» » “Paxtakor-79”: 11-avgust fojiasiga 41 yil to‘ldi

“Paxtakor-79”: 11-avgust fojiasiga 41 yil to‘ldi


2020-yil 11-avgust kuni “Paxtakor” jamoasi tarixidagi eng qayg‘uli voqea, 1979-yilgi aviahalokatga 41 yil to‘ldi. “Paxtakor” klubi matbuot xizmati esa ushbu fojia sabab o‘sha mash’um halokat tafsilotlarini taqdim qildi.

1979-yilning 11-avgust sanasi o‘zbek futbol jamoatchiligi uchun qora harflar bilan yozib qo‘yilgan. Butun xalqning aza tutishiga sabab bo‘lgan hodisa Dneprodzerjinsk osmonida sodir bo‘lgan. O‘shanda o‘zbek futboli iftixori sanalgan “Paxtakor” jamoasi a’zolari samoda halokatga uchragan. Bu o‘zbek futboli uchun katta yo‘qotishga aylangan.

1979-yilning 11-avgusti. Toshkent vaqti bo‘yicha soat 13 dan 35 daqiqa 38 soniya o‘tgan. Shu lahzada Toshkent-Guryev-Donetsk-Minsk reysida parvoz qilayotgan TU-134 samolyoti Chelyabinsk-Kishinyov reysini bajarayotgan shu rusumdagi boshqa samolyot bilan to‘qnashib ketdi. Fojia yerdan 8400 metr balandlikda yuz berdi va ikki samolyot bortida bo‘lgan 178 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida o‘sha vaqtda o‘zbek futbolining faxri hisoblangan “Paxtakor”ning 17 nafardan iborat tarkibi ham bo‘lgan. Afsuski, dispetcherning xatosi ikki yuzga yaqin insonlarni bu hayotdan olib ketdi.

O‘sha kuni Xarkovdagi havo harakatlarini boshqarish markazida 6 nafar dispetcher navbatchilik qilayotgandi. Bo‘lim boshlig‘i Sergeyev yosh Nikolay Jukovskiyni ish o‘rniga o‘tkazdi va unga rahbarlik qilib turishni Vladimir Sumskoyga topshirdi.

O‘sha kuni bu hududda ob-havo unchalik yaxshi emasdi. Osmonni bulutlar egallagan bo‘lib, ular 8-9 kilometr balandlikda ham qalin joylashgandi. 65735 bort raqamli Tu-134 samolyoti Moskva vaqti bilan soat 13:11 da Donetskdan havoga ko‘tariladi. A.S. Komarov boshchiligidagi ekipaj a’zolari 77 yo‘lovchini manzillari tomon yetkazib qo‘yishlari zarur edi. 12:53 da Voronejdan uchgan boshqa bir Tu-134 esa 65816 bort raqamiga ega bo‘lib, unda A.A. Taranenko komandirlik qilayotgandi. Moldovaga tegishli samolyot salonida 88 nafar yo‘lovchi ro‘yxatga olingandi. Ulardan 16 nafari 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar bo‘lgan.

11-avgustda sodir bo‘lgan voqealar quyidagi holatda yuzaga kelgan

7:50. Xarkov havo harakatlarini boshqarish markazida rahbar Sergeyev janubiy-g‘arbiy yo‘nalishga mas’ul etib katta tajribaga ega bo‘lmagan Jukovskiyni qo‘ydi. Uning harakatlarini nazorat qilishni esa birinchi klassli dispetcher Sumskoyga topshiradi. Vaholanki, bu hudud sobiq SSSRda samolyotlar eng ko‘p uchib o‘tadigan yo‘lga ega edi. Odatiy kunlarda ham ushbu joy osmonida boshqa hududlardan ko‘ra ish ancha qizg‘in bo‘lardi.

13:17. Moldovaga qarashli Tu-134 samolyoti Xarkov markazi bilan aloqaga chiqdi. Komandir 9600 metr balandlikni egallashni so‘radi. Lekin Jukovskiy unga bu yo‘l band bo‘lishini aytib, rad javobini berdi.

Keyin esa aloqaga Minskka tegishli bo‘lgan Tu-134 chiqib, komandir Komarov samolyot 5700 metr balandlikda ekanini aytib, o‘zi uchun belgilangan 9600 metr masofaga ko‘tarilishni so‘radi. Har ikki samolyot yo‘nalishi Dneprodzerjinsk tumani osmonida to‘g‘ri burchak ostida kesishar, lekin oradagi farq bir daqiqani tashkil etardi. Biroq Jukovskiy hisobda adashib ketadi hamda ikki samolyot uchib o‘tish farqi 3 daqiqa deb belgilab oladi. Shu sababli u Komarovga 7200 metr balandlikni egallashga buyruq beradi.

13:34. Minsk ekipaji 8400 metr balandlikka ko‘tarilishga buyruq oladi hamda navbatdagi buyruqni kuta boshlaydi. Chunki bu yo‘ldan Il-62 uchib o‘tishi lozim edi va Jukovskiy yana bir xatoga yo‘l qo‘yadi. Buni “Paxtakor” uchayotgan samolyot komandirining aloqaga chiqib aytgan so‘zlaridan payqagan Sumskoy boshqaruvni qo‘lga oladi hamda uchuvchilar bilan aloqaga o‘zi chiqishni boshlaydi.

13.34.07: — 676 chi (Il-62ning bort raqami), 9600 metr balandlikni egallang.

13.34.28: — 735 chi, siz esa 9000 metr balandlikka o‘ting. Dneprodzerjinskda 8440 metr balandlikda yo‘llar kesishadi.

Javob esa quyidagicha yangraydi:

— Tushundim, 8400.

Sumskoyning xatosi shunda bo‘lganki, u javobni qaysi samolyot komandiri aytganini so‘rab, tasdiqlatishni esdan chiqargan. Har ikki dispetcher buyruqni kim bajarganini so‘rashni yoki lokatorga qarab, samolyotlar qaysi yo‘nalishda harakat qilayotganini tekshirishni unutishgan.

13.35.38: 95 daraja burchak ostida 65916 raqamli Tu-134A shu rusumdagi 65735 raqamli boshqa bir samolyot bilan to‘qnashib ketadi. Har ikki samolyot uchuvchilari qalin bulut tufayli qarshisidagi samolyotni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. 8300 metr balandlikda Moldova samolyoti Minskka qarashli samolyotning qanot qismiga kelib urilgan. Komarov “Paxtakor” uchayotgan layner boshqaruvini 4500 metr balandlikkacha germetizatsiya buzilgan holatda ham ushlab turgan, biroq shundan keyin samolyot keskin ravishda qulashni boshlagan.

Halokat to‘g‘risida birinchi bo‘lib o‘sha payt havoda bo‘lgan AN-2 samolyoti ekipaji xabar beradi: “Kurilovka hududida qulayotgan samolyot qismlari ko‘zga tashlanmoqda. Menimcha, bu TU-134 parchalari”.

Ikki laynerning 8400 metr balandlikdagi to‘nashuvi natijasida 178 nafar inson halok bo‘ldi. 9 oydan keyin bo‘lib o‘tgan sudda Jukovskiy va Sumskoy ustidan sud qarori e’lon qilindi. Ular umumiy rejimda 15 yildan ozodlikdan mahrum etildi. Boshqa javobgar shaxslar esa “suvdan quruq chiqqan”.

Ushbu halokatdan juda ko‘pchilik o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Chunki o‘sha mavsumda “Paxtakor” ishonchli o‘yin ko‘rsatib, yuqori o‘rinlardan joy egallashga haqli ekanligini isbotlab kelayotgandi. Hatto, ba’zi mutaxassislar jamoaning yaqin yillar ichida Yevrokuboklarda o‘ynashi mumkinligi to‘g‘risida taxmin qilayotgandi. Fojia oqibatida nafaqat ko‘plab insonlar halok bo‘ldi, balki bu o‘zbek futbolining rivojlanishiga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Idgay Borisovich Tazetdinov 13.01.1933, murabbiy

Vladimir Vasilyevich Chumakov 08.12.1932, shifokor

Mansur Inomjonovich Tolibjonov 04.04.1944, ma’mur

Mixail Ivanovich An 19.11.1952, yarim himoyachi

Vladimir Ivanovich Fyodorov 05.01.1956, hujumchi

Olim Masoliyevich Ashirov 25.01.1955, himoyachi

Ravil Rustamovich Agishev 14.03.1959, himoyachi

Konstantin Aleksandrovich Bakanov 25.05.1954, yarim himoyachi

Yuriy Timofeyevich Zagumennix 07.06.1947, himoyachi

Aleksandr Ivanovich Korchyonov 04.05.1949, yarim himoyachi

Nikolay Borisovich Kulikov 25.04.1953, himoyachi

Vladimir Vasilyevich Makarov 09.03.1947, yarim himoyachi

Sergey Konstantinovich Pokatilov 20.12.1950, darvozabon

Viktor Nikolayevich Churkin 25.01.1952, hujumchi

Sirojiddin Ahmadovich Bozorov 10.08.1961, hujumchi

Shuhrat Mo‘sinovich Eshbo‘tayev 08.02.1959, hujumchi

Vladimir Valiyevich Sobirov 14.01.1958, hujumchi

Shu tariqa, ishqibozlarni armonda qoldirib, “Paxtakor” aviahalokatga uchradi. Tez fursat ichida Toshkentga boshqa jamoalardan futbolchilar chaqirilib, jamoa mavsumni davom ettirdi. Uch mavsum mobaynida jamoaga oliy ligadan tushib ketmaslik imkoniyati taqdim etildi. Lekin hayotdan ko‘z yumgan butun bir jamoa o‘rnini hech kim va hech narsa bosa olmasdi. O‘sha mash’um halokat tufayli ko‘p ming sonli ishqibozlar futboldan butunlay ko‘ngil uzishdi. Paxtakorchilarning oila a’zolariga qanchalik qiyin bo‘lganligini tasavvur qilish mushkul bo‘lmasa kerak. Navbatdagi uchrashuvlarga tashrif buyurgan muxlislar ko‘zlarida yosh bilan yangi jamoa ishtirokidagi o‘yinni kuzatib borardi.

Quyida jahon futbolida kuzatilgan boshqa fojiali holatlarni quyida ko‘rib chiqamiz. Zero, ushbu jamoalar ham “Paxtakor”ga qismatdosh bo‘lgan.

1949-yil 4-may. Uchuvchilarning xatosi oqibatida o‘sha paytda Italiya terma jamoasining asosini tashkil etgan “Torino” klubi halokatga uchradi. Fojiada 31 kishi halok bo‘ldi. Shulardan 18 tasi futbolchilar edi, 10 nafari terma jamoa o‘yinchilari. Shuningdek, jamoa rahbariyati, uch jurnalist va besh nafar ekipaj a’zosi hayotdan ko‘z yumdi.

1958-yil 6-fevral. O‘tgan yili Myunxenda ro‘y bergan fojianing 50 yilligi bo‘ldi va shu munosabat bilan “Old Trafford”da turli marosimlar uyushtirildi. “Manchester Yunayted”ning hozirgi tarkibi o‘sha halokatda vafot etgan futbolchilarni xotirlash uchun eski liboslarda maydonga tushdi. Myunxendagi baxtsiz hodisada ko‘plab futbolchi, jamoa rahbariyati, jurnalist va ekipaj a’zosi halok bo‘ldi. Keyinchalik ushbu halokat haqida “Yunayted. Myunxen tragediyasi” deb nomlangan badiiy film suratga olindi.

1960-yil 16-iyul. Kastrup shahar aeroportiga noqulay qo‘nish chog‘ida Daniya termasining ikkinchi tarkibidan 8 nafar futbolchi dunyodan ko‘z yumdi.

1961-yil 3-aprel. Oradan bir yil o‘tmasdan Chili birinchi divizionida faoliyat ko‘rsatayotgan “Grin Kross” klubi o‘z taqdiriga bitilgan fojia bilan to‘qnash keldi. Safardagi o‘yindan qaytish chog‘ida jamoa Las-Lastimas tog‘idan o‘ta olmadi.

Shuningdek, “Strongest” (Boliviya, 19 futbolchi halok bo‘lgan), “Eyr Likuid” (Jazoir), “Alyansa” (Peru, 43 futbolchi, klub rahbariyati va muxlislar), Surinamdan bo‘lgan va Gollandiyada to‘p tepgan 23 futbolchi (baxtli tasodif tufayli Ruud Gullit va Frank Raykaard ular orasida bo‘lmagan), Zambiya terma jamoasi (butun tarkib va jamoa a’zolari) hamda Braziliyaning “Shapekoense” jamoalari aviahalokatdan jabr ko‘rganlar qatorida zikr etiladi. Ushbu jamoalarning ba’zi futbolchi va a’zolari halokatdan qutulib qolishgan. Aks holda, jahondagi ishqibozlar Bobbi Charlton, Mett Basbi singari insonlarni keyinchalik millionlar o‘yini atrofida ko‘rmagan bo‘lishardi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-08-2020, 21:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 101) ( 0) ( 100) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют