» » Fransiya-Germaniya ixtilofining ildizi va ikki jahon urushining “onasi”. Sedan qal’asidagi jangga 150 yil bo‘ldi

Fransiya-Germaniya ixtilofining ildizi va ikki jahon urushining “onasi”. Sedan qal’asidagi jangga 150 yil bo‘ldi


1870-yili Fransiya imperatori Napoleon III tushib borayotgan obro‘si hamda Fransiyaning oldingi qudratini tiklash maqsadida Prussiyaga urush e’lon qildi. Ushbu urush tarixga Fransiya-Prussiya urushi nomi bilan kirdi. Shu yili 1-sentabr kuni urush taqdirini amalda hal qilgan Sedan qal’asi jangi bo‘lib o‘tdi. Bu jang tarixchilikda Fransiya va Germaniyaning bugunga qadar davom etayotgan ixtilofining asosiy sabablaridan biri, shuningdek, keyinchalik ro‘y bergan ikki jahon urushining ildizi sifatida baholanadi.

“Daryo” sana munosabati bilan ushbu jang tarixi va tafsilotlari haqida hikoya qiladi.

Fransiya hamda Prussiya o‘rtasidagi urush 1870-yil 19-iyuldan 1871-yil 28-yanvarga qadar davom etdi. Urushni dastlab Fransiya boshladi. Bu paytda Fransiya ikkinchi imperiya boshqaruvi ostida edi. Imperator esa Napoleon I Bonapartning jiyani Napoleon III edi. Bu paytga kelib Germaniya bir nechta mayda davlatlarga bo‘linib ketgan edi. Ular ichida eng yirigi Prussiya qirolligi bo‘lib, uning bosh vaziri mashhur siyosatchi Otto fon Bismark edi.

Urush Yevropada o‘z mavqeyini yo‘qotayotgan va yakkalanib qolgan Fransiyaga bir paytlardagi qudratini tiklash va o‘z hududlarini Germaniya hisobiga kengaytirish imkonini berar edi. Urushning yana bir sababi esa bo‘shab qolgan Ispaniya taxti uchun ko‘rsatilgan nomzod edi. Fransiya Prussiya tomonidan taklif etilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlamadi va bundan o‘ziga nisbatan xavf bor deb hisobladi.

1870-yil 19-iyul kuni Fransiya harbiy qudrati zaif bo‘lishiga qaramay, o‘zidan son va sifat jihatdan kuchli Prussiyaga urush e’lon qildi. Fransuz qo‘shini yaxshi tayyorgarlikka ega emas, son jihatdan kamchilik edi. Urushga Fransiya 300 ming sonli armiya bilan kirgan bo‘lsa, Prussiya qo‘shinlari 500 mingni tashkil qilardi. Bundan tashqari, fransuz armiyasida aniq harbiy strategiyaning o‘zi yo‘q edi. Nemis armiyasi esa 1864–1866-yillarda Daniya va Avstriyaga qarshi g‘alabali yurishlardan qaytgan va katta tajribaga ega bo‘lib, harbiy texnikalar borasida ham ancha ustun edi.

Nemislardan bir nechta jabhalarda mag‘lubiyatga uchragan fransuz armiyasi avgust oyining oxiriga kelib Metz va Sedan qal’alariga chekinishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa 1-sentabr kuni nemislar Sedan qal’asini qamal qilishni boshladi.

Sedanda fransuzlarning 120 ming kishilik armiyasi bor edi (Pierre Congar, Jean Lecaillon et Jacques Rousseau, Sedan et le pays sedanais, vingt si?cles d’histoire, ?ditions F.E.R.N., 1969, 577 p., p. 502-503). Qo‘shin to‘rtta guruhga bo‘lingan bo‘lib, bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq edi. Butun qo‘shinga Mak Magon qo‘mondonlik qilayotgandi. Napoleon III esa u bilan birga bo‘lsa-da, harbiy operatsiyalarga aralashmadi.

Nemis konfederatsiyasi armiyasi esa 200 ming kishilik qo‘shin bilan Sedan ostonasida edi. Nemislar qo‘shiniga Gelmut Von Moltke bosh qo‘mondon edi. Shuningdek, Prussiya qiroli Vilgelm va uning bosh qo‘mondoni hamda kansleri Otto fon Bismark ham o‘sha yerda edi va ular jangni Sedanning janubi-g‘arbida joylashgan Frenua qishlog‘i yaqinidagi tepalik ustidan kuzatib bordi.

31-avgust kunning ikkinchi yarmida nemislar Sedanni o‘rab ola boshladi. Fransuz generallaridan biri 1-diviziyaning qo‘mondoni Ogyust Aleksandr Dyukrot butun qo‘shinni Sedan shimoliga, Illi tekisligida joylashtirishni maslahat berdi. Bu esa nemislar Sedanni o‘rab olsa, chekinishga imkon berar edi. Ammo prussiyaliklar kuchlari haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan Mak Magon buni qabul qilmadi. Balki qabul qilganida imperator chekinib, Parij mudofaasini tashkil qilishi yoki Prussiya bilan tinchlik bitimiga kelishishi ham mumkin edi.

Jang 1-sentabr sahardan oldin boshlandi. Hujumni bavariyaliklar boshlab berdi. Soat 7:00 da fransuz armiyasi qo‘mondoni Mak Magon yaralandi va bosh qo‘mondonlikdan ketdi. Uning o‘rniga Dyukrot bosh qo‘mondon bo‘ldi va u chekinishga buyruq berdi. Ammo qo‘mondonlik uchun nizo kelib chiqdi va Emmanuel Feliks de Vimpfen qo‘mondonlikka da’vogarlik qildi hamda Dyukrotning buyruqlarini bajarishdan bosh tortdi va ularni bekor qildi. Shu kuni uch soatda fransuz qo‘shiniga uchta bosh qo‘mondon almashdi va ularning har biri o‘z rejasi bilan o‘rtaga chiqdi.

Sedanning har bir burchagida janglar bo‘ldi. Fransuz armiyasining qutulishiga bo‘lgan yagona imkon ham boy berilgan edi. Sedan shimolidagi Mezyerga chekinish yo‘lidagi Illi tekisligi prussiyaliklar tomonidan egallab olindi.

Fransuz qo‘shini Sedan qal’asida qamalib qoldi. Ularni to‘rt tomondan qurshab olishdi. Qo‘shin tartibsizlikka uchradi. Nemislar otda, piyoda, aravalarda to‘plar bilan ularga qarab kelar edi. Butun nemis qo‘shini Sedan markaziga qarab yura boshladi. Shaharning 7-8 joyiga o‘t qo‘yildi. Askarlar berkinish uchun joy talashardi. Bir nechta generallar imperator atrofini o‘rab oldi va shahar ma’muriyati binosiga joylashib oldi. Faqatgina Vimpfen jangni davom ettirayotgan edi.

Qolgan qo‘shin esa nima qilishini bilmay qoldi. Napoleon esa oq bayroq ko‘tarishga buyruq berdi. Feliks For Vimpfenning buyrug‘i bilan uni qayta tushirdi. Ammo imperator turib olganidan so‘ng, bayroq yana qaytadan ko‘tarildi va jang to‘xtadi (Pierre Congar, Jean Lecaillon et Jacques Rousseau, Sedan et le pays sedanais, vingt si?cles d’histoire, ?ditions F.E.R.N., 1969, 577 p., p. 515-516).

Soat 16 :30 da Prussiya qiroli shaharning janubiy darvozasiga elchi yubordi. U esa Sedan ma’muriy binosiga, imperatorning oldiga olib borildi. Eng qizig‘i, imperatorning u yerda ekanini nemislar bilmas edi. Napoleon III esa Prussiya qiroliga xat yozdi: “Qadrli birodarim, qo‘shinlarim orasida o‘lish nasib qilmagani uchun sizga qilichimni topshirishdan boshqa ilojim yo‘q”.

Xat Vilgelmga yetlkazildi va u imperatordan taslim bo‘lish (kapitulyatsiya) haqidagi bitimni imzolashga odam yuborishni so‘radi. General Vimpfen shu kuni kechga nemis bosh shtabiga bordi. Dastlab u kelishuv yo‘lini izladi. Ammo Bismark hech qanday shartlarsiz kapitulyatsiyaga qattiq turib oldi.

Imperatorning Vilgelm bilan uchrashishga bo‘lgan urinishlarini Bismark oldini oldi. 2-sentabr kuni soat 11:30 da ikki davlat generallari Belvyu qasrida fransuz armiyasining taslim bo‘lish haqidagi shartnomasini imzoladi. Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, Vilgelm qasrga yetib keldi. Imperatorning u bilan qilgan 15 daqiqalik uchrashuvi hech narsani o‘zgartirmadi.

Kapitulyatsiya shartlariga ko‘ra, qurol-yarog‘, otlar, bayroqlar g‘oliblar qo‘liga topshirildi va 83 ming fransuz askari asir qilinib Germaniyaga olib ketildi. Imperator Napoleon III esa Kassel shahridagi Vilgelm shoh saroyiga qamab qo‘yildi. Shuningdek, asir olingan armiyaning katta qismi urushning keyingi davrida fransuzlarning o‘ziga qarshi ishlatilishi belgilandi, 550 nafar askar esa nemislarga qarshi urushmaslik sharti bilan ozod qilindi.

Sedan jangining eng muhim natijasi Fransiyada respublika tuzumining qayta tiklanishi bo‘ldi. 4-sentabr kuni parlamentdagi qarshilik va parijliklarning noroziligiga qaramasdan, Leon Gambetta imperatorning taxtdan qulatilganini e’lon qildi. Birozdan keyin esa Parij ma’muriyatida Jyul Ferri va Jyul Favre hamda boshqa deputatlar oldida Gambetta respublika e’lon qildi. Mamlakatda milliy mudofaa hukumati tuzildi hamda unga 11 nafar parijlik deputat kiritildi. Sedandagi mag‘lubiyat Metzdagi qamalga qaramasdan, hukumat mag‘lubiyatni tan olishdan bosh tortdi. Ammo 20-sentabrdan boshlab Parij qamal qilina boshlandi.

Sedan jangi Fransiya va Yevropa tarixida muhim burilish yasagan janglardan biri bo‘ldi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Sababi u tufayli Fransiyada bir tuzum ag‘darilib, ortidan keyinchalik Yevropani boshqaradigan yangi bir tuzum dunyoga keldi.

Sedandagi mag‘lubiyat fransuzlar uchun oyna vazifasini o‘tadi. Fransiya sanoat inqilobini amalga oshirgan bo‘lsa-da, harbiy rahbarlar modernizm g‘oyalarini amaliyotga tatbiq qila olmadi. Ular oldingi g‘alabalardan faxrlanib yurishda davom etdi. Ular nemislarning Avstriya ustidan qozongan g‘alabasidan saboq olmadi. Sedandan oldingi bir nechta kichik muvaffaqiyatlardan foydalana olmadi. Sedandagi mag‘lubiyat tuzumni almashtirish bilan birga, III respublikaga armiyani qaytadan tashkil qilishi, modernizatsiyalash, harbiy xizmatni majburiylashtirish, uning tuzilmalarini bir maromda ishlashini ta’minlash kerakligi kabi bir nechta kamchiliklarni ham ko‘rsatib berdi.

2-sentabr kuni Germaniya imperiyasida Milliy bayram (Sedantag) kuni sifatida 1918-yilgacha nishonlandi. Hozir ham u yerdagi ayrim ko‘chalarning Sedan deb nomlanishi ushbu g‘alabani eslatib turadi. Sedan shahri ikki jahon urushida ham muhim strategik janglar bo‘lib o‘tgan shahar bo‘lib qoldi. Nemislar 1914-yil avgustda va 1940-yil 13-mayda yana Sedanni qamal qildi.

Oxir-oqibatda Fransiya urushda yengildi va Prussiya bilan shartnomaga ko‘ra, bir qator hududlaridan, jumladan, Elzas va Lotaringiyadan ayrildi. Bu esa keyinchalik fransuz revanshizmiga asos soldi. Hatto 2006-yil 22-noyabrda fransuz hamda nemis tillarida faoliyat olib boruvchi ARTE telekanalida 1870-yilgi Fransiya-Prussiya urushi XX asrdagi ikki jahon urushining “onasi” sifatida talqin ham qilindi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-09-2020, 09:55)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 63) ( 0) ( 62) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют