» » Qashqadaryoda tez yordam haydovchilari va hamshiralar rag‘bat puli ololmayotganidan shikoyat qilib, viloyat hokimligi binosi oldida to‘plandi

Qashqadaryoda tez yordam haydovchilari va hamshiralar rag‘bat puli ololmayotganidan shikoyat qilib, viloyat hokimligi binosi oldida to‘plandi


Qashqadaryo viloyatida tez tibbiy yordam haydovchilari va hamshiralar Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra berilgan rag‘bat pulini olishda nohaqliklarga yo‘l qo‘yilganini aytib, viloyat hokimligi binosi oldida to‘plandi. Bu haqda xabar bergan “Daryo” muxbirining yozishicha, tibbiyot xodimlarining mazkur masala yuzasidan noroziligi birinchi marotaba emas.

“32 yildan beri tez tibbiy yordamda feldsher bo‘lib xizmat qilaman. Lekin rag‘bat puli berishmadi”, — deydi hokimlik binosi oldida to‘plangan fuqarolardan biri Xushvaqt Mardonov.

Qarshi shahar tez tibbiy yordam bo‘limi haydovchilari Isroil Temirov, G‘ayrat Bobonazarov va Abdurahmon Mansurovlarning ma’lumot berishicha, haydovchilar uchun va’da qilingan uch million so‘m to‘liq berilmagan.

“Kechagina ishga kelgan hamkasblarimiz 3 million so‘mni to‘liq olishdi. Biz bir necha yildan beri shu sohada ishlasak-da, pulni to‘liq berishmadi. Atigi 1,5 million so‘m oldim”, — deydi Isroil Temirov.

“Menga 2 million 100 ming so‘m to‘lab berishdi. Nega to‘liq berilmayapti desam, ‘shtatlar jadvaliga asosan to‘lab beryapmiz’ deyishdi. Holbuki, bizda shu paytga qadar shtat degan narsa yo‘q edi”, — deydi G‘ayrat Bobonazarov.

Tez tibbiy yordamning yana bir haydovchisi Abdurahmon Mansurovning aytishicha, unga 2 million 700 ming so‘m to‘lab berilgan. Qolgan pul esa berilmagan.

Shikoyatchilar bilan muloqot qilgan viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshevning vaziyatni izohlashicha, ko‘plab tibbiyot xodimlari Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-iyuldagi 458-sonli qarori bilan tanishib chiqmagan, shu sabab norozilik yuzaga kelmoqda.

“Vazirlar Mahkamasining qarorida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tez tibbiy yordam xodimlari — vrachlar, o‘rta tibbiyot xodimlari, ya’ni feldsher va sanitarlar hamda haydovchilar rag‘batlantirilishi belgilab berilgan. Bizga murojaat qilib kelayotganlarning aksariyati esa dispetcher lavozimida ishlab kelayotganlar bo‘lib, ular rag‘batlantiriluvchilar ro‘yxatida yo‘q. Ular esa biz ham tibbiyot xodimimiz-ku, nega bizga berilmaydi deya savol berishdan charchashmayapti”, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev.

Hokimlik binosi oldida to‘plangan murojaatchilardan Oydin Yo‘ldosheva ham tez tibbiy yordam bo‘limida 31 nafar hamkasblari orasida ajralib qolganini, rag‘bat puli berilmaganligini aytib, shikoyat qildi.

Rustam Yo‘ldoshevning aniqlik kiritishicha, Oydin Yo‘ldosheva yillar davomida tez tibbiy yordamda navbatchi hamshira sifatida faoliyat yuritgan, biroq ish beruvchi va Oydin Yo‘ldosheva kelishuviga ko‘ra bir muddat ilgari fuqaro navbatchi hamshiralikdan dispetcherlik lavozimida o‘tkazilgan. Rag‘batlanuvchilar ro‘yxatida esa, dispetcherlar yo‘q.

“20 yillab navbatchi hamshira bo‘lib ishlaganman. To‘g‘ri, sog‘lig‘im sabab bundan olti oy ilgari navbatchi hamshiralikdan dispetcherlikka o‘tkazilgandim. Endi esa rag‘bat puli berishmadi”, — deydi Oydin Yo‘ldosheva.

Rustam Yo‘ldoshevning ta‘kidlashicha, viloyatda 247 ta tez tibbiy yordam brigadasining shifokor, hamshira va haydovchilariga 20 milliard so‘mlik rag‘bat pul berilgan. Qolgan murojaatchilar muammosi ham viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida o‘rganiladi va tez orada yechimini topadi.

Shuningdek, “Daryo”ga shikoyat qilgan Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limining Navbahor filiali navbatchi hamshiralari filialda keragidan ortiq xodim ishga olingani bois 220 ming so‘m oylik maoshga ishlashayotganini, rag‘bat pulini ham yetarlicha olishmaganini ma’lum qildi.

“Bizning Navbahor filialimizda 37 nafar navbatchi hamshira faoliyat yuritadi. Ishchilar keragidan ortiq ishga olingani sabab atigi 220 ming so‘m maoshga ishlaymiz. Shuning uchun rag‘bat pulini ham yetarli darajada olmadik”, — deydi Dilrabo Jo‘rayeva.

Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasining Xalqobod tez tibbiy yordam navbatchi hamshirasi Gulhayo Yallayevaning ma’lumot berishicha, u navbatchi hamshiralarga va’da qilingan to‘rt million so‘mning ikki million so‘mini olgan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-iyuldagi qarori bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tez tibbiy yordam xodimlarini rag‘batlantirish uchun davlat budjetidan 100 milliard so‘m va tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan 100 milliard so‘m ajratilgandi. Qarorga ko‘ra, tez tibbiy yordam vrachlari – 5 million so‘m, o‘rta tibbiyot xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) – 4 million so‘m va haydovchilar – 3 million so‘mdan bir martalik moddiy rag‘batlantirilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-08-2020, 14:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 78) ( 0) ( 78) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют