» » Messi “Barselona”ni sudrashdan charchadi va ketmoqchi. Bu safar hammasi juda jiddiy ekanligi haqida

Messi “Barselona”ni sudrashdan charchadi va ketmoqchi. Bu safar hammasi juda jiddiy ekanligi haqida


Luis Suares ortidan Lionel Messi ham “Barselona”ni tark etishi kutilmoqda. Urugvaylik futbolchidan klub voz kechgan bo‘lsa, argentinalik daho klubdan voz kechdi. Ispaniyaning eng og‘ir “vaznli” nashrlaridan sanalmish Marca’ning yozishicha, futbolchi kelayotgan dam olish kunlari jamoa mashg‘ulotlarida qatnashmaydi va koronavirus uchun test topshirishdan bosh tortadi. Quyida Lionel Messining holati bilan bog‘liq eng so‘nggi (ishonchli) ma’lumotlar havola etiladi.

Matbuot “Bavariya”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng

Argentinalik futbolchining faoliyatidagi eng yirik mag‘lubiyatdan so‘ng ispan matbuoti 33 yoshli futbolchining “Barselona”dan ketishni istayotgani haqida bong ura boshladi. Messining ketishiga asosiy sabab deya klubda tayinli sport loyihasining yo‘qligi ko‘rsatilmoqda. Bu haqida birinchi bo‘lib, 2017-yilning yozida Neymarning PSJga o‘tishi haqida yozgan Marselo Bexler e’lon qildi.

Ertasi kuniga esa Marca Messining “Barselona” bilan yangi shartnoma (amaldagisi kelasi yil yozda o‘z nihoyasiga yetadi) imzolamoqchi emasligi haqidagi xabarni e’lon qildi.

Ronald Kuman bosh murabbiy etib tayinlangach, niderlandiyalik mutaxassis Messi tomon xushomadlarni yog‘dirishni boshladi. Xususan, u Messi bilan ishlash har qanday murabbiyga zavq bag‘ishlashini aytdi:

Messini klubda qolishga ko‘ndirishimga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi bilmayman. U dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi va siz har doim jamoangizda eng yaxshi futbolchi bo‘lishni xohlaysiz. Bu yerda boshqa izoh yo‘q.

Shaxsan men Messi bilan ishlashni xohlagan bo‘lardim, u bila birga ishlash har qanday murabbiyga zavq bag‘ishlaydi. U jamoaning g‘alabalarida muhim o‘rin tutadi. Agar u qolishni istasa, men juda xursand bo‘laman.

Uning klub bilan shartnomasi bor, lekin albatta, u bilan gaplashib olishimiz kerak. Biz barcha o‘yinchilar bilan suhbatlashmoqchimiz. Umid qilamanki, Messi yana uzoq yillar klubda qoladi.

Messini klubda qolishga ko‘ndirishning imkoni bo‘lmadi. RAC1 nashrining xabar berishicha, Messi Kumanga klubdan ketish niyatida ekanini aytgan. Mundo Deportivo gazetasi esa “Barselona” Messini faqat 700 million dollargagina sotishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, aynan shu summa argentinalikning shartnomasida tovon puli sifatida ko‘rsatilgan. Bartomeu esa Lionelning sotilishiga qat’iy qarshilik bildirmoqda. Klubdagilar esa hamon Messining klubni tark etmasligiga ishonmoqda. Bundan tashqari, u bilan ko‘plab reklama shartnomalari imzolangan, ular yo‘qotilgan taqdirda esa “ko‘k-anorranglilar” yaxshigina zarar ko‘radi.

Messi borishi mumkin bo‘lgan klublar

Ayni damda futbolchiga Yevropaning bir nechta grand klublari qiziqish bildirmoqda. Bular: “Manchester Siti”, PSJ va “Inter”.

Barselonada chop etiladigan Mundo Deportivo gazetasi, hatto PSJ va “Inter” vakillari Messining otasi bilan bog‘lanib, voqealar rivoji bilan qiziqqani xaqida xabar tarqatdi. Parijliklar allaqachon Leo bilan qanday shartnoma imzolash mumkinligini va shu bilan birga UEFA sanksiyalarini ham chetlab o‘tishni rejalashtirib qo‘ygan.

PSJ bosh murabbiyi Tomas Tuxel esa Messi borasidagi mish-mishlarga quyidagicha izoh berdi:

Uni PSJ safida ko‘rishdan juda xursand bo‘lardik. Qaysi murabbiy Messi bilan ishlashni rad etadi? Ammo u faoliyatini “Barselona”da yakunlaydi deb o‘ylayman. Chunki, u janob “Barselona”.

Milan klubi tomonidan bildirilgan qiziqishlar haqida gap ketar ekan, unda “Inter” sobiq xo‘jayini Massimo Morattining so‘zlarini keltirish joiz:

Shuni aytishim kerakki, “Inter” Messini sotib olishga urinib ko‘rgan. Va o‘ylashimcha, ular bunga yana urinib ko‘radi. Shubhasiz, bu moliyaviy jihatdan odatiy transfer bo‘lmaydi. Ammo bu yerda eng katta to‘siq — Messini Milanga kelishga ko‘ndirish. U haqiqatan ham “Barsa”dan ketishni xohlayotganini aniq bilish lozim. Men bunga amin emasman.

Afsonaviy futbolchi uchun yana bir (asosiy) da’vogar bu — Pep Gvardiola boshqaruvidagi “Manchester Siti” bo‘lib turibdi. Ta’kidlanishicha, hatto Gvardiola va Messi bu borada muzokara ham o‘tkazishga ulgurgan.

Voqealar rivojining uch varianti

Hozirga qadar ispan matbuoti Lionel Messining kelajagi haqidagi mish-mishlarni tarqatishdan tolmayapti va hali beri bu masala yopilmaydigan ko‘rinadi. Shunday ekan hozircha voqealar rivojining uchta ehtimoliy ssenariysi taqdim etiladi:

I.

Messi “Barselona” bilan shartnomani yakunlaydi va o‘zi uchun yangi klub izlay boshlaydi. Ushbu ssenariy boshqalariga nisbatan eng qiyini bo‘ladi. Boisi klub rahbariyati futbolchining bu tarzda ketishiga qarshi bo‘ladi va albatta, uni sudga beradi (biroq ikki tomon ham buni xohlamaydi). Bartomeu Neymarni ortga qaytara olmagach, Messinig rahbariyat bo‘lgan to‘laligicha yo‘qolib bo‘lgan.

II.

Messi bir yildan so‘ng (shartnomasi tugagach) klubni tark etadi. Agar u joriy yozda amaldagi shartnomasini uzaytirmasa, unda qishdayoq boshqa jamoalar bilan muzokara olib borishi mumkin bo‘ladi.

III.

Tomonlar murosaga keladi: Messi “Barselona” bilan shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘ladi, biroq u qisqa muddatli bo‘ladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-08-2020, 17:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 49) ( 0) ( 47) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют