» » “Shuhrat G‘aniyev va boshqa rahbarlar yetib kelib, vaziyatning chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymagan” — Abdulla Aripov So‘xdagi mojaro haqida

“Shuhrat G‘aniyev va boshqa rahbarlar yetib kelib, vaziyatning chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymagan” — Abdulla Aripov So‘xdagi mojaro haqida


Farg‘ona viloyati So‘x tumaniga Sayidbahrom Sayidmusayev yangi hokim etib tayinlangani haqida avvalroq xabar berilgandi. Tuman hokimligi tomonidan ma’lum qilinishicha, tayinlov masalasi ko‘rib chiqilgan xalq deputatlari So‘x tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning shaxsan o‘zi ishtirok etgan.

Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, So‘x tumani hokimining o‘rinbosarlari, tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi mas’ullari, bosh vazir o‘rinbosarlari, respublika vazirlik va idora rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.

Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘nggi kunlarda So‘xda bo‘lib o‘tgan voqealar va sessiyada ko‘rilgan masala bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

“Avvalambor, siz hurmatli So‘x tumani faollariga, sizlarning timsolingizda butun So‘x ahliga muhtaram Prezidentimiz, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning chuqur hurmat va ehtiromlarini yetkazaman. Albatta, bir necha kun oldin chegara hududidagi bo‘lgan noxush holat ko‘p narsalarni qaytadan ko‘rib, qaytadan qarashga hammamizni majbur qildi. Bevosita Prezidentimizning topshiriqlari bilan men boshchiligimda vaziyatni o‘rganish uchun mutasaddi idoralar rahbarlari yetib keldi. Birinchi navbatda viloyat rahbari Shuhrat G‘aniyev va boshqa rahbarlar yetib kelib, vaziyatning chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymagan. Tinchlikning qadriga yetish — bu juda katta baxt. Muhtaram Prezidentimizning chegaradosh hududlar bilan olib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik siyosatini butun jahon e’tirof etib turibdi. Bizning oldimizda eng katta mas’uliyat turibdi — bu So‘x tumanidagi muammolarni hal etish va bevosita Prezidentimizning e’tibori asosida tumanni obod qilish. Buning uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar va sharoitlar yaratib beriladi. So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat rahbarining qarorlari ham chiqqan va shu asosda tumanda tizimli ishlar olib borilishi lozim. Bu ishlarda saylanadigan yangi tuman hokimidan katta mas’uliyat talab etiladi”, — dedi Abdulla Aripov.

Shuningdek, sessiya davomida tuman hokimining o‘rinbosarlari ham tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston—Qirg‘iziston chegarasida joylashgan Chashma bulog‘i oldida 31-may kuni ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 1-iyun kuni voqea yuz bergan joyga tashrif buyurdi va aholi bilan uchrashdi. Shuningdek, Abdulla Aripov Qirg‘iziston rasmiylari bilan uchrashib, hodisa yuzasidan muzokara olib bordi. Shu kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari mazkur hodisani telefon orqali muhokama qildi. O‘zbekiston hukumati a’zolari hududdagi muammolarni o‘rganish uchun 2-iyun kuni u yerga tashrif buyurdi.

Mojaro oqibatida 187 nafar o‘zbekistonlik kasalxonaga yotqizilgan, O‘zbekiston tomonda uchta xonadon yonib ketgan. Qirg‘izistonning Botken viloyatida esa uy va omborxona yonib ketgan, shuningdek, 25 kishi jarohat olgan.

Bundan tashqari, bosh vazir Abdulla Aripov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘xliklar viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevdan norozi ekanligini ham bildirgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-06-2020, 20:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 30) ( 0) ( 29) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют