O‘zbekistonda 15-avgust kuni 684 kishida koronavirus aniqlandi. Kasallikdan tuzalganlar soni 30 mingdan oshdi
O‘zbekistonda 14-avgust soat 23:30 dan 15-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 684 ta holat qayd etildi. Ketma-ket to‘qqizinchi kun kunlik kasallanish holati 700 ga yetmayapti. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 34701 nafarga yetdi.
Yangi kasallangan 684 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:
Kun davomida 5 ta hududda kasallanish holatlari qayd etildi. 9-avgustdan so‘ng koronavirus aniqlanayotgan hududlar 7 tadan kamaymayotgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 3 nafar, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 1 nafardan, jami 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. Xuddi bir kun oldin bo‘lganidek vafot etganlarning 4 nafari erkak, 1 nafari ayoldir. Umuman olganda, 12-avgustdan beri SSV har kuni 5 nafardan odam vafot etayotgani haqida xabar bermoqda.
Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 61 yoshli U.A. ismli erkak vafot etgan.
Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 65 yoshli A.M. ismli erkak vafot etgan.
Uchinchi o‘lim. Navoiy viloyati Navoiy shahrida yashagan 53 yoshli U.X. ismli erkak vafot etgan.
To‘rtinchi o‘lim. Toshkent viloyati Nurafshon shahrida yashagan 79 yoshli B.J. ismli erkak vafot etgan.
Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 70 yoshli M.U. ismli ayol vafot etgan.
Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 226 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 235 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.
Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.
Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 4432 nafar bemordan 1021 nafari og‘ir, 285 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
15-avgust kuni O‘zbekistonning 8 ta hududida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarning 1382 nafari sog‘aydi. Ketma-ket beshinchi kun davolanganlar soni 1000 nafardan ortiq bo‘lmoqda. 12-avgust kuni 1569 nafar bemor sog‘ayib, rekord o‘rnatilgandi.
Yangi tuzalganlarning
Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.
Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.
Hozirda kasallik qayd etilgan jami 34701 nafar bemordan 30043 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 86 foizni tashkil etmoqda. Bu davolanish ko‘rsatkichi bo‘yicha yangi rekorddir. Bungacha 14-avgustdagi 84 foizlik natija eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib turgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 4432 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. 29-iyul kuni bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. 30-iyuldan boshlab davolanayotgan bemorlar soni kamaya boshladi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni karantin cheklovlari kuchaytirilgan kun — 10-iyuldagi bemorlar sonidan (o‘sha kuni 4443 nafar bemor davolanayotgandi) ham kamaydi.
Xabar to‘ldirilmoqda
Manba: Daryo.uz
Добавить комментарий!
