» » Bosh prokuratura ushlangan so‘xlik bloger haqida ma’lumot berdi

Bosh prokuratura ushlangan so‘xlik bloger haqida ma’lumot berdi


Fuqaro Haydarjon Bobohaydarov (bloger Dadaxon Haydarov) may oyida Farg‘ona viloyati So‘x tumanida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar va boshqa holatlar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura 30-avgustdagi bayonotida ma’lum qildi.

Avval Farg‘ona viloyat prokuraturasi 1-iyun kuni Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 214-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha jinoiy ish ochgani, ish bo‘yicha gumon qilinuvchilar qo‘lga olingani haqida faqat avgust oyiga kelibgina ma’lum bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Xabar berishlaricha, olti kishiga ayblov e’lon qilingan bo‘lib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

29-avgust kuni “Gazeta.uz” nashri so‘xlik bloger Dadaxon Haydarov (Haydarjon Bobohaydarov) 10 sutkaga qamoqqa olingani haqida yozgan edi. Blogerning otasi Sherali Eraliyevning aytishicha, u 22-avgustdan buyon o‘g‘lining qayerda ekanini bilmaydi; Dadaxon so‘nggi bor aloqaga chiqqanida, uning boshiga qop kiygizib, vertolyotda Farg‘onaga olib ketishgani haqida aytgan.

Mavzuga doir: “Boshiga qop kiygizib, vertolyotda olib ketishdi” — so‘xlik blogerning otasi

Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra, bloger Jinoyat-protsessual kodeksining 226-moddasi (ushlab turish muddati) tartibida ushlangan. “Tergov davomida Haydarjon Bobohaydarovga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilgan va himoya huquqi (advokat) ta’minlangan”, — deya ta’kidlaydi Bosh prokuratura (avvalroq uning otasi davlat advokati Shoira Abdurazzoqova bilan 2 million so‘mga shartnoma tuzilgani haqida aytgan edi).

Bosh prokuraturaning qo‘shimcha qilishicha, “ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”.

Jinoyat-protsessual kodeksining 226-moddasiga ko‘ra, ushlab turish muddati ushlangan ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan e’tiboran ko‘pi bilan 48 soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda 48 soatga uzaytirilishi mumkin.

Ushlab turish muddati tugagunga qadar va asoslar mavjud bo‘lganda shaxs ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi, unga ayb e’lon qilinishi, Jinoyat-protsessual kodeksining 109 — 112-moddalaridagi qoidalar bo‘yicha so‘roq qilinishi va 236—240-moddalari qoidalariga amal qilgan holda ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinishi zarur. Alohida hollarda, ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki garov tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilishi mumkin.

Bunda gumon qilinuvchiga u ushlangan kundan e’tiboran 10 kun ichida ayblov e’lon qilinishi kerak. Aks holda ehtiyot chorasi bekor qilinadi va shaxs qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etiladi, garov esa garovga qo‘yuvchiga qaytariladi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin va ushlab turishning butun muddati mobaynida ishni yuritish o‘ziga taalluqli bo‘lgan surishtiruvchi va tergovchi jinoyatni sodir etish holatlarini aniqlash, ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish uchun o‘z vakolatlari doirasida tergov harakatlari o‘tkazishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-08-2020, 20:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 84) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют