» » O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida ilmni rivojlantirish uchun 126 mln dollar yo‘naltiriladi

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida ilmni rivojlantirish uchun 126 mln dollar yo‘naltiriladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-iyul, payshanba kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda qishloq va suv xo‘jaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha 500 million dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan Jahon banki bilan kelishuvga erishildi. O‘zbekiston tarixida birinchi marta ilm va innovatsiyani rivojlantirib, tarmoqda boshqaruvni xalqaro standartlar asosida tashkil etishga mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Yig‘ilishda aynan shu masalalarga birinchi navbatda e’tibor qaratildi. Agrar soha rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan “Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarni o‘z ichiga olgan xizmatlar tizimi”ni O‘zbekistonda ham joriy etib, ilm bilan ishlab chiqarishning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Mazkur loyiha doirasida shu yo‘nalishdagi 8 ta ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi bir qator tashkilotlar faoliyati tubdan isloh qilinib, zamonaviy laboratoriyalar va uskunalar bilan jihozlanadi. Buning uchun Jahon bankining 124 million dollar investitsiyasi va Yevropa Ittifoqining 2 million dollar grant mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga xalqaro ekspertlar bilan birga ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini chuqur tahlil qilib, ularni tubdan takomillashtirish bo‘yicha har bir institut uchun alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish topshirildi. Bu muassasalarga zamonaviy bilimga ega, ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy qiladigan salohiyatli kadrlarni jalb etish muhimligi aytildi.

“Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalangan holda, eskicha ishlash uslubidan to‘liq voz kechib, fermerlarga yaxshi xizmat ko‘rsatish va yangi servis turlarini kengaytirishga o‘tishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, vazirlik va uning tarkibidagi tashkilotlar faoliyati transformatsiya qilinishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, raqamli texnologiyalardan foydalanilayotgan loyihalar samaradorligi qayd etilib, bu boradagi ishlarning borishi muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hukumati va Jahon banki mamlakat qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 500 million dollarlik qarz bitimini imzolagandi. Loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan tegishli ravishda 276 million dollar va 224 million dollar miqdorida moliyalashtiriladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-07-2020, 22:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 49) ( 0) ( 48) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют