» » SSV Farg‘onada aholi orasida 3 kishida koronavirus aniqlanganini xabar bergandi. Koronavirus bo‘yicha viloyat shtabi bu xabarni rad etdi

SSV Farg‘onada aholi orasida 3 kishida koronavirus aniqlanganini xabar bergandi. Koronavirus bo‘yicha viloyat shtabi bu xabarni rad etdi


Koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni muvofiqlashtiruvchi Farg‘ona viloyati shtabi 6-iyul, dushanba kuni viloyatda aniqlangan uchta holat aholi orasida aniqlanganini rad etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2020-yil 6-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida aholi orasida 3 ta kasallanish holati qayd etilganini xabar bergandi. Koronavirus bo‘yicha Farg‘ona viloyati shtabi “Daryo”ga kasallik aniqlangan fuqarolar haqida ma’lumotlarni taqdim etdi.

“Epidemiologik surishtiruvlarga ko‘ra, Toshkent shahar fuqarosi poytaxtda tahlil topshirgan va javobi 5 kunda ham chiqmagandan so‘ng Farg‘ona viloyatiga qarab yo‘l olgan. Farg‘onaga kirib kelganidan so‘ng tahlil natijalari aniqlangach, viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mutaxassislari tomonidan shu zahoti ushbu fuqaro 2 nafar oila a’zosi bilan Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi viloyat 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan”, — deyiladi shtab xabarida.

Yana bir farg‘onalik fuqaro Toshkentda harbiy qismda xizmat qilgan. U 2020-yilning 1-iyul kuni Toshkent shahrida koronavirusga tahlil topshirgan. Fuqaro Farg‘onaga yo‘lga chiqqanidan so‘ng telefon orqali kasallik borligiga gumon qilinganligi to‘g‘risida xabar qilingan. Holat bo‘yicha mas’ullar tomonidan chora-tadbirlar belgilanib, qayta surtma tahlili olingan va fuqaro viloyat 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Koronavirusga chalingan uchinchi bemor Farg‘ona viloyatida ishlovchi samarqandlik fuqaro bo‘lib, u Samarqandda mehnat ta’tilida bo‘lgan. Ikki kun avval Farg‘onaga ishga qaytganligi sababli laborator tahlil asosida test topshirgan. Unda ham koronavirus infeksiyasi aniqlangach, oila a’zolari bilan birgalikda viloyat 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

“Epidemiologik surishtiruvlar natijasida koronavirus infeksiyasi fuqarolarga Toshkent shahrida hamda Samarqand viloyatida yuqqan degan xulosaga kelindi. Hozirda kasallik manbasini aniqlash yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi Farg‘ona viloyati shtabi xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarlari boshqa rasmiy manbalar xabarlaridan farq qilish holatlari ilgari ham kuzatilgan. Misol uchun, Surxondaryo viloyatining Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov 21-iyun kuni tuman aholisiga qilgan murojaatida tuman fuqarosi 20-iyun kuni kasallikdan vafot etganini ma’lum qilgan. SSV vakili dastlab bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan. Ammo bemorning o‘limidan 5 kun o‘tib vazirlik marhumdan olingan namunalarda kasallik tasdiqlanganini xabar bergandi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida vafot etgan fuqaroning koronavirusga chalinganini SSV rad etgan. Biroq tuman hokimligi kasallikning og‘ir alomatlari tufayli vafot etgan bemor bilan muloqotda bo‘lgan yaqinlari va tibbiyot xodimlarida koronavirus aniqlanganini xabar qilgan. Vazirlik koronavirusdan vafot etgan bemorlar soniga na o‘zgarish kiritdi va na bu holatga izoh berdi.

6-iyul kuni Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov viloyat aholisiga qilgan murojaatida viloyat hududida birinchi o‘lim holati qayd etilganini ma’lum qildi. Keyinroq hokimlik bu ma’lumotni rasman e’lon qilib, bemor haqida qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etdi. Oradan bir necha soat o‘tgan bo‘lsa-da, Sog‘liqni saqlash vazirligi Navoiyda kuzatilgan o‘lim holati haqida axborot bermadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-07-2020, 21:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 83) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют