» » “Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma bersang, seni o‘yindan chiqarib yuboramiz, deyishdi”. 21 yoshli tadbirkor sudidan reportaj

“Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma bersang, seni o‘yindan chiqarib yuboramiz, deyishdi”. 21 yoshli tadbirkor sudidan reportaj


7-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi “Qo‘shyog‘och oltin fayzli baliqlari” MChJ rahbari Javohir Zokirjonovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Tuman sudi raisi Jahongir Saidov boshchiligida o‘tkazilgan sud jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham guvoh sifatida ishtirok etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

“Qamoqda ushlab turishlariga hech qanday asos yo‘q”

Sud jarayoni boshlanishidan avval sudlanuvchi Javohir Zokirjonovning onasi Nodira Qo‘ziyeva OAV vakillariga intervyu berdi. Uning ta’kidlashicha, Qo‘ziyeva besh nafar o‘g‘li bilan 2014-yili tadbirkorlikka qo‘l uradi. Dastlab o‘zi yashaydigan “Qo‘sh yog‘och” mahallasida oziq-ovqat do‘konini qurib, ishga tushiradi. Shundan so‘ng tijorat banklaridan kredit olib, faoliyatini kengaytirishga kirishadi. Yillar davomida aholi ehtiyoji va talabidan kelib chiqib, o‘quv markazi, mahalla guzari, ovqatlanish shoxobchasini bunyod etadi. Asta-sekin ishi rivojlangach, “Qo‘sh yog‘och” MFY va mahalla inspektori uchun alohida xizmat xonasi hamda xotira maydonini barpo qiladi.

“Men hamisha Prezidentimizning biz tadbirkorlarga qilgan murojaatini qo‘llab-quvvatlaganman, labbay, deya amaldagi ishlarim bilan javob berishga intilganman. Baliqchilik tarmog‘i taraqqiyotiga qaratilgan e’tibor tufayli mazkur sohada ham ish boshlashga qaror qildik. 2017-yilning dekabr oyida beshinchi farzandim Javohir nomiga “Qo‘shyog‘och oltin fayzli baliqlari” MChJni tashkil etdik. O‘sha paytda tuman hokimligi tomonidan bizga yer ajratishda byurokratik to‘siqlar bo‘lgani uchun deputat Rasul Kusherbayevdan saylovchi sifatida yordam so‘raganman. Rasul bizning mahalla odami, unga har qanaqa masalani yechishda ko‘maklashishini so‘rashga haqlimiz. U har doim “Kelishmovchilik, tushunmovchiliklar bo‘lsa, aytaveringlar, men tayyorman”, deydi. Uning aralashuvi bilan o‘g‘limning tadbirkorligi uchun yer berildi.

O‘tgan yili bankdan 30 million so‘m kredit olib, baliqchilikni endi boshlash arafasida turganimizda, hokimlik, departament va prokuratura xodimlari kelishib, qishloq tipidagi to‘yxona qurishga mo‘ljallangan yer maydonim va boshqa qurilish ishlarini to‘xtatishimni aytishdi. Men og‘zaki emas, yozma tarzda murojaat qilishlarini bildirdim. Ular bolalarimning bolaligidan foydalanib, tosh, shag‘al sotishda ayblashdi va bo‘yniga katta miqdorda qarz ilishdi. Tekshiruvni ham bizga bilintirmay o‘tkazishdi. Aslida tosh-u shag‘alni ekologiya, hokimiyat odamlari sotib yuborishgan. Farzandimga esa tuhmat uyushtirishdi. Shu yilning 4-fevral kuni o‘g‘limga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki kundan so‘ng qamoqqa olishdi. Hammasi birdaniga, kutilmaganda amalga oshirildi. Bir yildirki, adolat izlab prokuratura, hokimlik vakillari bilan kurashib kelyapman.

Tergovchi Jamolsher Rustamov bilan gaplashganimda u “Meni qarg‘amang, xola, onam sizdan yosh. Men tepadan kelgan buyruqni bajaryapman, xolos”, degan. Uch oy Bosh prokuratura eshigi oldida kunim o‘tdi. Javohirni yetti oydan buyon qamoqda ushlab turishlariga hech qanaqa asos yo‘q. Buni har safar sud jarayonida aytyapman. Ammo inobatga olishmayapti.

Biz kecha yoki bugun ish boshlagan, panadagi oilaviy tadbirkor emasmiz. Farzandlarimning barchasi o‘g‘il, boshqa mamlakatlarga chiqib ketmasin, turli tizimlarga qo‘shilmasin, deya ularning faoliyatini boshqarib kelaman. Doim beshala o‘g‘lim bilan bir yoqadan bosh chiqarib, ish yuritardik. Meni davlatdan katta miqdorda kredit qarzim bor. Ularni qanday to‘layman? Hozir ichimda nima kechayotganini faqat o‘zim bilaman”, — dedi Nodira Qo‘ziyeva.

21 yoshli tadbirkor qanday jinoyatda ayblanmoqda?

Tergov organi ayblov xulosasiga ko‘ra, Zokirjonov “Qo‘shyog‘och oltin fayzli baliqlari” MCHJ rahbari va mansabdor shaxs sifatida mazkur jamiyat tashkil qilingan kundan to qamoqqa olingunga qadar (2020 yil 6 fevral) tug‘ishgan akasi Bekzod Qo‘ziyev bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh shaxs bo‘lib, o‘z mansab-mavqeyini suiiste’mol qiladi.

Ular hukumat va Prezident tomonidan qabul qilingan bir qancha hujjatlardagi taqiq hamda talablarni zid ravishda buzadi. Yangiyo‘l tumani hokimi qarori bilan “Qo‘shyog‘och oltin fayzli baliqlari” MChJga baliq boqish uchun sun’iy hovuz qurilishini loyihalashtirish maqsadida ajratilgan 11,8 gektar yer maydonining 4,0 qismidan 2019-yilning iyun-sentabr oylarida 57 ming 218 metr kub hajmdagi qum-shag‘al aralashmalarini ish haqi va boshqa maqsadlarda hisob-kitob qilish uchun hududdan olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘yadi. Shu bois ular o‘ziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing 600 million 789 ming 105 so‘mlik mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilishda ayblanmoqda. Ayblanuvchining himoyachisi “Simay kom” advokatlik firmasi advokati Umidbek Davlatov “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, Zokirjonov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3 qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, qamoqda saqlanmoqda. Advokat ushbu jinoyat ishi doirasida bir qancha protsessual tartiblar buzilgani, sudlanuvchining aybdorligini isbotlash uchun yetarli dalil mavjud emasligini e'tirof etib, oqlov himoya pozitsiyasida ekanini bildirdi.

“Oramizda ulush, pul berish holatlari yo‘q”

Sud zalida advokat Umid Davlatov o‘z himoyasi ostidagi ayblanuvchi Javohir Zokirjonovga bir qancha savollar bilan yuzlandi.

21 yoshli tadbirkor esa “Jamolsher ismli prokuror dastlabki tergov jarayonida meni so‘roq qilganida “‘Tanka’ng kim, buncha ishni bir o‘zing qilolmaysan. Agar akang yoki o‘zing ‘tanka’ng Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma bersang, seni ‘o‘yin’dan chiqarib yuboramiz. Bo‘lmasa, yoshsan, bekordan bekor qamalib ketasan. Davlat mulkini talon-toroj qilish uning (Rasul Kusherbayev) ishi, sening nomingga joy berilgan, barcha ishni u qilgan. Shunday ko‘rinishda yozib bersang, bo‘ldi”, dedi. Ammo men uning gaplarini rad etdim.

Tadbirkorlik faoliyatimga Rasul akaning sira aloqasi yo‘q, ammo yordami bor. Faoliyatimizga to‘siqlar bo‘lganida undan yordam so‘raganmiz va u vakolatidan kelib chiqib yordam bergan. Lekin oramizda ulush, pul berish holatlari yo‘q”, deya javob berdi.

“Har bir saylovchim uchun turib berishga tayyorman”

Shundan so‘ng Rasul Kusherbayev advokat Davlatovning “Hurmatli guvoh, hozir sudlanuvchining fikrlarini eshitdingiz. Dastlabki tergov davrida aslida hujjat bo‘yicha direktor yoki faoliyat yurituvchi shaxs bular (J.Zokirjonov) bo‘lgani bilan norasmiy rahbar sifatida sizga ko‘rsatma berish bo‘yicha harakatlar bo‘lgan ekan. Bu holatga siz nima deysiz? Haqiqatan, ‘Qo‘shyog‘och oltin fayzli baliqlari’ MChJga sizning aloqangiz bormi?”, degan savoliga quyidagicha javob berdi:

“Menga butun respublikadan ko‘plab tadbirkorlar turli masalalarda murojaat qilishadi. Bular (J.Zokirjonov oilasi – tahr.) men yashaydigan mahallada yashashadi, akalarining ham mahallaga ko‘p foydasi teggani uchun tadbirkor sifatida taniyman. Kim nima masalada yordam so‘rab kelgan bo‘lsa, men yordam berganman. Agar kimgadir qandaydir darajada ishining bitishiga yordam berishimni kimdir noto‘g‘ri tushunib, buni shaxsiy, o‘z ulushi bor, deb gapirgan bo‘lsa, bu o‘sha odamlarning fikri buzuqligidandir.

Bu bolaning akalari baliqchilik xo‘jaligini olish vaqtida hujjatlari bitmayotgani bois murojaat qilgan. O‘sha vaqtda men hokimiyatga chiqib, ‘Hamma hujjatlari bo‘lsa, nega imzo qo‘yib bermayapsizlar?’, degan masalani qo‘yib, yechimini qilib berganman. Shundan keyin har qanday huquqiy maslahat kerak bo‘lsa, maslahat berib, qo‘llab-quvvatlab kelganman. Lekin qo‘llab-quvvatlash, degani u meniki, degani emas. Agar unday bo‘ladigan bo‘lsa, butun respublika bo‘ylab qancha odamga yordam bergan bo‘lsam, hammasining joyi meniki bo‘lib chiqishi kerak. Bu umuman noto‘g‘ri qarash va noto‘g‘ri ish. Bu haqda eshitganimda juda qattiq asabiylashdim.

Men deputatlik vakolatimdan kelib chiqib yordam berganman. Agar bular noqonuniy ish qilgan bo‘lsa, jarayon davomida to‘liq, qonuniy ravishda ko‘rib chiqilishi kerak. Qonunlar ishlasin. Bular mening saylov okrugimdagi saylovchilarim. Har bir saylovchim uchun shunday turib berishim mumkin. Agar har biri uchun sudga kelib, javob berish kerak bo‘lsa, men tayyorman.

Bularning jinoyat ishi ochilishi bilan parallel ravishda o‘zim yordam bergan boshqa tadbirkorlardan ham menga murojaat bo‘lgan. Ularda ham har xil yo‘llar orqali xuddi shunday holat kuzatilgan ekan. Afsuski, ular ham mening faoliyatim bilan bog‘liq bo‘lib chiqqan. Bundan tashqari, otamizdan qolgan yer bilan ham bog‘liq muammolar kelib chiqdi. Bularning hammasi, negadir, bir vaqtda sodir bo‘ldi”, dedi Kusherbayev.

Deputat sudyadan nimani iltimos qildi?

Guvoh Rasul Kusherbayev o‘z advokati Amurillo Axmedovning ham qator savollariga javob qaytardi.

“Tergov jarayonida qatnashishim uchun tergovchi tomonidan chaqiruv qog‘ozi kelmagan. Zokirjonov ishi bo‘yicha janjal ko‘tarilgan vaqtda bu masala bo‘yicha bosh prokuror Nig‘matilla To‘lqinovichning qabuliga kirganman. Ularga ham ‘delo’larni taqdim qilganman. ‘Davlat ulushi yo‘q bo‘lsa, bu ish qanaqasiga qo‘zg‘atilgan? 167-moddani bunga qo‘llab bo‘lmaydi aslida’, deya menga o‘z fikrlarini bildirgan. Tergov davomida men bilan bog‘liq yana qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishdi. Yakunda o‘zlari bayonot berdi. Lekin hozir sezishimcha, bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Buning tagiga sudya yetadi, degan umiddaman.

Shu o‘rinda sudyaga bir qancha savollarim bor. 3-4 kun oldin Zokirjonov ishiga oid hujjatlarni qayta o‘rganib chiqdim. Meni bir narsa qiziqtiryapti, ya’ni jinoyat ishida shag‘al olib chiqib ketish, degan masala bo‘lyapti. Bunday holatda olib chiqib ketganlarning barchasiga nisbatan javobgarlik masalasi qo‘yilishi kerak emasmi? Hokimiyat vakillari va yana boshqa kimlardir ham olib chiqib ketibdi. Nima uchun bir nafar odam javobgar bo‘lib qolyapti yoki ularniki jinoyat emasmi? Zarar haqida gap ketyapti, ammo nima uchun hamma birdan javob bermayapti? Shu savollar negadir menda shubha uyg‘otyapti. Shaffoflik asosida barchaga teng qaralishini iltimos qilib qolardim”, dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Sud majlisida Rasul Kusherbayevdan tashqari Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Bekobod tumani bo‘limi (jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan davrda departamentning Yangiyo‘l tumani bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan - tahr.) xodimi Iftixor Sultonov, Yangiyo‘l tumani prokurori katta yordamchisi Jamolsher Rustamov hamda xususiy tadbirkor Aziz Yo‘ldoshevlar ham guvoh sifatida ko‘rsatma berdi.

Iftixor Sultonov va Jamolsher Rustamov deputat Rasul Kusherbayevga nisbatan ko‘rsatma talab qilinganini inkor etib, jinoyat ishi amaldagi qonunchilikka muvofiq yuritilganini ta’kidlashdi.

Sud joriy yilning 9-sentabr kuniga qadar tanaffus e’lon qildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-09-2020, 22:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 124) ( 0) ( 123) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют