» » Nukusdagi koronavirusni tashxislash va davolash markaziga harbiy shifokorlar ham jalb etildi

Nukusdagi koronavirusni tashxislash va davolash markaziga harbiy shifokorlar ham jalb etildi


17-avgust kuni COVID-19 infeksiyasiga gumon qilinayotgan bemorlarni davolash maqsadida Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi bazasida tashkil etilgan vaqtinchalik tashxislash-taqsimlash va davolash markazi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.

Markaz faoliyatini tashkil etishda Mudofaa vazirligining Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi ham o‘z hissasini qo‘shgan. Ya’ni tashkil etilgan markazda 4 nafar harbiy shifokor va 4 nafar harbiy tibbiyot muassasalarining kichik tibbiy personali fuqarolar salomatligini saqlash, pandemiya bilan kurashishda malaka almashish maqsadida xizmatda bo‘ladi.

Markazning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbariyati, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, tibbiyot mutaxassislari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etgan.

“Bugungi kunda aholiga uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda Koronavirus yuqumli kasalligi bilan kasallanganlarni davolash sifatini yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘istonda 167 ta tez yordam mashinalari hamda xalq orasida COVID-19 kasallik belgilari bo‘lgan fuqarolarni shifo maskanlariga yetkazish uchun Nukus shahrida 42 dona va har bir tumanda o‘rtacha hisobda 6-7 donadan jami respublika bo‘yicha 183 ta mobil brigadalar ishlab kelmoqda”, — deydi tadbirda so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari Muratbay Jumanov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tez tibbiy yordam mashinalariga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq ta’minlangan hamda bu yo‘nalishda 838 nafar shifokor va 1091 nafar feldsher faoliyat olib bormoqda.

Tashkil etilgan vaqtinchalik markazdagi 7 ta blokda jami 390 o‘rin mavjud bo‘lib, birinchi qavatida 224 o‘rinli yotoq joylar kasallik tufayli nafas olishi qiynalgan bemorlar va ikkinchi qavatdagi 166 ta joy kasallik alomatlari yengil kechadigan bemorlar uchun belgilangan.

Kasallik alomatlari bor bemorlarni qabul qilish joyida ultratovush tekshiruv apparati (UZI), rentgen apparati, EKG va laboratoriya xizmat ko‘rsatadi. Bemorlarni tashxislash va davolash uchun barcha zarur tibbiyot vositalari va nafas olishni yengillashtiruvchi apparatlar o‘rnatilgan. Yurishga qiynalgan va ahvoli og‘ir bemorlar uchun nogironlik aravachalari va tibbiyot zambillari mavjud. Markaz faoliyati uzluksizligini ta’minlash maqsadida 14 kunlik navbatchi smenada 12 soatdan ish vaqti etib belgilangan. Unda jami 150 nafar malakali tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rastadi. Shuningdek, ushbu tibbiyot muassasasining ish-faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda bemorlarni davolashda tasdiqlangan usullarni qo‘llashni o‘rgatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutining yuqori toifali mutaxassislari ushbu jarayonlarga jalb qilingan.

Tibbiyot muassasasi, xodimlar va bemorlarning xavfsizligini ta’minlash, pandemiya tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda hudud qo‘riqlovini tashkil etish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tomonidan vaqtinchalik operativ shtab tashkil etilgan bo‘lib, unda kecha-yu kunduz navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, shifokorlarning Toshkentdagi markaz bilan maslahat va tajriba almashish, bemorlarni davolashda konsiliumlar o‘tkazish maqsadida harbiy okrug tomonidan 24 soatlik onlayn videokonferensaloqa tizimi joriy etilgan. Operativ shtab ichkarida o‘rnatilgan 8 dona videokuzatuv kameralari orqali markaz ichki faoliyatni tashqaridan turib doimiy nazorat va hamkorlik qilish imkoniga ega.

Ta’kidlash joizki, Toshkent tajribasidan kelib chiqib, Nukus shahridagi 3 ta sport obyektlarida 1000 o‘rinli, Qoraqalpog‘istonning har bir tumanida 200—500 o‘rinli taqsimlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular bugungi kunda jami 5200 o‘rinni tashkil etadi.

Mavzuga doir: O‘zbekistondagi koronavirusga chalingan odamlarni davolash bo‘yicha vaqtincha tashkil etilgan shifoxonalar qator tuzilmalarga biriktirildi

Avval Surxondaryoda Termiz shahridagi “Surxon” sport hamda “Alpomish” kurash majmualari binolarida yaqin kunlarda 592 o‘rinli tashxislash, saralash, taqsimot punktlari o‘z faoliyatini boshlagan. Navoiy shahridagi “Yoshlar” sport majmuasida pandemiya davrida bemorlarga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida 400 o‘rinli tashxislash, saralash, taqsimot punkti ochilgan.

Toshkentda Uchtepa tumanida joylashgan Atlas mebel markazida koronavirusga qarshi kurash doirasida navbatdagi taqsimlash markazi tashkil etilgan.

Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz”ning 3-pavilyonida 1000 o‘rinlik maxsus markaz faoliyat yuritmoqda (mas’ul – Toshkent shahar hokimligi). Shuningdek, 1 va 2-pavilyonlarda yana 814 ta koyka tayyorlangan (mas’ul – Mudofaa vazirligi gospitali).

Bundan tashqari, Yunusoboddagi gimnastika saroyida 750 o‘rinli (mas’ul – IIV gospitali), Shayxontohur tumanidagi “Yoshlik” sport majmuasida 520 o‘rinli (mas’ul – DXX gospitali) birinchi tibbiy yordam markazlari foydalanishga topshirilgan. Sergeli tumanidagi 2-son BO‘SM 250 o‘rinli davolash maskani etib qayta jihozlangan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti yotoqxonasi va Chilonzor tumanidagi Cardio Star Plus xususiy klinikasi (50 ta o‘rin) ham koronavirusga gumon qilinganlarni vaqtincha saqlash maskanlariga aylantirilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-08-2020, 15:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 62) ( 0) ( 60) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют