuqarolarni davolashda ishtirok etmagan xodimlarni rag‘batlantirish puli ro‘yxatiga asossiz kiritish va to‘lash holatlari ham aniqlangan. Asossiz va ortiqcha kiritilgan mablag‘lar o‘rnatilgan tartibda moliyalashtirishdan chegirib qolingan, asossiz to‘lab yuborilgan pullarni undirish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlariga qariyb 54,9 milliard so‘m mukofot puli to‘langani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologiya xizmatida ishlaydigan 11 ming xodimning ish haqi 2,5 baravarga oshirilgan.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashda qancha hamshira qatnashayotgani ma’lum qilindi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlariga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilangan. Shuningdek, bemorlar bilan ishlash davomida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million so‘mdan to‘lanadi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a’zolariga esa 250 million so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar to‘lanadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-05-2020, 20:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 122) ( 0) ( 119) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют