» » Hindistonning ikkiga bo‘lib yuborilishi. 73 yillik hind-musulmon mojarosining ildizlari haqida

Hindistonning ikkiga bo‘lib yuborilishi. 73 yillik hind-musulmon mojarosining ildizlari haqida


1947-yilning 15-avgust kuni Buyuk Britaniya qirolichasining “toji” bo‘lgan Hindiston ikki qismga bo‘lib yuborildi. “Daryo” sana munosabati bilan hozirgacha tinchimayotgan hind-musulmon mojarosini keltirib chiqargan tarix haqida hikoya qiladi.

Buyuk Britaniy parlamentining 1947-yilgi Hindiston mustaqillik aktiga muvofiq Hindiston 1947-yil 15-avgust kuni ikki mustaqil davlat Hindiston va Pokistonga ajralgani ma’lum qilindi. Asosan diniy mansublikka qaratilgan ushbu bo‘linish ortidan 12,5 million kishi o‘z hududini tashlab o‘zi mansub bo‘lgan hududga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi. Ushbu ko‘chishlar ortidan bir necha yuz ming kishidan bir milliongacha odam o‘z hayotini yo‘qotdi (Barbara Metcalf et Thomas R. Metcalf, A Concise History of Modern India (Cambridge Concise Histories), Cambridge et New York, Cambridge University Press., 2006, 372 p).

1906-yil Dakka shahrida Britaniya Hindistonida istiqomat qilayotgan musulmon aholini himoya qilish maqsadida “Butun Hindiston musulmonlar ligasi” tashkil etildi. Bu paytda esa hind xalqi manfaatlarini himoya qiluvchi “Hind milliy kongressi” faoliyat olib borardi. 1930-yillarga kelib, musulmonlar uchun bir mustaqil davlat tuzish haqida gapirila boshlandi. Ayniqsa, 1930-yilda Musulmonlar ligasining konvensiyasi tuzilgan paytda uning prezidenti Muhammad Iqbol musulmonlarning hindlar tarafidan tazyiqqa uchramasligi uchun bir davlatga ehtiyoji borligi haqida ma’lum qildi.

Chunki asosan hindlar manfaatlarini himoya qiluvchi “Hind milliy kongressi” dunyoviylikni yoqlar edi va bu narsa musulmonlar yashash tarziga zid edi. Jumladan, Liga prezidenti Muhammad Iqbol buni quyidagicha tushuntirgan: “Islomning nasroniylik bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Islom shunchaki amal va vijdon ishi bo‘lib qolmasdan, u o‘ziga xos yuridik tushunchalar bilan ham hamohangdir. Ushbu tushunchalar fuqarolik o‘lchoviga ega va ma’lum bir ijtimoiy tartibni yaratadi. Diniy idealni ijtimoiy tartibdan ajratib bo‘lmaydi. Binobarin, milliy asoslarda respublika qurish (dunyoviy hind respublikasi) islomiy birdamlik tamoyilining yo‘q bo‘lib ketishini anglatsa, bu musulmonlar uchun shunchaki qabul qilib bo‘lmasdir”.

Ushbu fikrlarni mashhur hind-ingliz adibi, Nobel mukofoti laureati V.S Naypol o‘zining “E’tiqoddan tashqari: Dinga o‘tgan xalqlar orasida Islomiy sayohatlar” (Beyond Belief: Islamic Excursions among the Converted Peoples, 1998) kitobida keltirgan. 1933-yil shoir Chaudhari Rahmat Ali PAKSTAN nomini o‘ylab topdi. Bu nom atrofdagi Panjob, Afg‘oniston, Kashmir va Balujistan kabi musulmon hududlar nomlarining bosh harflari va oxirgi – stan qo‘shimchasi orqali yasalgan edi. Nom keyinchalik fors va urdu tillaridan o‘girganda “poklar yurti” ma’nosini beruvchi Pakistan nomiga aylandi.

1934-yilda Muhammad Ali Jinna Musulmonlar ligasiga qo‘shildi. Shu paytgacha Kongress tarkibida bo‘lgan Ali Jinna hindlar va musulmonlar birligining doimiy yoqlovchisi edi. Ammo Liga tarkibiga o‘tgach, musulmonlar harakatining yetakchi figuralaridan biriga aylandi. Bu esa uning Neru va Gandi singari Kongressning kuchli liderlari bilan qarama-qarshiligiga olib keldi. 1937-yilgi provonsal saylovlarda Kongress g‘alaba qozondi va Liga juda kam ovoz to‘pladi.

1946-yilga kelibgina Jinnaning musulmonlar uchun alohida davlat haqidagi talablari almashtirib bo‘lmas holga keldi. Musulmonlar ligasi 1946-yilning avgust oyida Kalkuttada to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat kunini o‘tkazdi va ommaviy tartibsizliklarda 10 mingga yaqin odam halok bo‘ldi.

1947-yilda Hindiston vitse-qiroli etib tayinlangan Lord Mantbatten Klemant Etli hukumatidan Hindiston mustaqilligiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq oldi. Yakuniy sana 1948-yilning iyul oyi etib belgilandi. Yagona Hindiston davlati loyihasini qo‘llab-quvvatlagan britaniyaliklar Jinnaning mustaqil Pokiston davlati tuzish haqidagi da’volaridan qaytara olmadi. Vitse-qirol esa Kongress va Neruni bo‘linishga ko‘ndirdi, ammo bunga Gandi qarshilik qildi. Shtatlarga qaysi davlat tarkibida qolish yoki bo‘lmasa, alohida mustaqil davlat bo‘lish tanlovi qo‘yildi.

Buyuk Britaniya parlamenti 1947-yilning 18-iyul kuni Indian Independence Act’ni qabul qildi. Ushbu qonun bo‘linishga bog‘liq detallarni aniqlashtirib berdi. Shuningdek, mahalliy rojalarga ikki davlatdan birini tanlash erkinligi berildi. Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismida yashaydigan musulmon aholi vakillari Pokistonga, qolganlar esa Hindistonga qo‘shildi. Bengal va Panjob viloyatlari ikki davlat o‘rtasida bo‘lib olindi. Pokiston ikki hududda g‘arbiy va sharqiy Pokiston holida tashkil etildi. Ammo 1971-yilda sharqiy Pokiston alohida Bangladesh respublikasi deb e’lon qilindi.

Ikki davlat mustaqilligi 1947-yilning 15-avgust tunida e’lon qilindi. Hukumatlarni topshirish marosimi Karachi shahrida bo‘lib o‘tdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi doimiy mojarolar, odatda, Kashmir atrofida kechsa-da, lekin uning o‘zagi avvalo diniy motivlarga borib taqaladi. Albatta, Kashmir ham ikki davlat o‘rtasidagi doimiy nizolar markazida bo‘lib kelgan. Ammo Pokiston Hindistonni mintaqadagi musulmon aholi uchun xavf deb biladi.

Uning bunday hisoblashida o‘zini dunyoviy davlat deb hisoblaydigan Hindistonda hali biror marta ham musulmon bosh vazir saylanmagani sabab qilib ko‘rsatiladi. Vaholanki, Hindiston dunyoda musulmon aholi istiqomat qiladigan to‘rtinchi davlat hisoblanadi. Indoneziya, Pokiston, Bangladesh bu borada Hindistondan oldinda. Hindistonda bugungi kunda 170 milliondan ortiq musulmon (aholining 13 foizi) istiqomat qiladi.

Ayniqsa, 2014-yildan buyon hukumatda bo‘lgan Norendra Modi boshliq hind millatchilarining so‘nggi yillarda musulmonlarga nisbatan amalga oshirgan siyosati ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosi diniy motivlarda ekanini ko‘rsatib turadi.

Kashmir muammosiga kelsak, 1947-yilgi bo‘linish paytida Kashmir masalasi uzil kesil hal etilmadi. Buning oqibatida birinchi hind-pokiston urushi kelib chiqdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi ilk to‘qnashuv edi. Urush natijasida Kashmir amalda uch qismga bo‘lindi. G‘arbiy Kashmir Pokistonga, sharqiy Kashmir Hindistonga va shimoliy Kashmir Xitoyga berildi.

O‘shandan buyon ikki davlat o‘rtasidagi Kashmirga bo‘lgan da’volar to‘xtagani yo‘q. Shuni ta’kidlash lozimki, hindistonliklar va pokistonliklar Kashmir muammosi to‘laqonli va qoniqarli hal etilgunga qadar ikki tomonning aloqalarini buzadigan tarixiy nizolar davom etaverishiga ishonadi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-08-2020, 13:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 98) ( 0) ( 96) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют