» » Janubiy Koreyada tajriba orttirgan norinlik yigit o‘z mablag‘i hisobiga parrandachilik klasterini ochib, kambag‘allikka qarshi kurashmoqchi

Janubiy Koreyada tajriba orttirgan norinlik yigit o‘z mablag‘i hisobiga parrandachilik klasterini ochib, kambag‘allikka qarshi kurashmoqchi


Bugungi pandemiya sharoitida O‘zbekistonda aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarni kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarish va buning uchun ularga har jihatdan ko‘mak berish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Namangan viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilib, o‘ziga xos tajriba yaratilyapti. “Daryo” muxbiri viloyatga qilgan safari davomida Norin tumanidagi bir qancha aholi xonadonlari va yangi qiyofa kasb etayotgan obyektlarda bo‘ldi.

611 ta oila “temir daftar”dan chiqarildi

Fermer-u tadbirkorlari bilan respublikada dong taratgan Norin tumanida 57 ta MFY mavjud bo‘lib, 30 ming 796 ta xonadonda 163 ming 800 doimiy aholi istiqomat qiladi.

Tuman hokimligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, “temir daftar”ga kiritilgan 1 ming 157 ta oilada 5 ming 57 nafar fuqaro yashaydi. Bu esa jami aholining 3,1 foizini tashkil etadi.

Xalq deputatlari Norin tuman kengashining 6-iyuldagi qaroriga asosan, “temir daftar”dagi oilalardan 611 tasi kambag‘allar ro‘yxatidan chiqarildi.

“Pandemiya davrida ‘Saxovat va ko‘mak’ umumxalq harakati doirasida ‘temir daftar’dagi barcha oilalar a’zolariga jami 2 milliard 842 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Vazirlar Mahkamasining 29-iyuldagi farmoyishiga muvofiq, ‘temir daftar’ga kiritilgan 4 ta sektordagi 622 ta ehtiyojmand oilaga 580 million so‘m pul berildi.

Bundan tashqari, davlat rahbarining 30-iyuldagi farmoni ijrosini ta’minlash hamda tuman aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash barobarida muxtoj oilalarning har bir a’zosiga 220 ming so‘mdan pul ko‘rinishida moddiy yordam ko‘rsatildi. Xususan, 4 ming 565 nafar fuqaroga 1 milliard 4 million 300 ming so‘m naqd pul ko‘rinishida mablag‘lar tarqatildi”, — dedi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Nurmatov.

“Kambag‘al oilalar ro‘yxatidan o‘z xohishimiz bilan chiqdik”

Hududning “Mirsultonchek” mahallasi fuqarosi Dilfuza Boltaboyeva xonadoni ham “temir daftar”dan chiqarilgan oilalardan biri. Uning o‘zi bizga bu haqda shunday dedi:

“Iyun oyida ishchi guruhi vakillari uyimizga kelib, oilaviy sharoitimizni o‘rganishdi va ‘temir daftar’ga kiritishdi. Shu paytga qadar o‘zim uy bekasi edim. Turmush o‘rtog‘im esa Rossiyada migrant bo‘lib ishlardi. Bir nafar voyaga yetmagan farzandimiz bor.

Bizga tuman hokimligi tomonidan juda ko‘p yordamlar ko‘rsatildi. Umr yo‘ldoshimni ‘soflik bog‘i’ fermer xo‘jaligiga ishga joylashdi. O‘zim esa tuman obodonlashtirish bo‘limida ishlayapman. Ikkalamizning oylik maoshimiz 1 million 200 ming so‘m atrofida. Takroriy ekin uchun 50 sotix yer ajratildi. Hozir mosh va kungaboqar baravj o‘smoqda.

Bundan tashqari, Prezident sovg‘asi sifatida 800 ming so‘m hayitlik puli berildi. Shuningdek, uyimizga issiqxona ham qurildi. U yerga limondan tashqari, sarimsoqpiyoz va bodring ekdik.

Bunday g‘amxo‘rliklardan juda ham xursand bo‘lib, o‘z xohishimiz bilan oilamizni ‘temir daftar’dan chiqarishlarini so‘radik. Chunki ko‘p yaxshiliklar ko‘rdik, shuncha sharoit yaratib berishdi. Barcha rahbarlardan minnatdormiz”, — dedi Dilfuza Boltaboyeva.

1 ming 768 nafar fuqaro ishsiz

Hokimlik vakilining ta’kidlashicha, hozirda kambag‘al oilalardagi ishsiz aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. O‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, ‘temir daftar’dagi 1 ming 157 ta oilada 1 ming 768 nafar ishga layoqatli yoki ishga muxtoj fuqaro borligi aniqlandi.

Ushbu fuqarolarni yil yakunigacha oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, investitsiya loyihalari, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohasi va jamoat ishlariga jalb qilish orqali ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

“Parrandachilik klasteri yaratmoqchiman”

“Kemaboshi” mahallasida yashovchi Sarvarbek Xudoyberdiyev yetti yil mobaynida Janubiy Koreyaning bir qancha shahrida mehnat qildi. 2020-yil boshida O‘zbekistonga qaytgach, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga kirishdi. U qishlog‘idagi ‘temir daftar’ga kirgan oilalarni kambalag‘llikdan qutqarib, ish o‘rinlari yaratish istagida.

“Uch yil umrim parrandachilik fermasida o‘tdi. Bu sohada ko‘p narsalarni o‘rgandim, tajriba orttirdim. Tovuq boqish sirlari, foyda va zararlari haqida ko‘p malumotga ega bo‘ldim. Musofir yurtda ko‘rgan va bilganlarim asosida tadbirkorlikni boshlashga qaror qildim.

Qishlog‘imizni yanada rivojlantirib, kambag‘al oilalar sonini qisqartirish hamda ishbilarmonlar safini kengaytirish maqsadida tuman hokimligiga yer masalasida yordam so‘rab bordim. Hokim bilan uchrashib, unga o‘z rejalarimni aytdim. Qisqa vaqt ichida menga 25 sotix yer ajratildi. Ishim tez bitganidan ham quvondim, ham ajablandim. Chunki yer olishda ancha sarson bo‘lsam kerak, degan xavotir bor edi.

Qurilish ishlarini may oyida boshladik. Hozir esa ko‘rib turganingizdek, jarayon juda qizg‘in. Dekabrgacha faoliyatimizni yuritishni rejalashtiryapmiz. Ayni paytda kredit olishga ehtiyojim yo‘qligi bois o‘zim yig‘ib, to‘plagan mablag‘larni ishlatyapman. Barcha zamonaviy texnologiyalar Koreyadan olib kelinadi. Boshida 8 mingta parranda boqsak, keyinchalik ular sonini 25 mingtagacha ko‘paytiramiz.

Ko‘pchilik menga ‘Hozir o‘zbekistonliklar orasida Koreyaga ishga ketishga harakat qilayotganlar juda ko‘p. Sen esa nega bu yerda yuribsan?’, deya savol beryapti. Ularning gapida ham jon bor. Ammo men tumanimizdagi sharoiti og‘ir xonadonlarga yordam berib, ularni parranda boqishga o‘rgatmoqchiman va shu orqali doimiy ishchi o‘rinlar yaratmoqchiman. ‘Temir daftar’ga kirgan oilalarga jo‘jalar tarqatib, maslahatlar berib boraman va parrandalar katta bo‘lganidan keyin ularni yana o‘zim xarid qilaman. Bir so‘z bilan aytganda, parrandachilik klasteri yaratish niyatidaman”, — dedi Sarvarbek.

Kollej yotoqxonasi korxonaga aylantirilmoqda

Faoliyati to‘xatilgan Norin qurilish kasb-hunar kolleji yotoqxonasi tekstil mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaga aylantirilmoqda. Ayni paytda ta’mirlash ishlari so‘nggi bosqichda.

“Ushbu loyiha MChJ shaklidagi qo‘shma korxonamiz tomonidan bir million dollar xorijiy investitsiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirilishi hisobiga amalga oshirilyapti. ‘Sho‘rariq’ MFYda joylashgan sobiq qurilish kasb-hunar kolleji yotoqxonasi zamonaviy korxonaga aylantirilgach, 200 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. ‘Temir daftar’dagi oilalarning 70 nafar ishsiz xotin-qizini ham ishga olish rejalashtirilgan.

Loyihaning yillik quvvati 2 million dollar bo‘lib, asosan, bolalar kiyim-kechaklari, erkaklar va ayollar uchun momiq xalatlar, futbolka ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimiz Rossiya, MDH va Yevropa mamlakatlariga 100 foiz eksport qilinadi.

Bugunga kelib, 300 ming dollar xorijiy investitsiya mablag‘i qurilish ishlariga sarflandi. Jarayonning 90 foiz qismi yakunlangan. Hozir ichki pardozlash ishlari ketyapti. Korxona sentabr oyida qurilib, faoliyat boshlaydi”, — dedi “Mir sity” qo‘shma korxonasi rahbari Fotimaxon Mirsaidova.

Mirolim ISAJONOV



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-08-2020, 23:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 80) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют