» » “Orqaga bir qadam ham tashlamang!” Ikkinchi jahon urushida tub burilish yasagan Stalingrad jangi haqida

“Orqaga bir qadam ham tashlamang!” Ikkinchi jahon urushida tub burilish yasagan Stalingrad jangi haqida


Stalingrad jangi Ikkinchi jahon urushining eng yirik janglaridan biri bo‘lib, jang Moskva yoki Kursk janglari kabi urushda tub burilish yasadi. 1942-yil iyulida boshlangan ushbu jangning eng muhim pallasi shu yil avgusti bo‘ldi — o‘sha oyda sovet qo‘shinlari jangda burilish yasab, nemislar ustidan g‘alaba qozona boshladi. Jang 1943-yil fevralida sovet qo‘shinlarining to‘liq g‘alabasi bilan yakunlandi. Qaqshatqich zarbaga uchragan Gitler Germaniyasi bu jangdan so‘ng o‘ziga kelolmadi va chekina boshlab, pirovardida mag‘lub bo‘ldi.

“Daryo” ushbu jang tafsilotlari haqida hikoya qiladi.

1941—1942-yil qish oylarida Moskva yaqinidagi sovet qarshi hujumlaridan keyin frontdagi ahvol birmuncha barqarorlashdi. Yangi kampaniya rejasini ishlab chiqishda Gitler bosh shtab talab qilganidek Moskva yaqinidagi yangi hujumdan voz kechishga va asosiy kuchlarni janubga yo‘naltirishga qaror qildi. Qo‘shinga Donbass va Donda sovet qo‘shinlarini mag‘lub etib, Shimoliy Kavkazga o‘tish va Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjonning neft konlarini bosib olish vazifasi yuklatilgan edi.

Gitler neft manbasini yo‘qotib, Qizil Armiyani yoqilg‘isiz qoldirmoqchi va bu orqali uning faol kurash olib borish imkoniyatini yo‘qqa chiqarmoqchi edi. O‘z navbatida, nemis qo‘shinining markazga muvaffaqiyatli hujum qilishi uchun ham qo‘shimcha yoqilg‘i kerak edi va Gitler uni Kavkazdan olishga umid qilgandi (Direktiva № 41 ot 5 aprelya 1942 goda verxovnogo glavnokomandovaniya voorujyonnix sil Germanii na podgotovku k letney kampanii 1942 goda).

Biroq Xarkov yaqinidagi Qizil Armiya uchun muvaffaqiyatsiz kechgan hujum natijasida va qo‘shinning strategik vaziyati yaxshilanganidan so‘ng Gitler 1942-yil iyul oyida “Janubiy armiya”ni ikkiga bo‘lib, ularning har biriga mustaqil vazifa topshirdi. General-feldmarshal Vilgelm List qo‘mondonligidagi “A guruh” (1-tank, 11 va 17-armiyalar) Shimoliy Kavkazda hujumlar uyushtirishda davom etdi.

General-polkovnik Baron Maksimilian fon Veyxs boshchiligidagi “B guruh” (2, 6-armiya, keyinchalik 4-tank armiyasi, shuningdek, 2-Vengriya va 8-Italiya qo‘shinlari) esa Volga tomon yurish qilish, Stalingradni bosib olish va sovet frontining janubiy qismi va markaz o‘rtasidagi aloqa yo‘llarini uzib qo‘yib, shu bilan uni qamal qilish to‘g‘risida buyruq oldi (agar yurish muvaffaqiyatli kechsa, “B guruh” Volga bo‘ylab Astraxan tomon hujum qilishi kerak edi).

To‘g‘ridan to‘g‘ri Stalingradni olish vazifasi 4-havo floti harbiy operatsiyalarni havodan turib qo‘llab-quvvatlagan, nemis qo‘shinlari orasida (general-leytenant F.Paulyus tomonidan boshqarilgan) eng yaxshi deb topilgan 6-armiya zimmasiga yuklatildi (Lubchenkov Yu.N. 100 velikix srajeniy Vtoroy mirovoy. — M.: Veche, 2008. — ISBN 978-5-9533-3382-5).

1942-yilning 17-iyul sanasi Stalingrad jangining birinchi kuni hisoblanadi. 18—19-iyul kunlari nemislarning 62 va 64-armiyalarining bo‘linmalari oldingi chiziqlarga yetib bordi. Besh kun davomida mahalliy janglar bo‘lib o‘tdi, unda nemis qo‘shinlari to‘g‘ridan to‘g‘ri Stalingrad frontining asosiy mudofaa chizig‘igacha yetib bordi.

Shunday qilib ikki oy davom etgan shiddatli janglar boshlandi. 28-iyul kuni SSSR Mudofaa ishlari komissarining 227-sonli buyrug‘i chiqdi: “Orqaga bir qadam ham tashlamang!” U qo‘shinlarga buyruqsiz ortga chekinishni taqiqladi. Ushbu buyruqqa binoan qo‘shimcha rota va batalyonlar tashkil etila boshlandi. Shu bilan birga, Sovet qo‘mondonligi Stalingrad qo‘shinini barcha mumkin bo‘lgan vositalar bilan kuchaytirdi: bir hafta ichida 11 jangovar o‘qchi diviziyasi, to‘rt tank korpusi, sakkiz alohida tank brigadasi va qo‘shimcha tarzda 31-iyul kuni general-mayor Kolomiyts boshchiligidagi 51-armiya bu yerga yuborildi.

Stalinning buyrug‘iga binoan, shahardan faqat bolalar evakuatsiya qilindi. Ko‘plab erkaklar ko‘ngilli ravishda frontga kirdi. Qolganlari fabrikalarda ishladi. 1942-yil 23-avgust kuni shahar osmoni to‘satdan qora parda bilan qoplandi. Birinchi portlash bilan Germaniya eskadroni shaharning katta qismini vayron qildi. Odamlar uylarini tashlab, ilgari qazilgan xandaqlarda yashirinishga majbur bo‘ldi. Portlash 24—26-avgust kunlari ham davom etdi. Stalingrad deyarli vayronaga aylandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Stalingrad jangi ikki million kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Jang, taxminan, ikki yuz kun davom etdi va bir paytlar gullab-yashnagan tinch shaharni butunlay vayronaga aylantirdi. Harbiy harakatlar boshlanishidan oldin shaharda yashagan yarim million tinch aholidan urush oxiriga kelib o‘n mingga yaqin odam qoldi (Isayev A.V.Stalingrad. Za Volgoy dlya nas zemli net. — M.: Eksmo, Yauza, 2008. — 448 s. — (Voyna i mi). — 10 000 ekz. — ISBN 978-5-699-26236-6).

Keyingi kunlarda nemislarning shaharni shimoldan tortib olishga urinishlari Sovet qo‘shinlarining qat’iy qarshiliklari tufayli to‘xtatildi, ular dushmanning ishchi kuchi va texnik jihatdan ustunligiga qaramay, bir qator qarshi hujumlarni amalga oshirdi va 28-avgustda hujumni to‘xtatdi. Ertasi kuni Germaniya qo‘mondonligi janubi-g‘arbdan shaharga hujum qildi. Bu yerda hujum muvaffaqiyatli amalga oshdi: nemis qo‘shinlari mudofaa chizig‘ini kesib o‘tib, Sovet guruhining orqa tomonidan hujumga o‘tishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Muqarrar qurshovda qolishga yo‘l qo‘ymaslik uchun 2-sentabr kuni Eremenko o‘z qo‘shinlarini ichki mudofaa chizig‘iga yubordi. 12-sentabrda Stalingrad mudofaasi rasman 62 (shaharning shimoliy va markaziy qismida joylashgan) va 64-qo‘shinlarga (Stalingradning janubiy qismida) topshirildi. Endi jang to‘g‘ridan to‘g‘ri Stalingrad uchun ketayotgan edi.

87-diviziya Stalingrad jangida ishtirok etgan rus askarlarining jasorati namunasidir. 33 kishidan iborat bo‘lgan jangchilar Mali Rossoshki cho‘qqisiga chiqib, o‘z pozitsiyalarini ushlab turishda davom etdi. Ularni yengish maqsadida nemis qo‘mondoni jangga 70 ta tank va bir batalyon tashladi.

13-sentabr kuni 6-nemis armiyasi yangi zarbalar berdi — endi qo‘shinlarga shaharning markaziy qismiga o‘tish vazifasi yuklatildi. 14-kuni kechqurun nemislar temiryo‘l vokzalining xarobalarini egallab oldi va Kuporosnoye hududidagi 62 va 64-qo‘shinlar birlashmasida Volga tomon tushdi. 26-sentabrga kelib, nemis qo‘shinlari Volga orqali to‘liq bosib olingan bosib olingan ko‘prik yo‘llariga kirdi.

Jangning ikkinchi davri boshida “B guruhi”da 80 ga yaqin bo‘linmalar mavjud edi. Nemis askarlari tomonidan ikki guruh 350 tank bilan shahar markaziga kirib bordi. Stalingrad jangi o‘z ichiga olgan ushbu bosqich eng dahshatlisi edi.

27-sentabrdan 8-oktabrgacha nemis harbiylarining tezkor harakatlariga qaramay, ular atigi 400-600 metr masofani bosib o‘tdi. Paulyus ushbu sektorga qo‘shimcha kuchlarni jalb qilib, asosiy yo‘nalishdagi qo‘shinlari sonini 90 ming kishiga ko‘paytirdi, qo‘shin 2-3 mingtagacha qurol va minomyot, 300 ga yaqin tank va mingga yaqin samolyot bilan quvvatlandi (Zaytsev L.I., Runov V. A. Goryachiy sneg Stalingrada. — Moskva: Yauza, Eksmo, 2013. — S. 5. — 68 s. — (Stalingrad. K 70-letiyu perelomnogo srajeniya Vtoroy Mirovoy). — ISBN 978-5-699-65637-0.).

14-oktabr kuni ertalab nemis qo‘shinlari hal qiluvchi hujumni boshladi. Oltinchi Germaniya armiyasi Volga yaqinidagi sovet ko‘priklariga qarshi hal qiluvchi hujumni boshladi. 15-oktabr kuni nemislar traktor zavodini qo‘lga olib, Volga tomon o‘tib, zavodning shimolida jang qilayotgan 62-armiyani guruhlarga bo‘lib tashladi. Biroq sovet jangchilari qarshilik ko‘rsatishda davom etdi.

Paulyus tomonidan Volganing o‘ng qirg‘og‘idagi qismlarni egallab olish uchun so‘nggi hal qiluvchi urinish 11-noyabr kuni amalga oshirildi. Nemislar Barrikadalar zavodining janubiy qismini egallab olishga va Volga qirg‘og‘ining 500 metrlik qismini egallashga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng nemis qo‘shinlari butunlay holdan toydi va janglar pozitsion bosqichga o‘tdi.

19-noyabr kuni kuchli artilleriya to‘siqlaridan so‘ng janubi-g‘arbiy va Don frontlari qo‘shinlari, 20-noyabrda esa Stalingrad fronti qo‘shinlari hujumga o‘tdi. 23-noyabr kuni ertalab Stalingrad fronti qo‘shinlari Kalach-Donni egallab oldi, xuddi shu kuni janubi-g‘arbiy frontning 4-tank korpusining qismlari va Stalingrad frontining 4-mexanizatsiyalashgan korpusi “Sovetskiy” fermasi hududida uchrashdi. General F.Paulyus qo‘mondonligi ostidagi yettita korpus, 22 diviziya va 284 ming kishidan iborat nemis qo‘shinlari qurshovga olindi.

24-noyabr kuni Sovet shtab-kvartirasi janubi-g‘arbiy, Don va Stalingrad harbiy qismlariga nemislarning Stalingrad guruhini yo‘q qilishni buyurdi. Xuddi shu kuni Paulyus Gitlerga Stalingraddan janubi-sharqiy tomonga qarab yurishni taklif qilish bilan murojaat qildi. Ammo Gitler oldinga harakatlanishni qat’iyan taqiqlab, qurshab olingan guruhning qo‘yib yuborilishini kutib, mudofaani davom ettirishni buyurdi. Sovet qo‘shinlarining qamal qilingan guruhlarni tezda yo‘q qilishga urinishlari muvaffaqiyatsiz tugadi, shu sababli harbiy harakatlar to‘xtatildi va Bosh shtab “Ring” deb nomlangan yangi operatsiyani ishlab chiqdi.

Operatsiyani amalga oshirish Don fronti qo‘shinlariga topshirildi. 1943-yil 8-yanvarda 6-armiya qo‘mondoni general Paulyusga ultimatum berildi: agar nemis qo‘shinlari 9-yanvar soat 10:00 ga qadar qurolsizlanmagan bo‘lsa, u holda qurshovda bo‘lganlarning hammasi yo‘q qilinadi. Paulyus ultimatumga e’tibor bermadi. 10-yanvar kuni Don frontidagi kuchli artilleriya to‘siqlaridan so‘ng u hujumga o‘tdi, asosiy zarba 65-armiya tomonidan berildi. Nemislar zaif mudofaada turdi. Rejalar o‘zgargani munosabati bilan 17-yanvar kuni sovetlarning hujumi to‘xtatildi va 22-yanvar kuni mavjud kuchlarni qayta yig‘ish va yangidan qo‘shin tashlashga tayyorgarlik boshlandi.

26-yanvar kuni Mamayev qo‘rg‘oni hududida 62 va 65-armiya qo‘shinlari bir-birlariga qarab harakat qildi. Nemislarning Stalingrad guruhlari ikki qismga bo‘lingan, ular operatsiya rejasiga muvofiq qismlarga bo‘lib yo‘q qilinishi kerak edi. 31-yanvarda janubiy guruh va Paulyus taslim bo‘ldi. 2-fevralda general Shtreker boshchiligidagi shimoliy guruh qurolsizlantirildi. Shu bilan Stalingrad jangi yakunlandi. 24 general, 2500 ofitser, 91 mingdan ortiq askar asirga olindi, yetti mingdan ortiq qurol va minomyot, 744 samolyot, 166 tank, 261 zirhli transport vositasi, 80 mingdan ortiq transport vositalari va boshqalar qo‘lga kiritildi.

Ikkinchi jahon urushi tarixida Stalingrad jangining ahamiyati juda katta. Bunday katta yo‘qotishlarni boshdan kechirgan fashistlar urushdagi ustunliklarini yo‘qotdi. Bundan tashqari, Qizil Armiyaning muvaffaqiyati Gitlerga qarshi kurashayotgan boshqa davlatlar armiyalarini ilhomlantirdi.

Gitlerning o‘zi Stalingrad jangining ahamiyatini va unda nemis armiyasining mag‘lubiyatini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1943-yil 1-fevralda Sharqqa qilingan hujum endi hech qanday ma’noga ega emas edi. Hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalari, tomonlar tomonidan harbiy harakatlarning fazo va vaqt darajalari, shuningdek, natijalarni hisobga olgan holda, Stalingrad jangi ikki davrni o‘z ichiga oladi: mudofaa — 1942-yil 17-iyuldan 18-noyabrgacha; hujum — 1942-yil 19-noyabrdan 1943-yil 2-fevralgacha.

Stalingrad uchun kurashda 700 mingga yaqin nemis harbiyi qurbon bo‘ldi va yaralandi, nemislar ikki mingdan ortiq qurol va minomyotlaridan, mingdan ortiq tank va hujum qurollaridan, 1,4 mingdan ortiq jangovar va transport samolyotlaridan judo bo‘ldi. Shu bilan birga, sovet qo‘shinlari ham katta yo‘qotishlarga duch keldi — 644 ming kishi halok bo‘ldi va yaralandi, 1400 ga yaqin tank, 12 mingdan ortiq qurol va minomyotlar va ikki mingdan ortiq samolyotlar yo‘qotildi (“Rossiya i SSSR v voynax 20 veka. Poteri voorujennix sil. Statisticheskoye issledovanie”, G.F. Krivosheyev).

Stalingrad uchun janglarga Ikkinchi jahon urushining tub burilish nuqtasi sifatida qaraladi. Sababi bu jangdan keyin nemislar birorta yangi hududni egallay olmadi. Endi nemislar uchun urush mudofaaviy urushga aylandi.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-08-2020, 17:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 90) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют