» » Malida isyonchilar hibsga olingan prezident Keytani ozod qildi

Malida isyonchilar hibsga olingan prezident Keytani ozod qildi


18-avgust kuni harbiy davlat to‘ntarishi vaqtida isyonchilar tomonidan qo‘lga olingan Mali prezidenti Ibrohim Bubakar Keyta 27-avgustda ozod qilindi. Bu haqda Le Figaro nashri isyon ko‘targan harbiylar vakilining ma’lumotiga tayanib xabar qilgan.

“U bugun tongda ozod qilindi va o‘z uyiga qaytdi”, – deya isyon ko‘targan harbiy Jibriya Maygi so‘zlarini keltirgan gazeta.

Malida 18-avgust kuni harbiylar tomonidan isyon ko‘tarilgandi. Qo‘zg‘olon poytaxt Bamako yaqinidagi Kati shahrida joylashgan katta harbiy bazada boshlangan. Isyonchilar prezident Keyta hamda bosh vazir Bubu Sisseni hibsga olgan. Ushbu voqeadan keyin Keytaning o‘zi ham iste’foga chiqishi haqida bayonot bergan.

Hukumatni qo‘lga olgan harbiylar “Xalqni qutqarish milliy kengashi” tuzilganini e’lon qildi.

Yevroittifoq davlat to‘ntarishini qoralagan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Keyta hamda Sisseni garovdan ozod etishni talab qilgan. Fransiya Emmanuel Makron ham ushbu harakatlarni tanqid qilgan.

Malidagi faol norozilik namoyishlari 2020-yil mart oyida boshlangan. Muxolifat kuchlari Konstitutsion sudning parlament saylovlarining natijalarini bekor qilgani va Keytaning partiyasi parlamentdagi ko‘pchilik o‘rnini saqlab qolganidan norozi bo‘lgan.

Keyinchalik vaziyat ommaviy namoyishlarga aylanib ketdi. Norozilik bildirayotganlar qashshoqlik, korrupsiya va ekstremistik guruhlarning faollashib ketganiga qarshi chiqmoqda. Noroziliklar oqibatida aholi hamda politsiya kuchlari bilan to‘qnashuv kuzatilgan.

Prezident Ibrohim Bubakar Keyta 2013-yildan beri (2018-yilda ikkinchi marta prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan) davlat rahbari sifatida ishlab kelmoqda va uni Fransiya hukumati qo‘llab-quvvatlaydi. Keytaning hukmronlik davrida fransiyalik harbiylar “Serval” antiterrorchilik operatsiyasini o‘tkazdi, 2014-yilda ushbu harakat nomi “Barhan” nomiga o‘zgargan. Fransiya sobiq koloniyasi bo‘lgan Malida fransiyalik harbiylardan tashqari, millati fransuz bo‘lgan aholi vakillari ham istiqomat qiladi, fransiyalik mutaxassislar ishlaydi.

Keytaning prezidentlik davrida korrupsion mojarolar kuzatilgan va millatlararo janjallar sodir bo‘lgan. 2019-yil martida mamlakatda tinch aholini ommaviy ravishda qirish kabi salbiy holatlar uchragan. Korrupsiya tufayli armiyaning moddiy ta’minoti yomonlashgan hamda ularning maoshi kechikib to‘langan. Parij tomonidan Mali hukumatini ochiqdan ochiq qo‘llab-quvvatlash mamlakat aholisida fransuzlarga qarshi kayfiyatni shakllantirgan.

Isyon ko‘targan harbiylar o‘tish davri uchun yangi prezident saylashni taklif qilmoqda.

“O‘tish davri uchun harbiylar yoki fuqarolar orasidan vaqtincha prezident saylanadi va kengash ta’sis qilinadi. Biz fuqarolik jamiyati, muxolif partiyalar va siyosiy ko‘pchilik bilan ushbu qiyinchiliklar davri ortda qolishini istaydigan hamma bilan muloqotda bo‘lib turibmiz”, — deya France 24 kanaliga intervyu bergan isyonchilar vakili, polkovnik Ismoil Vage.

G‘arbiy Afrika mamlakatlar iqtisodiy ittifoqi (ECOWAS) Maliga oliy toifadagi vakillar delegatsiyasini yuborgan va ular konstitutsion tartibning qaytarilishi hamda bu borada kerakli choralar ko‘rilishini ta’minlaydi. ECOWAS ham Keytaning ozod qilinishini so‘ragan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-08-2020, 07:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 73) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют