Koronavirusning homilador ayollar va homilaga ta’siri bormi? Mutaxassis javobi
Homilador ayol va uning homilasiga koronavirus infeksiyasining ta’siri to‘g‘risida dalillarga asoslangan ilmiy xulosalar yo‘q. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor Habibulla Oqilov ma’lum qilgan.
Mavzuga doir: Toshkentda koronavirusga chalingan homilador ayol farzandli bo‘ldi. Tug‘ruq jarayoni yetti soat davom etdi
Fuqarolardan kelib tushgan “Koronavirusning homilador ayollarga va homilaga ta’siri bormi, bor bo‘lsa qay darajada?”, — degan savoliga mutaxassis quyidagicha javob bergan:
“Hozirgi kunda homilador ayollar koronavirus infeksiyasiga va uning asoratlariga boshqalardan ko‘ra ko‘proq moyilligi borligi to‘g‘risida axborotlar yo‘q. Lekin shu bilan birgalikda sog‘lom farzand ko‘rish maqsadida infeksiya turidan qat’i nazar homilador ayol ulardan o‘zini asrashi kerakligi barcha toifadagi shifokorlar tomonidan ta’kidlanadi”.
Mavzuga doir: Toshkentda koronavirusga chalingan bemorlarning yana 35 nafari tuzaldi. Ular orasida 3 nafar homilador ayol ham bor
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Anvar Alimov koronavirus xotin-qizlarda bepushtlik chaqirishi ehtimoli borligini aytgandi. Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko esa koronavirus infeksiyasi bepushtlikka olib kelishi mumkinligi haqida ishonchli dalillar yo‘qligini bildirgan.
Manba: Daryo.uz