» » Aleksandr Lukashenko Belarusga qarshi tajovuzlar boshlanganini aytdi

Aleksandr Lukashenko Belarusga qarshi tajovuzlar boshlanganini aytdi


Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko respublikaga qarshi tajovuz boshlanganini hamda norozilik namoyishlari chet eldan uyushtirilayotganini va ularda “katta jinoiy o‘tmishga” ega odamlar ishtirok etayotganini aytdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

“Bugun Polsha, Niderlandiya, Ukrainadan, bu ‘ochiq Rossiya’dan, Navalniydan va hokazolardan juda ko‘p odamlar haddidan oshdi. Mamlakatga qarshi tajovuz allaqachon boshlangan”, — dedi Lukashenko 14-avgust, juma kuni Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan uchrashuvda.

Shu bilan birga, u Belarusda “qandaydir falokat bor yoki vaziyat haddan tashqari tarang”, deb o‘ylamaydi, ammo muammolar mavjud va hal qilish kerak bo‘lgan savollar yetarli ekanligini bildirdi.

“Bugun biz nima yuz berayotganini aniq ko‘ryapmiz. Biz bugun harakat qilayotganlarni ko‘rmoqdamiz. Aytganimizdek, bularning asoschilari va tashkilotchilari chet eldan kelgan odamlardir. Oldingi o‘rinlarda jinoiy o‘tmishga ega odamlar, bundan tashqari, katta jinoiy o‘tmishga ega odamlar bor”, — deya qo‘shimcha qildi Belarus rahbari.

“Aytingchi, harbiy xizmatchi qanday harakat qilishi mumkin? Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Minskni ag‘dargunlarigacha o‘tirib kutishimni xohlaysizmi? Bu holda keyin vaziyatni barqarorlashtira olmaymiz. Shuning uchun biz to‘xtab, o‘zimizni qo‘lga olib, tinchlanishimiz kerak. Biz tartibni tiklashimiz, bu yerga kelganlar bilan muomala qilishimiz kerak”, — deya ta’kidladi Lukashenko.

Belarus prezidenti saylovi kampaniyasi davomida amaldagi prezidentga raqobatchi bo‘lgan nomzodlarga turli tazyiqlar va ta’qiblar uyushtirildi. Mamlakatda Aleksandr Lukashenkoning raqiblarini qo‘llab-quvvatlash uchun mitinglar bo‘lib o‘tdi.

Belarusda 9-avgust kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylov kuni Minsk markazida harbiy texnika paydo bo‘ldi. Belarus militsiyasi saylov uchastkalari oldida to‘plangan odamlarni qo‘lga oldi. Saylov kuni oqshomida mamlakatning barcha yetakchi ommaviy axborot vositalarining saytlari ochilmay qoldi. Poytaxt Minskda prezident saylovidan keyin norozilik namoyishi boshlandi.

Belarus Markaziy saylov komissiyasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, prezidentlik saylovlarida respublikaning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenko 80,08 foiz ovoz to‘plagan. Muxolifot nomzodi Svetlana Tixanovskaya esa rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 10,09 foiz ovoz olgan.

Natijalar e’lon qilingach, Svetlana Tixanovskaya o‘tkazilgan saylovlarda o‘zini g‘olib deya hisoblashini ma’lum qildi va Lukashenkoga muzokaralar o‘tkazish taklifini berdi. Shuningdek, u saylovlarning natijasi yuzasidan Markaziy saylov komissiyasiga norozilik bildirdi.

Svetlana Tixanovskayaning shtabi 10-avgust kuni kechasi u Belarus Markaziy saylov komissiyasiga borganidan so‘ng yo‘qolib qolganini bildirgan. Kechga yaqin Tixanovskaya aloqaga chiqqan, biroq qayerda ekanligini oshkor etmagan. Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi Svetlana Tixanovskayaga uyushtirilgan suiqasdning oldi olinganini ma’lum qilgan.

11-avgust kuni Tixanovskaya Belarusdan chiqib ketgani va Litvada ekanligi ma’lum bo‘ldi. Uning shtabi tomonidan ma’lum qilinishicha, prezidentlikka nomzod bu ishni o‘z xohishi bilan qilmagan, balki shtab rahbari Mariya Morozning ozod etilishi evaziga hukumat bosimi ostida amalga oshirgan.

Shuningdek, 11-avgust kuni Tixanovskayaning videomurojaati e’lon qilingan. Unda Tixanovskaya o‘zining ketishi “og‘ir qaror” bo‘lganini ma’lum qilgan. “Men duch kelgan bunday tanlovda qolishni Xudo ko‘rsatmasin”, — degan Tixanovskaya.

Keyinroq Belarus hukumati tarafdori bo‘lgan Telegram kanal Tixanovskayaning boshqa bir videomurojaatini e’lon qildi. Nomzod mazkur murojaatda kameraga qaramasdan, varaqdan o‘z tarafdorlariga qaratilgan va namoyishlarni to‘xtatish haqidagi chaqiruvni o‘qib bergan.

Hozirda Litva hukumati tomonidan Svetlana Tixanovskayaga boshpana va qo‘riqchilar taqdim etilgan.

Aleksandr Lukashenkodan tashqari, prezidentlikka nomzodlarning barchasi saylov natijalaridan noroziligini bildirib, mamlakat Markaziy saylov komissiyasiga shikoyat kiritgan.

Belarusda 9-avgustdan buyon norozilik namoyishlari va namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun chiqishlar davom etmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-08-2020, 08:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 78) ( 0) ( 77) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют