» » Braziliya iqtisodiy mo‘jizasiga sabab bo‘lgan inqilob tarixi

Braziliya iqtisodiy mo‘jizasiga sabab bo‘lgan inqilob tarixi


Lotin Amerikasi mamlakatlari harbiylar ishtirokida davlat to‘ntarishlari nihoyatda ko‘p qayd etilgan mintaqa sanaladi. Qora ko‘zoynakli generallarning davlat boshqaruvi tizginlarini o‘z qo‘liga olgan holatlar Janubiy Amerika qit’asining deyarli har bir mamlakatiga xos. Generallar diktaturasi ommaviy qatag‘onlar, siyosiy raqiblarning jismonan yo‘q qilinishi, iqtisodiy ojizlik va aholining boshqa mamlakatlarga bosh olib chiqib ketishiga sabab bo‘lgan. “Daryo” ana shunday mamlakatlardan biri Braziliyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi manzarasi haqida hikoya qiladi.

Lotin Amerikasi mamlakatlari  ikki asrlik mustaqillik davrida buyuk kaudilolarning o‘z xalqini va mamlakatini yorqin kelajakka eltishlari borasida sanoqsiz va’dalarni eshitib kelgan bo‘lsa-da, mintaqa aholisi doim qashshoqlik, jinoyatchilik, ommaviy migratsiya, inflyatsiya kabi muammolar bilan hamnafas bo‘lib kelgan.

Aynan shu sabab ham Lotin Amerikasi mamlakatlarida turg‘unlik, kuchli mamlakatlarning ta’siriga tushib qolish, mahalliy oligarxlarning zulmini his qilish kabi tazyiqlarga uchragan. Hokimiyat esa faqat shaxsiy manfaatlarini o‘ylagan, hokimiyatga ruju qo‘ygan harbiylarning shaxsiy dala hovlisiga aylanib qolgan. Braziliya xalqining tarixi ham shunday ayanchli tarixdan benasib emas.

8-may sanasida Yevropa birlashgan ittifoqchi kuchlari va Sovet Ittifoqi Berlin yaqinidagi Karlsxorstda Germaniyaning oliy harbiy qo‘mondonli Vermaxt ishtirokida Ikkinchi jahon urushida Gitler Germaniyasining batamom taslim bo‘lgani haqidagi tarixiy hujjatni imzolaydi. Ayni shu paytda Braziliyada iqtisodiy liberal siyosat dasturi e’lon qilindi. Prezident Jetulio Dornelis Vargas o‘z maqomidan voz kechdi va mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazilishini e’lon qildi.

Mamlakatda demokratik siyosat dasturi e’lon qilindi va urush davrida to‘plangan zaxira mavjud savdo-sotiqdagi cheklovlarning olib tashlanishi natijasida mamlakat farovonligi uchun sarflana boshlaydi. Biroq mamlakat iqtisodiyotida hamon bir qator cheklovlar ustuvorlik qilardi. Inflyatsiyaning yuqori darajasi, mamlakatning import mahsulotlarga qaramligi, eksportning zaifligi mamlakatda og‘ir iqtisodiy bo‘xronlarning bosh sababchilaridan biri edi.

Yangi saylovlarda aksar braziliyaliklar o‘z ovozlarini Ikkinchi jahon urushi davrida Vargasning mudofaa vaziri sifatida ishlagan Euriko Gaspar Dutrega beradi. 1946-yilda Braziliyaning yangi konsititutsiyasi qabul qilindi va mazkur konstitutsiya 1967-yilgacha amal qildi. 1951-yilga kelib Dutrening prezidentlik vakolati o‘z nihoyasiga yetib borar, surgunda bo‘lgan Vargas yana Braziliya prezidentligi saylovlarida ishtirok etish istagini bildirdi va saylovlarda g‘olib chiqdi.

Biroq 1954-yilga borib Vargas Braziliyada yuzaga kelgan siyosiy inqiroz to‘fonida qolib ketdi. Gap shundaki, prezidentning ukasi Benjamin Vargas muxolifatchi partiya yetakchisi Karlos Laserdoning hayotiga suiqasd qilish mojarosiga aralashib qoldi. Vaziyat Laserda tarafida bo‘lishi kerak edi, ammo kutilmaganda Vargas vafot etdi va vafot etgan prezidentning tarafdorlari Riod de Janeyro ko‘chalarida muxolifatga qarshi bosh ko‘tardi. Laserda AQShga qochishga majbur bo‘ldi.

1955-yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida Juselinu Kubichek de Oliveyro prezident etib saylandi. U qisqa fursatda Braziliyada amaliy islohotlar amalga oshirilishini va’da qildi. Biroq bu islohotlar Kubichekning biroz populist ekanidan dalolat edi. Sababi u besh yil mobaynida Braziliya iqtisodiyoti 50 yilda erishadigan natijalarga erishishini va’da qilgandi. Shunday bo‘lsa-da, Kubichekning prezidentligi davrida iqtisodiyot, ta’lim, infratuzilmalarda bir qator islohotlar o‘tkaziladi. Mamlakatning poytaxti Rio-de-Janeyrodan Braziliyaga ko‘chiriladi. Kubichek prezidentligi davrida Braziliya iqtisodiyotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar qayd etiladi.

Kubichekdan so‘ng mamlakat prezidentligiga qisqa muddatga Janio Kuadros keldi va iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnini esa Juan Gulart egallaydi. Aynan Gulartning prezidentligi davrida Braziliyada harbiylar mavqeyining oshishi va 1964-yildagi harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi.

Juan Gular prezidentligi davrida prezidentlik instituti vakolatlari qisqartirildi va mamlakatda parlamentar respublika tizimi e’lon qilindi. Mamlakat iqtisodiyoti esa hamon o‘ta murakkab, ustiga-ustak mamlakatda inflyatsiya darajasi yuqori, aholining katta qismi qashshoqlikda kun kechirar, so‘llar va o‘nglarning hokimiyat uchun murosasiz jangi avj olgan davrlar edi.

Aynan shu vaziyatda harbiylar vaziyatni o‘nglash uchun hokimiyat tizginini o‘z qo‘llariga olishga ahd qiladi. Shu tariqa Braziliya tarixida 20 yildan oshiq vaqt davomida mamlakat tepasida harbiylar birin-ketin almasha boshlaydi. Harbiylar diktaturasi paytida prezidentlik lavozimi mavjud bo‘lsa-da, u nomigagina ish olib borardi.

Mamlakatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy hayotida harbiylarning mavqeyi ustunlik qilardi. Hokimiyat tepasiga kelgan harbiylar mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirishni o‘zlarining asosiy vazifasi sifatida belgilaydi. Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi oqibatida hukumat o‘z vakolatlarini kengaytirib oldi. Mamlakatda ommaviy namoyishlar o‘tkazish taqiqlanadi, ommaviy axborot vositalarida senzura joriy qilindi.

Yana bir jihatni alohida ta’kidlash joiz, Braziliyadagi harbiylarning hokimiyati qo‘shni Argentina, Chili kabi mamlakatlardagidan ko‘ra ancha insonparvarroq va millatparvarroq edi. Braziliya harbiylari mamlakatning iqtisodiy bo‘xrondan chiqib ketishiga xizmat qiladi. Kongress tarqatilgan, siyosiy maydon dushmanlardan tozalangan bo‘lsa-da, harbiylar mamlakat iqtisodiyotini ijobiy tarafga o‘zgartirish uchun iqtidorli mutaxassislarni jalb qiladi. Ular orasida Roberto Kampus, Delfima Nyeto, Oktavio de Bulyesalar bor edi.

1965—1966-yillardan Braziliya iqtisodiyotida faol o‘sish kuzatildi. 1976-yilgacha mamlakat iqtisodiyoti yiliga 8-10 foizlik sur’atlarda o‘sib bordi. Keyinchalik mazkur o‘sish sur’atlari ancha pasaygan bo‘lsa-da, jahon hamjamiyati Braziliyaning harbiylar davridagi iqtisodiy ko‘rsatkichlarini “Braziliya mo‘jizasi” deb e’tirof etadi.

Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari yaxshilangan bo‘lsa-da, bu oddiy braziliyaliklarning hayoti yaxshilandi deb xulosa qilmaslik kerak. Sababi, mamlakatda ijtimoiy tengsizlik ham avj olib borar, 50 mingga yaqin braziliyaliklar turmalarga tashlangan edi. Har qanday norozilik namoyishi shafqatsizlik bilan bostirilardi. 10 minglab aholi esa mamlakatni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ladi.

Harbiy to‘ntarishdan so‘ng Braziliyaning asosiy iqtisodiy hamkorlari Fransiya, Germaniya Federativ Respublikasi, Buyuk Britaniya va AQSh bo‘lib qoladi. Ajablanarlisi shundaki, harbiylar mamlakatning iqtisodiy o‘sishini yaxshilagan bo‘lsa-da, o‘z iqtisodiy hamkorlaridan harbiy texnikani sotib olishda og‘ir harbiy texnikalarning ishlatilganlarini xarid qilardi, ammo aviatsiya va dengiz floti haqida gap ketganda, zamonaviy eng yangi harbiy transport vositalarini sotib olardi. Misol uchun, F-5 rusumli qiruvchi uchoqlarni sotib olish uchun harbiylar 111 million dollar mablag‘ sarflaydi. Ammo sekin-asta Braziliya iqtisodiyoti harbiylar davridan avvalgi holatga qayta boshlaydi.

1969-yilnng 31-avgust sanasida 64 yilgi harbiy to‘ntarishning tashkilotchisi bo‘lgan sobiq harbiy vazir Artur da Kosta-i-Silva insult kasalligini boshidan kechirdi. Prezident o‘z yotog‘ida avval bir-ikki so‘z aytmoqchi bo‘ladi, ammo gapira olmaydi, so‘ng qo‘liga ruchka olib, fikrlarini yozishga urinadi, biroq buning uddasidan ham chiqa olmaydi. Mamlakatda Artur da Kosta-i-Silvaning yurak xurujini boshidan kechirgani haqidagi ma’lumot tarqalib ketadi. Muomalaga layoqatsiz bo‘lib qolgan prezident o‘rnini esa darhol harbiylar egallashga jazm qiladi.

Bu paytda Braziliyada diktatura eng avjiga chiqqan. Harbiylar hamon o‘z hokimiyatlarini boshqalar bilan bo‘lishishni istamaydigan vaziyat. Agarda Kostaga biror narsa bo‘lsa, uning o‘rnini vitse-prezident Pedro Aleysho egallashi kerak edi. Ammo harbiylar uning hokimiyatni o‘z qo‘liga olishiga yo‘l bermaydi. Natijada, hokimiyat tepasiga Milliy ta’sis kengashining direktori Ulis Gimaraynsh ta’biri bilan aytganda uch qo‘g‘irchoq general — Aurilio de Lira Tavares, Augusto Xamanna Gryunevalda va Marsio de Souza e Mellolardan iborat harbiy xunta keladi. Harbiy xuntada kim yetakchi ekanini bilib bo‘lmas, ular muhim qarorni qabul qilayotganda uchovlari ham ishtirok etar va hujjatga imzo qo‘yishda esa harbiy bo‘linmalarning qaysi biri dastlab tashkil topganiga qarab generallar birin-ketin imzo qo‘yardi.

Xunta hokimiyat tepasiga kelgan ayni damda AQShning Braziliyadagi elchisi Charlz Berk Elbrik ham o‘g‘irlab ketiladi. AQSh bosimi ostida harbiy xunta elchining ozod qilinishi evaziga 15 nafar siyosiy mahkumga ozodlik berishga va ularning mamlakatdan chiqarib yuborilishiga rozilik beradi. Elchi esa sog‘-omon o‘z oilasi bag‘riga qaytadi.

Harbiylarning Braziliyada hokimiyatga intilishini so‘llarning, kommunistlarning hukumatda bosh bo‘lishidan xavfsirash, boylikka intilish, mamlakatni qudratli qilishga harakat sifatida tushunish mumkin bo‘lsa-da, ularning ommaviy qatag‘onlarga yo‘l qo‘ygani, so‘z erkinligini, ommaviy namoyishlarni taqiqlaganini oqlab bo‘lmaydi. Ularning ommaviy qirg‘in, genosid, ochiq talonchilik yo‘lini tutganligi esa bu jinoyat. Harbiylar millatni himoya qilishi kerak, faqat jang maydonlaridagina ular o‘z ishlarini qoyilmaqom qilib bajaradi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (31-08-2020, 21:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 95) ( 0) ( 95) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют