» » Haftalik dayjest: Orziqib kutilgan 15-avgust, kuyovlarning ketishi, Bobomurod Abdullayev ishi, kontraktning pasayishi

Haftalik dayjest: Orziqib kutilgan 15-avgust, kuyovlarning ketishi, Bobomurod Abdullayev ishi, kontraktning pasayishi


Yaqin orada hayotimizda hech qaysi bayramni 15-avgustni kutgandek kutmagan bo‘lsak kerak. Chunki bu kuni karantin yumshatildi. Endi bemalolchilik, buyog‘i Farg‘ona tong otguncha deganlar adashadi. Chunki bu karantin bekor qilindi, degani emas.

Keling, orziqib kutilgan 15-avgustdan boshlab qanday yengilliklar yuzaga kelganini eslaylik.

Shu kundan shaxsiy va jamoat transporti harakati, jumladan, metro ham, qator faoliyat turlari, bozorlar tiklandi. Belgilangan talablarga amal qilgan holda uyda 30 kishilik oilaviy marosimlar o‘tkazish mumkin bo‘ldi. Mahalliy avia va temir yo‘l qatnovi uchun ruxsat berildi. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar, shuningdek, o‘quv kurslari (markazlari) faoliyatiga ruxsat berildi. Bunda ushbu muassasalar muayyan sanitariya talablariga bo‘ysunishlari lozim. Shuningdek, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar, ijaraga beriladigan dala hovlilar va boshqa dam olish maskanlari faoliyatiga ruxsat berildi. Bunda muayyan sanitariya talablariga rioya etish talab qilinadi. Masalan, fuqarolar alohida, bir-biridan ajratilgan holda (har bir oilaga bir xona talabiga rioya etgan holda) joylashtiriladi.

17-avgustdan boshlab diniy tashkilotlar faoliyatiga ruxsat beriladi. Bunda har kuni dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish hamda qat’iy ijtimoiy masofani saqlash cheklovlariga rioya etilishi ta’minlanishi lozim.

20-avgustdan buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari, yirik savdo do‘konlari, sport zallari, fitnes klublari va basseynlar ishlay boshlaydi. To‘g‘ri, ayrim viloyatlar bu borada oldinlab ketib, buyum bozorlarini ochib yuborgan.

Xo‘sh, maktablarchi? Maktabni ochish bo‘yicha uchta variant ko‘rib chiqilyapti. 1-variantga ko‘ra, maktablar har yilgidek vaqtida ochiladi. 2-variantda ta’lim onlayn davom etadi. 3-variant omixta bo‘lib, maktablar sinf tizimida ishlaydi va sharoitdan kelib chiqib an’anaviy yoki onlayn ta’lim amalda bo‘ladi.

* * *

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov koronavirusga chalingani e’tirof qilingan birinchi vazir bo‘ldi. Shermatov Telegram’dagi kanalida boshidan kechirganlarini batafsil yozib, o‘z tavsiyalarini berdi va shifokorlarga minnatdorlik bildirdi. Darvoqe, Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov koronavirusdan sog‘ayib, o‘z ishiga qaytdi.

Koronavirusdan davolanayotganlar soni karantin kuchaytirilgungacha bo‘lgan ko‘rsatkichga tushdi. Bu ham bir yutuq. Koronavirusdan sog‘ayganlar 30 mingdan oshib, davolanish ko‘rsatkichi 86 foizga yetdi. Bu hafta rasman qayd qilingan kunlik yuqtirishlar soni 700 nafarga yetmadi.

“Sharq” guruhi ko‘rinmas dushman – koronavirus bilan olishayotgan tibbiyot xodimlari va marhumlar xotirasiga bag‘ishlab qo‘shiq kuylaganini ko‘rish uchun ushbu havolani bosing.

* * *

Avvalroq Usmon Haqnazarov taxallusi bilan yillar davomida xorij nashrlarida maqolalar yozib kelgani uchun hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayev yana qo‘lga olindi. U Qirg‘izistonga to‘rt oy avval Markaziy Osiyodagi AQSh universitetida o‘qish uchun kelgan va COVID-19 koronavirus pandemiyasi oqibatida chegaralar yopilgani tufayli mamlakatda qolib ketgan edi.

Bobomurod Abdullayev Bishkekda ushlandi. Uni O‘zbekiston tarafi so‘roviga ko‘ra qo‘lga olingani aytilmoqda. U Facebook’dagi “Qora Mergan” sahifasiga aloqadorlikda gumonlanmoqda. Biroq “Qora Mergan”ning Telegram’dagi kanali iyundan boshlab haligacha ishlab turgani bu gumon hisobiga tosh bosmaydi.

1/3 I am deeply concerned by reports that Kyrgyz authorities have detained Bobomurod Abdullayev, an Uzbekistani journalist, at the request of the Government of Uzbekistan. We are closely following his case. https://t.co/UZ5yDmChHn

— U.S. Ambassador to Uzbekistan (@UsAmbUzbekistan) August 13, 2020

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum jurnalist Bobomurod Abdullayevning Bishkekda hibsga olingani haqidagi xabarlardan xavotirdaligini bildirdi.

* * *

Shavkat Mirziyoyevning kichik kuyovi Otabek Umarov Triatlon federatsiyasi raisligi va MMA assotsiatsiyasi prezidentligidan ketdi. Otabek Umarov bu lavozimlardan ketishini vaqt kamligi bilan izohladi: “Triatlon federatsiyasi ham, MMA assotsiatsiyasi ham vaqt va e’tibor talab qiladi, yangi sharoitlarda esa men buni kafolatlay olmayman”.

Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov Triatlon federatsiyasiga rais bo‘ldi, mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov esa MMA assotsiatsiyasini boshqaradigan bo‘ldi.

Sal avvalroq prezidentning katta kuyovi Oybek Tursunov Uzcard ta’sischilari orasidan g‘oyib bo‘lgan edi. Ammo buning sababi ma’lum emas.

* * *

Oldinroq oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov O‘zbekistondagi OTMlarda 2020-yilda kontrakt miqdori o‘zgartirilmasligini aytgandi. Biroq Telegram’dagi “Talaba — LIVE” guruhida birlashgan 40 mingga yaqin talaba pandemiya sharoitida bu ham talabalarga og‘irlik qilishini aytib yengilliklar so‘rashda davom etdi. Shunday qilib, yangi 2020/2021-o‘quv yilida amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori uchun kunduzgi shaklda o‘qiydigan barcha talabalarga 10 foiz chegirma beriladigan bo‘ldi. Ushbu guruh kanaliga “Biz g‘alaba qozondik” deb yozib qo‘yildi.

* * *

16-avgust kuni ikki dongdor bokschimiz ringda g‘alaba nashidasini surdi.

Shahram G‘iyosov nikaragualik Uiston Kamposga qarshi jang qildi. Uchinchi raundning so‘nggi soniyalarida raqibining qorin qismiga kuchli zarba berib Shahram Kamposni nokautga uchratdi. Shu tariqa Shahram professional boksdagi o‘ninchi jangida o‘ninchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Professional boksning super yarim o‘rta vazn toifasidagi o‘zbekistonlik Isroil Madrimov ham shu kuni amerikalik Erik Uoker bilan jang qilib, 9-raundda raqibini nokaut va nokdaun qildi. Hakamlar bir ovozdan Isroilni g‘olib deb topdi.

Eng so‘nggi yangiliklarni “Daryo”da o‘qing. Karantin qoidalariga rioya qiling. Hali karantin to‘la bekor qilinmaganini esda tuting.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-08-2020, 22:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 84) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют