» » Senat xususiy bandlik agentliklari bo‘yicha qonunni ma’qulladi

Senat xususiy bandlik agentliklari bo‘yicha qonunni ma’qulladi


Senatning oltinchi yalpi majlisida “ ‘Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida’gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ma’qullandi.

Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev qonunda ko‘zda tutilayotgan yangiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, qonun bilan bir qator salbiy holatlarga barham berish maqsadida chet elda ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish qidirayotgan shaxslardan emas, balki ish beruvchilardan undirish belgilangan. Bunda fuqarolar ish bilan ta’minlanganda ish beruvchi tomonidan agentlikka mablag‘ to‘lab beriladi. Ko‘rsatilgan xizmatlarni ta’minlamagan taqdirda qonun talablarini buzganlik uchun agentliklarning rahbarlariga javobgarlik choralari nazarda tutiladi.

Profilaktik normalarga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari fuqarolarga ham o‘zining, ham Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma’lumotlarini ko‘rsatgan holda bildirishnoma berishi lozim bo‘ladi. Bu o‘z navbatida vazirlikka agentlik ustidan shikoyat va murojaat qilish imkoniyatini ochadi. Tuzilayotgan shartnomalar, fuqarolar bilan bo‘ladigan har bitta holatlar onlayn tartibda vazirlikda ko‘rib boriladi. Bundan keyin xususiy bandlik agentliklari chet el mamlakatidagi o‘zining hamkorlari bilan shartnomaga ega bo‘lishi shartligi ko‘rsatildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi agentliklarning xususiy moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan faoliyatini tekshirib borish vakolatiga ega bo‘ladi.

Ish bilan ta’minlashda bandlik agentliklari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar shaffofligini ta’minlash uchun ko‘rsatadigan xizmatlar bo‘yicha shartnomalar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining axborot tizimida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazib boriladi.

Qonun muhokamasida 2018-yilda qabul qilingan Xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi qonun qo‘llanishi jarayonida agentliklar chet elda ishlash istagini bildirgan fuqarolardan mablag‘lar yig‘ib olib, ularni ishga joylashtirmasdan mablag‘larni talon-toroj qilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani alohida ta’kidlandi. Bunda 7 123 nafar fuqaroga 72,0 mlrd so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazganliklari uchun 10 ta xususiy bandlik agentligi rahbarlariga jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Xususan, Human xususiy bandlik agentligi rahbari tomonidan 1086 nafar fuqarodan 21,2 mlrd so‘m miqdorida, Korean and Migrations agentligi rahbari tomonidan 2317 nafar fuqarodan 22,2 mlrd so‘m miqdorida pul mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Bugungi kunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan 103 ta agentlikdan 74 tasi litsenziya olgan. Litsenziya olganlarning 31 tasidan 20 tasi ishlay olmasdan litsenziyasini topshirgan, qonunchilikni buzgani uchun 11 ta agentlikning litsenziyasi bekor qilingan.

Senat raisi Tanzila Norboyeva “Qonunni ma’qullaymiz, albatta, bu o‘zgartirishlar jinoyatlarning oldini olishga yo‘naltirilyapti, lekin agentlik baribir bu tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi birinchi o‘rinda o‘zining foydasini ko‘zlovchi tashkilot hisoblanadi. Foydasini ham ko‘zlaydi, jinoyatchilikka ham qo‘l urib qo‘yish holatlari bo‘lyapti. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga litsenziya berishda agentliklarning qonuniy faoliyati, odamlarning manfaatiga rahna solmaydigan yo‘nalishlarini tushuntirish, davlat siyosati litsenziyalarda aks ettirilishi, agentliklarni yig‘ish, ularning faoliyatiga metodik yordam berish bo‘yicha iltimosimiz bo‘lar edi”, — deya ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonun 2018-yil oktabr oyida kuchga kirgan.

Xususiy bandlik agentliklari muammosi 2019-yil dekabrida Oliy Majlis Senatida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Xususan, senator Farrux Dadaxo‘jayev migrantlarning mablag‘larini himoya qilish mexanizmi yo‘qligi uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini tanqid qilib, agentliklar bilan bank hisob-kitoblarini akkreditiv asosda olib borishni taklif qilgan edi.

O‘z navbatida, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonunga o‘zbekistonliklarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha vijdonsiz xizmat ko‘rsatilishidan himoya qila oladigan tuzatishlarni kiritish niyatini bildirgan.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-08-2020, 14:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 92) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют