» » So‘xdagi tartibsizliklarda ayblanayotgan olti kishining ismi ma’lum bo‘ldi

So‘xdagi tartibsizliklarda ayblanayotgan olti kishining ismi ma’lum bo‘ldi


O‘zbekiston—Qirg‘iziston chegarasida yuz bergan mojaro yuzasidan 6 nafar so‘xlik qamoqqa olingani xabar berilgan edi. “Gazeta.uz” So‘x tumanidagi tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblanayotgan olti kishining ismini aniqlab, ulardan ikki nafarining oilasi bilan suhbatlashgani haqida maqola e’lon qildi. Quyida maqola to‘lig‘icha havola etildi.

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida may oyidagi mojarolar to‘g‘risidagi jinoyat ishi bo‘yicha olti kishiga Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 214-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bilan ayblovlar qo‘yilgan edi. “Gazeta.uz” ularning ismlarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi: Davlatjon Mallayev, Firdavs Axrorov, Oybek Otashev, Maxsum Ahmedov, Nazirjon Jo‘rayev va Ravshan Mirsharipov. Bosh prokuratura matbuot xizmati tahririyat so‘roviga javoban ushbu ismlarni tasdiqladi. Ikki ayblanuvchining qarindoshlari bilan suhbatlashdik.

Firdavs Axrorov

Ushbu ishda ayblanayotgan Firdavs Axrorovning otasi Mullohusayn Axrorov “Gazeta.uz”ga murojaat qildi. Unga ko‘ra, uning 25 yoshli o‘g‘li mojaroda qatnashmagan va faqat fuqarolarning bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvida ishtirok etgan.

“O‘g‘lim mojaroda qatnashmadi — bu aniq. Ikkinchi kuni, Abdulla Aripov kelganida, u faqat sport maktabini ochishni va pasportim bilan masalani hal qilishni iltimos qildi — men fuqarolikni 1992-yildan beri olishga harakat qilyapman. Abdulla Aripov o‘g‘lim sportning qaysi turi bilan shug‘ullanayotganini so‘radi. U taekvondo deb javob berdi. Keyin bosh vazir o‘g‘limni Yoshlar ittifoqida taekvondoning raisi qilishini aytdi. Yigit xursand bo‘lib, o‘zini qo‘yishga joy topolmadi. Biz kambag‘al oilamiz. Biz hukumat siyosatiga qarshi emasmiz”, — dedi u.

Erkakning ta’kidlashicha, Firdavs Axrorov, boshqa bolalar singari, 22-avgust, shanba kuni birinchi vertolyotda olib ketilgan.

“U ertalabdan kechgacha odamlarning uylarida ta’mirlash bilan shug‘ullanadi, oilamizni va akasining oilasini boqadi. Bizning advokatimiz Firdavsda hech qanday qonunbuzarliklar bo‘lmaganligini aytdi. U faqat videolavhalardan birida yo‘lni kesib o‘tgan va boshqa hech narsa yo‘q, u mojaroda qatnashmagan, faqat bosh vazir bilan uchrashuvda o‘z muammolarini aytgan. Demokratik davlatmiz axir, dono Prezidentimiz bor”, — dedi Mullohusayn Axrorov.

Ayblanuvchining otasi o‘g‘lini ish joyidan So‘x tuman ichki ishlar bo‘limiga chaqirishganini, u yerdan uni vertolyotda olib ketishganini aytdi. Shundan keyin u IIB va Davlat xavfsizlik bo‘limida o‘g‘lining qayerdaligi to‘g‘risida ma’lumot ololmagan. Hokimlik unga Firdavs Axrorovni Farg‘onaga 5?6 kunga olib ketishgani va tez orada qaytarib berishlarini aytishdi.

Erkak pasporti yo‘qligi sababli Farg‘onaga bora olmasligini va uning rafiqasi kasalligini ta’kidladi.

“Hech kim uni olib ketishayotgani haqida bizga ogohlantirmadi. Na Sox tuman IIBda, na Farg‘ona viloyati IIBda. Agar u aybdor bo‘lsa, men uni o‘zim u yerga olib borar edim… O‘g‘limni qaytarib berishsin, u ikki oilani boqadi… U tartibsizlikka aralashgan odam emas. Biror kishi gumon qilinayotgan bo‘lsa ham, uni bunaqa qilib olib ketmasliklari kerak. Bizda demokratik davlat bor”, — dedi u.

Oybek Otashev

Shuningdek, “Gazeta.uz”ga ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortilayotgan 20 yoshli Oybek Otashevning akasi Dadaxon Otashevdan murojaat kelib tushdi.

Unga ko‘ra, 21-avgust kuni soat 08:00 da profilaktika inspektori ularning uyiga kelib, Oybek Otashev “bitta masala bo‘yicha” ichki ishlar bo‘limiga borishi kerakligini aytgan.

“U o‘zi qaytarib olib kelishga va’da berdi. Oybek uzoq vaqt bo‘lmadi, men uning orqasidan viloyat markaziga bordim. So‘x tuman IIBdagilar u haqida hech narsa bilmasligini aytishdi… Kechki soat 18:00 gacha men IIB binosida kutdim, hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, soat 17: 00 da Oybek ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, ular (u va bir nechta bolalar) vertolyot bilan Farg‘onaga olib kelinganini aytgan”, — dedi u.

Dadaxon Otashev ukasi 31-may kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga aholi tomonidan bir necha marta tosh otilgan uchrashuvda bo‘lganligini tasdiqladi.

“Oybek Shuhrat G‘aniyevning Farg‘ona viloyati hokimi ekanligini umuman bilmagan. U bilan uchrashuvda, hokim kimdir o‘ziga tosh otganini aytganda, mening ukam shunchaki jarohatni davolash uchun vazelindan foydalanishni taklif qildi. Bu yaxshi niyatda aytilgan edi. Boshqalar uni noto‘g‘ri tushundilar… Uning o‘zi o‘tgan yili operatsiya qilingan va tez-tez vazelinni yelkasiga ishlatgan. U shunchaki maslahat berdi. Buning uchun uni olib ketishdi, — deydi akasi.

BBC Uzbek xizmati Shuhrat G‘aniyevning aholi bilan uchrashuvidagi so‘zlarini e’lon qildi (video).

Shuhrat G‘aniyev: Agar nomard odam bo‘lganimda, oldingizga shuncha tez kelarmidim?

So‘xliklardan biri: Unda nega tez ketyapsiz?

Shuhrat G‘aniyev: Menga qara, men hech qayerga ketganim yo‘q, men hech qayerga ketmayman. Mening o‘ligim ham, tirigim ham shu yerda. Men Afg‘onda xizmat qilgan odamman. Faqatgina bir nomard mana shu yerimga tosh otdi-da. Meni yaralashni nima keragi bor?

Oybek Otashev: Pistolet bilan otsa, hech narsa emas-a? Yarangizni bitta vazelin bilan tuzatasiz, o‘lgan odamni nima qilib berasiz?

Shuhrat G‘aniyev: Men harbiylarga ham, ichki ishlar xodimlariga ham — hammasiga aytaman. Mana iltimos: qaysi yoshlarimiz bilib-bilmay sho‘xlik qilgan bo‘lsa, shularga tegmaysizlar. Shuning uchun, jon ukalar, jon o‘g‘illarim, men qolay, bir-ikki oqsoqollar qolsin. Bizlarning ishlashimizga xalaqit qilmanglar. Men tirik bo‘lsam, bir qarich yerimniyam, bir paqir suvimniyam berib qo‘ymayman.

Fuqarolardan biri: Siz xalq bilan birga bo‘lishingiz kerak.

Fuqarolardan biri: Birdaniga, koridor muammosini Prezidentga ko‘taring!

Boshqa bir lavhada Oybek Otashevning Shuhrat G‘aniyev oldiga borgani va u bilan nimanidir gaplashgani aks etgan.

Dadaxon Otashevning aytishicha, o‘sha uchrashuvdan keyin ukasi aytganlaridan pushaymon bo‘lgan, chunki u olomon orasidan kimdir aytmaguncha, uning viloyat hokimi ekanligini bilmagan.

“Uyga qaytgach, u viloyat hokimi bilan adashib juda ko‘p gaplashganini aytdi”, — dedi u.

Avvalroq 23 yoshli Davlatjon Mallayev haqida xabar berilgan edi. U 10-avgust kuni huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farona shahar sudining yopiq majlisi sud ajrimida ta’kidlanishicha, ayblanuvchi “ushbu ommaviy tartibsizlikda faol ishtirok etib, turli ashyolar bilan qurollanib, ommaviy tartibsizliklarni oldini olmoqchi bo‘lgan, So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borib, o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan Farg‘ona viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshchilishidagi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ham faol qarshilik ko‘rsatib, ularning o‘z vazifalarini bajarishdan voz kechishga urinib, zo‘rlik ishlatib, ularga va xizmat mashinalariga tosh otib, turli darajada shikast yetkazgan”.

Olti nafar ayblanuvchidan tashqari, gumondor sifatida 22 yoshli Haydarjon Bobohaydarov (videobloger Dadaxon Haydarov, bosh vazir bilan uchrashuvga so‘zga chiqqan) va 28 yoshli Dilmurod Mahbubov gumondor sifatida qo‘lga olingan edi. Ular 2-sentabr kuni ushlab turish uchun yetarli asos bo‘lmagani uchun ozod qilingan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-09-2020, 15:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 75) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют