» » Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi mansabdor shaxslari ustidan sud jarayoni boshlandi

Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi mansabdor shaxslari ustidan sud jarayoni boshlandi


O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga jo‘natish bo‘yicha firibgarlikka yo‘l qo‘ygan Korean and Migrations xususiy bandlik agentligining mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda “Daryo”ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchilar — xususiy bandlik agentligi direktori Qahramon Otaqulov, agentlikning Namangan viloyat filiali direktori Odil Qobilov, agentlik ta’sichisi Xushvaqt Turdiyev, agentlikning o‘quv ishlari bo‘limi direktori Musurmon Aliqulov, agentlikning Namangan viloyat filiali ish yurituvchisi Anvarjon Shamshiddinov, agentlikning Namangan viloyat filiali g‘aznachisi Orifjon Jo‘rayev, agentlik hisobchisi Mavluda Otajonova, agentlikning kadrlar bo‘limi inspektori Ra’no Nuraliyeva, agentlik hamkori Kang Nam Kyu va vositachi Jalol Xidirovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Mazkur jinoyat ishi sudya T.Qosimov raisligida ko‘rilmoqda.

“Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi Qahramon Otaqulov va boshqalar O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishda yolg‘on va’dalar berib, Korean and Migrations xususiy bandlik agentligiga kelib murojaat qilgan fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritib, ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan”, — deyiladi Oliy sud xabarida.

Qayd etilishicha, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha 2372 nafar jabrlanuvchi va 4 nafar fuqaroviy da’vogar mavjud. Ayblov xulosasiga ko‘ra, moddiy zarar miqdori 24,2 milliard so‘mni tashkil qilgan. Dastlabki tergov mobaynida moddiy zararning 13,3 milliard so‘m miqdorini bartaraf etish chorasi ko‘rilgan.

Sud jarayoni davom etmoqda. Keyingi sud majlisi 8-iyun kuniga tayinlangan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlangani haqida 2020-yilning mart oyida xabar berilgan edi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga mazkur agentlik fuqarolar oldidagi majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmagani to‘g‘risida ko‘plab norozilik mazmunidagi murojaatlar kelib tushgani sababli agentlikning litsenziyasi 2019-yilning oktabr oyida to‘xtatilgan. Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan xususiy bandlik agentligining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonun 2018-yil oktabr oyida kuchga kirgan edi. 2019-yil kuzidan beri Human, Korean and Migrations va boshqa xususiy bandlik agentliklarining rahbarlariga nisbatan firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi (ma’lumotlarga ko‘ra, sakkizta agentlikka qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan).

Mavzuga doir: O‘zbekistonda yana bir xususiy bandlik agentligi fuqarolarni 2,6 mlrd so‘mga chuv tushirgani aniqlandi

Vijdonsiz xususiy bandlik agentliklari muammosi 2019-yil dekabrida Oliy Majlis Senatida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Xususan, senator Farrux Dadaxo‘jayev migrantlarning mablag‘larini himoya qilish mexanizmi yo‘qligi uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini tanqid qilib, agentliklar bilan bank hisob-kitoblarini akkreditiv asosida olib borishni taklif qilgan edi.

O‘z navbatida, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonunga o‘zbekistonliklarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha vijdonsiz xizmat ko‘rsatilishidan himoya qila oladigan tuzatishlarni kiritish niyatini bildirgan edi.

17-fevral kuni O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan 100 ga yaqin odam Toshkentdagi Mustaqillik maydonida yig‘ilib, Human agentligi tomonidan yetkazilgan zararning qoplab berilishini talab qilgan edi. Ular bilan dastlab bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov uchrashdi.

Keyinroq norozi fuqarolar bilan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham uchrashdi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, hukumat rahbari Human bandlik agentligi tomonidan fuqarolarga yetkazilgan 21 milliard so‘m (taxminan, 2,2 million dollar) miqdoridagi zararni vazirlik huzuridagi budjetdan tashqari fond hisobidan vaqtincha qoplab turish haqida topshiriq berdi.

Shu voqealardan so‘ng O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklariga xorijga ishga ketayotgan fuqarolardan pul undirish taqiqlanishini ko‘zda tutuvchi hujjat tayyorlandi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda yana 4 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi to‘xtatildi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-06-2020, 18:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 81) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют