» » “Deyarli barcha baxtsizlikka mahkum etildi”. 5-sentabr – SSSRda taqiqlangan “Doktor Jivago” romani ilk bor nashrdan chiqqan kun

“Deyarli barcha baxtsizlikka mahkum etildi”. 5-sentabr – SSSRda taqiqlangan “Doktor Jivago” romani ilk bor nashrdan chiqqan kun


Boris Posternakning “Doktor Jivago” romani ancha muhokamalarni keltirib chiqargan, yozuvchining hayotiga sezilarli ta’sir o‘tkazgan, Nobel mukofotini olishiga va undan kechishga ham sabab bo‘lgan asari hisoblanadi. Bugun, 5-sentabr ushbu mashhur roman ilk marta nashr etilgan kun hisoblanadi. “Daryo” sana munosabati bilan dunyoning siyosiy va adabiy manzarasiga ta’sir qilgan asar tarixi haqida so‘z yuritadi.

Pasternak nafaqat rus adabiyotining betakror shoiri bo‘lgan, balki u ijodiy umri davomida nasriy asarlar yaratish yo‘lida ham ancha mehnat qilgan. Urushdan keyingi yillarda u “Doktor Jivago” (1957-yil, Milanda tugallangan) romanini yozib tugatdi hamda unda shaxsiy va ijtimoiy hayot orasida arosatda qolgan Sergey Sikorskiyga qondosh rus ziyolisining obrazini yaratdi. Romanda sovet davri yozuvchilari orasida birinchi bo‘lib inqilob g‘oyasi rad etildi va jamiyatni ijtimoiy jihatdan qayta qurish mumkinligiga shubhalar ochiqlandi. Shunday qilib, asar Pasternakning totalitar tuzum tomonidan tazyiq ostiga olinishiga sabab bo‘ldi.

Pasternak roman g‘oyasini uzoq vaqt davomida o‘ylab yurgan, unga puxta tayyorgarlik ko‘rgan. Asar 1903–1929-yillardagi voqealarni tasvirlab o‘tadi. 1946-yilning fevralida romanning ilk sahifalari qoralana boshlandi. Avgust oyida asarning birinchi bobi tayyor bo‘lgan edi. “Doktor Jivago” “mafkuraviy jihatdan begona” mualliflarga qarshi kurashning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, Pasternak romanni davom ettiraverdi.

Moddiy qiyinchiliklar esa yildan yilga roman tugallanishiga ta’sir qila boshladi. 1948-yilning yozida romanning to‘rtinchi qismi tugallandi. Muallif shu yili asarga “Doktor Jivago” deb nom berdi. Yettinchi bobni tugallash 1952-yilning bahorigacha davom etdi.

1957-yil 5-sentabrda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi “Doktor Jivago” romanini Italiyada rus tilida nashr ettirdi. Qizig‘i, roman qo‘lyozmasi okean ortiga qanday yetib borgani hozirgacha sir bo‘lib qolmoqda. Lekin muallifning bu ishga roziligi bo‘lgani aniqdek. Asar nusxalari bu orada sobiq Sho‘ro hukumatining qo‘liga kelib tushdi. Albatta, romanga qiziqish ortdi, har bir bob o‘rganib chiqilishi kerakligi haqida topshiriq berildi. Shunday qilib, Pasternakning ushbu romani sotsializm mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilgan asar sifatida baholandi.

Roman Sho‘ro tuzimini qattiq tanqidga olgani tufayli Sovet Ittifoqida 1988-yilgacha chop etilmagan. Aynan shu sababdan Markaziy josuslik xizmati (MJX) sho‘rolar aholisiga bu kitobni tarqatishga kirishadi.

Hammasi shundan keyin boshlandi. Pasternakka ijtimoiy hujum boshlandi. 1958 yil 23-oktabr kuni esa u Nobel mukofotini topshirish uchun taklifnoma haqida telegramma oldi. Ushbu asari uchun Nobel mukofotining berilishi Pasternak va hukumat o‘rtasidagi munosabatni yanada keskinlashtirdi. Komsomollar rahbari Semichasniy Moskvadagi yig‘inda “mayli, Boris Pasternak xohlasa Nobel mukofotini borib olsin, lekin vatanimizga qaytishni o‘ylamasin”, degani ko‘rsatiladi manbalarda.

Boris Pasternak albatta bunga rozi bo‘lmadi. Ijodkor o‘z jasoratini namoyon qildi va “Rossiyadan ketish men uchun o‘lim bilan barobar”, deya mukofotdan voz kechdi. Shu voqealardan so‘ng Pasternakka qaratilgan hujumlar birmuncha pasaya boshladi.

Akademik D.S. Lixachev “Doktor Jivago” romani avtobiografik roman ekaniga ishongan. Pasternak o‘zi haqida yozadi. Bosh qahramonning lirik ovozi, uning falsafasi Pasternakning ovozi va e’tiqodidan ajralib turishi turgan gap. Ajablanarlisi shundaki, muallifning haqiqiy hayotiga mos keladigan tashqi faktlar qahramonda deyarli yo‘q. Tadqiqotchi  ushbu romanni “o‘ziga xos avtobiografiya”, “davrning tarjimayi holi” deb tasniflaganida esa biz Pasternakning ruhiy avtobiografiyasini tushunishimiz mumkin.

Asar 17 qismdan iborat. Mutolaa jarayonida romandagi bosh qahramon va muallif beixtiyor o‘z o‘quvchisiga turli sinflarga mansub odamlarning Oktabr to‘ntarishi yillaridagi qiyinchilikda kechgan hayotini tasvirlab bera boshlaydi. Qahramonlardan birining: “inqilob insoniyatning yarmi ustida o‘tkazilgan o‘yin bo‘lib, u boyning ham, qashshoqning ham hayotini bo‘rondek supurib ketdi, deyarli barcha baxtsizlikka mahkum etildi”, degan so‘zlari bevosita turmushning o‘zidan ko‘chirilgandek taassurot uyg‘otadi.

Doktor Jivago – bosh qahramonning ismi. Pasternak ism tanlashda hamisha diqqatli edi. Birinchisi Patrisian Jivult edi. Jivago familiyasi esa ko‘pincha Masihning qiyofasi bilan bog‘liq deb qaraladi. Shuning uchun ham Pasternak Jivago ismiga to‘xtalgan deb tahlil qilinadi.

Doktor Jivago 1903-yilda onasidan ayrilib, amakisi qaramog‘ida qoladi. U o‘qiydi, ulg‘ayadi va bolaligidan beri tanish bo‘lgan qizga uylanadi, sevimli ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Va she’riyatga qiziqishi uyg‘onadi – she’r yoza boshlaydi. Va to‘satdan  odatiy hayotida o‘zgarishlar sodir bo‘ladi...

Doktor Jivagoga jamiyatda sodir bo‘layotgan ko‘p narsalar bora-bora bema’ni va keraksiz bo‘lib ko‘rinadi. U hokimiyatning bolsheviklarga qanday o‘tishiga guvoh bo‘ladi. Dastlab, uning fikriga ko‘ra, inqilob – “ajoyib jarrohlik” bo‘lib, u hayotni ifodalar edi. Ammo qahramonda bariga nisbatan ishonchsizlik kuchaya boradi. U ochiq norozilik bildirmaydi, lekin shartsiz yangi hukumatni qabul ham qila olmaydi. Asardagi aynan shu narsa muallifning hayotiga tahdid soladi.

Roman, bir so‘z bilan aytganda, qahramonlarning inqilobga bo‘lgan munosabati, mamlakat tarixidagi muhim voqealarning esa ularning taqdiriga ta’siri haqida hikoya qiladi.

“Doktor Jivago” romani dunyo bo‘ylab million nusxalarda sotildi va 1965-yilda shu nomdagi badiiy film Oskar mukofotiga munosib topildi. Biroq Sovet Ittifoqida faqat Mixail Gorbachyov boshlagan “Perestroyka” islohotlari davrida 1988-yili chop etilgan edi. Shuni ham aytish kerakki, “Doktor Jivago” romani nashrdan chiqqanidan uch yil o‘tmay SSSR parchalanib ketdi.

Qahramon doktor Jivago insonni o‘limdan saqlab qoluvchi, ezgulik uchun kurashuvchi inson sifatida namoyon bo‘ladi. Romanda kurashishga tayyor har qanday inson harakati qon to‘kilishiga olib keladigan har qanday inqilobdan ustun ekani tasvirlanadi. Oktyabr inqilobiga yillar o‘tgan bo‘lsa-da, asarni o‘qigach tag‘in insoniyat kechib o‘tgan yana bir mash‘um o‘tmishga duch kelamiz, tarixdan esa to‘g‘ri xulosa chiqarish darsini olamiz.

Zulxumor Orifjonova tayyorladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-09-2020, 23:55)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 103) ( 0) ( 103) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют