Qoraqalpog‘istondagi koronavirusga chalingan 36 yoshli tuman hokimi vafot etdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Ayapbergenovich Tolibayev 2020-yilning 24-iyul kuni olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tolibayev bir necha kun oldin koronavirusga chalinib, kasalxonaga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay bemor vafot etgan.
Daulet Tolibayev 1983-yil 18-oktabrda Nukus shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 2004-yilda boshlab, uzoq yillar irrigatsiya sohasida turli tashkilotlarda, jumladan, Qoraqalpog‘iston suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
Tolibayev 2019-yildan buyon Qonliko‘l tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgan edi.
Shu tariqa Dauren Toliboyev “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlaridan vafot etgan 110-bemorga aylandi. SSV statistikasi bo‘yicha 24-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 104 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Shu tariqa “Daryo” hisobi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalingan bemorlarning 4 nafari vafot etdi. SSV hozircha ikki nafar bemorning o‘limi yuzasidan rasmiy axborot bergani yo‘q.
Mavzuga doir: Qoraqalpog‘istonda 2 nafar tibbiyot xodimi koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgani ma’lum qilindi
Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Hakimbay Xalimov 66 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq SSV tomonidan ushbu holatlar haqida ayni vaqtgacha axborot berilmagan.
Manba: Daryo.uz