Navoiyda Hyundai Porter’ni noqonuniy ravishda imtiyoz bilan olib kirishga urinish fosh etildi
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari “Tinchlik” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avtomashinani noqonuniy tarzda olib kirish holati o‘z vaqtida fosh etildi, deb xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, fuqaro G‘.Z. nomiga Koreya davlatidan olib kelingan Hyundai Porter II rusumli avtotransport vositasi maxsus sovitish tizimi bilan jihozlanganligi hujjatlarda ko‘rsatilib, tegishli tartibda imtiyoz olish uchun bojxona organlariga taqdim etilgan.
Ta’kidlanishicha, avtomashina bojxona ko‘rigidan o‘tkazilar ekan, u maxsus sovitish tizimi bilan jihozlanmaganligi, barchasini tadbirkor o‘zi qo‘lbola usulda tayyorlab, to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tishga uringanligi aniqlangan.
Hozirda qiymati 155 million so‘mlik avtomashina vaqtincha saqlovga olinib, yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Mavzuga doir:
Manba: Daryo.uz
Добавить комментарий!
